Qadim zamonda o‘qish va yozishni yomon ko‘radigan bir bola bo‘lgan ekan. U turli bahonalar bilan maktabga bormas, borganda ham berilgan vazifalarni bajarmay, faqat yomon baho olar ekan. Ota-onasining tanbehlariga quloq solmay, "Men katta bo‘lsam, cho‘pon bo‘laman, qo‘y boqish uchun o‘qish kerak emas", der ekan.
Bir kuni uylari yaqinidagi o‘tloqdan qo‘ziqorin terib kelish uchun chiqibdi. Qo‘ziqorinlarni terib yurib, uylaridan ancha uzoqlab ketibdi. Yurib-yurib uncha chuqur bo‘lmagan bir daryo sohiliga kelibdi. Narigi sohildan ham qo‘ziqorin termoqchi bo‘lib ko‘prik qidiribdi. Yaqin atrofdagi ko‘prik oldiga borib qarasa, uning chetidagi taxtachaga nimadir yozib qo‘yilgan ekan. Bola yozuvni o‘qiy olmabdi va to‘g‘ri narigi sohilga qarab yuribdi. Ko‘prikning o‘rtasiga kelganda u sinib, bola suvga tushib ketibdi. Ovozining boricha yordamga chaqiribdi. Shu orada qo‘ylarini o‘tlatib yurgan bir cho‘pon kaltagini uzatib, bolani suvdan chiqarib olib: "Nega bu ko‘prikdan o‘tding?! Ko‘prik ustidagi "Bu ko‘prikdan yurmang, nariroqda yangi ko‘prik bor", degan yozuvni ko‘rmadingmi?" deb so‘rabdi. Bola unga javoban: "Ko‘rdim, lekin o‘qiy olmadim, chunki men o‘qishni bilmayman", debdi. Shunda cho‘pon unga: "E bolam, hatto qo‘y boqish uchun ham o‘qish kerak", debdi.
Faraz qiling, agar cho‘pon o‘qishni bilmaganida o‘zini ham, qo‘ylarini ham halok qilgan bo‘lar edi.
Akbarshoh Rasulov
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV