O‘zbekiston haj delegatsiyasi 20 yanvar kuni Makka shahrida Haj vazirligining Sharqiy Yevropa va Turkiya hojilariga xizmat ko‘rsatuvchi muassasada uchrashuv o‘tkazdi. Muassasa rahbari Toriq al-Inqaviy va muassasa mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan muzokara chog‘ida, 2017 yilgi haj mavsumini namunali tarzda o‘tkazish bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik ziyoratchilarning haj manosiklarini namunali bajarishi, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylaridagi tashkiliy masalalar muhokama etildi. Muassasa rahbari Toriq al-Inqaviy, o‘tgan haj mavsumlarida O‘zbekiston ishchi guruhining haj tadbirlarini muntazam tartibli va namunali tarzda tashkil etib kelayotganini ta’kidlab, ishchi guruh faoliyatiga yuqori baho berdi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning 7200 kishilik yangi haj kvotasi doirasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bayonnoma imzolandi.
Shu kuni delegatsiya, hojilarimizga xizmat qilib kelayotgan oshxona majmuasining bugungi holati bilan tanishdi. Oshxona majmuasi, turli taomlar tayyorlanadigan maxsus xonalar, taom tayyorlash yangi uskunalar bilan jihozlangani, hamda go‘sht va boshqa mahsulotlarni saqlash uchun olingan yangi muzlatgichlar va oshpazlar xordiq chiqarishi uchun yaratilgan yangi sharoitlar bilan tanishdi. Delegatsiya rahbari oshxona mas’ullariga kelayotgan haj mavsumida hojilarimizga beriladigan taomlarning sifatini yanada yaxshilash va o‘z vaqtida yetkazish, tozalik va sanitariya qoidalariga rioya qilish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar berdi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
axborot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati