Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Muammolar yechimini Qur’ondan izlang

23.01.2017   14225   4 min.
Muammolar yechimini Qur’ondan izlang

Biz ko‘pincha hayotimizda ro‘y beradigan voqe’a-hodisalardan norozi bo‘lamiz. Shunda o‘zimizga-o‘zimiz: nega menga bu musibat yetdi? Nega boshqalarga emas, aynan menga sinovlar ko‘p bo‘layapti? Bu qiyinchiliklarni nihoyasi bormi o‘zi? Va hokazo shu kabi savollar bera boshlaymiz. Albatta, mo‘min kishi yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga imon keltiradi. Biroq shunday bo‘lsada, ayrim kishilar orasida shu kabi savollar hali-hanuz uchrab turgani tez-tez quloqqa chalinadi. Shu kabi savollarga Allohning kalomidagi oyatlardan javob topishga urinamiz. Shoyadki, ayrim insonlar Kalomullohdan keltirilgan javoblarni o‘qib, qalblari taskin topsa.

 

  1. Savol: Nega Alloh taolo meni bu kabi musibatlar bilan sinayapti?

Javob:“Odamlar:“Imon keltirdik”,–deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida qoldiriladilar, deb o‘yladilarmi?! Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku!..”(Ankabut 2-3).

“...Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz...” (Anbiyo, 35).

 

  1. Savol: Nega men o‘zim xohlagan barcha narsalarga erisha olmayapman?

Javob: “...Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar” (Baqara, 216).

 

  1. Savol: Nega kuchim yetmaydigan yumush meni yelkamga tushdi?

Javob: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”(Baqara, 286).

“Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir(Sharh, 5-6).

 

  1. Savol: O‘zimga ishonchim yo‘qolib bormoqda, nima qilsam bo‘ladi?

Javob: Agar (chin) mo‘min bo‘lsangiz, o‘zingiz oliy (darajada) bo‘la turib, (ba’zi mag‘lubiyatlaringiz sababli) sustlashmangiz ham, g‘amgin ham bo‘lmangiz(Oli Imron, 139).

 

  1. Savol: Sabr-bardoshim borgan sari tugab bormoqda, nima qilsam bo‘ladi?

Javob: “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” (Oli Imron, 200).

(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz. Darhaqiqat, u (namoz) og‘ir ishdir. Illo, itoatli (xokisor) kishilarga (og‘ir) emas” (Baqara, 45).

 

  1. Savol: Ochig‘i, qiynalib ketdim, kimdan yordam so‘rab, kimga suyanishni ham bilmay qoldim?

Javob: ...Menga Alloh kifoyadir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Unga tavakkul qildim. U buyuk Arshning parvardigoridir!”(Tavba, 129).

 

  1. Savol: Men bu musibatlarga, qiyinchiliklarga ortiq bardosh berolmayman, men uchun ham yaxshi kunlar bormi o‘zi?

Javob: “...Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofirlar qavmigina noumid bo‘lur” (Yusuf, 87).

(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir”(Zumar, 53).

 

  1. Savol: Hayotimda meni quvontiradigan biror bir narsa yo‘q, nimadan xursand bo‘lay, axir?

Javob: “Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus, 58).

Ushbu oyatda Allohning ikki ulug‘ ne’mati zikr qilinayotir. Biri – fazlu karami, ya’ni Islom dini. Ikkinchisi – rahmati, ya’ni Qur’oni karim. Hadisi sharifda aytiladiki, kimga Alloh taolo Islom dini va Qur’on ilmini nasib etgan bo‘lsa-yu, u kambag‘alman deb nolisa, Alloh to qiyomat kunigacha uning ikki ko‘zi o‘rtasiga (peshonasiga) faqirlik tamg‘asini bosib qo‘yar. Ibn Abbos (roziyallohu anhu), Hasan Basriy va Qatoda (rohimahumulloh)lar oyatdagi “Allohning fazli” – islom. “Uning rahmati” – Qur’on, deb tafsir qilganlar. Abu Said al-Xudriy (roziyallohu anhu) esa, Allohning fazli – Qur’on, Uning rahmati – Qur’onga ahl bo‘lishdir, degan. Bundan boshqacha tafsirlar ham mavjud.

 

  1. Savol: Alloh taolo menga ham yaxshi kunlarni nasib qilarmikan?

Javob: “...Albatta, Alloh odamlarga nisbatan mehribon va rahmlidir”( Baqara, 143).

 

Internet ma’lumotlari asosida

Ilhom MA’RUPOV

tayyorladi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   110953   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari