Qadim zamonda o‘qish va yozishni yomon ko‘radigan bir bola bo‘lgan ekan. U turli bahonalar bilan maktabga bormas, borganda ham berilgan vazifalarni bajarmay, faqat yomon baho olar ekan. Ota-onasining tanbehlariga quloq solmay, "Men katta bo‘lsam, cho‘pon bo‘laman, qo‘y boqish uchun o‘qish kerak emas", der ekan.
Bir kuni uylari yaqinidagi o‘tloqdan qo‘ziqorin terib kelish uchun chiqibdi. Qo‘ziqorinlarni terib yurib, uylaridan ancha uzoqlab ketibdi. Yurib-yurib uncha chuqur bo‘lmagan bir daryo sohiliga kelibdi. Narigi sohildan ham qo‘ziqorin termoqchi bo‘lib ko‘prik qidiribdi. Yaqin atrofdagi ko‘prik oldiga borib qarasa, uning chetidagi taxtachaga nimadir yozib qo‘yilgan ekan. Bola yozuvni o‘qiy olmabdi va to‘g‘ri narigi sohilga qarab yuribdi. Ko‘prikning o‘rtasiga kelganda u sinib, bola suvga tushib ketibdi. Ovozining boricha yordamga chaqiribdi. Shu orada qo‘ylarini o‘tlatib yurgan bir cho‘pon kaltagini uzatib, bolani suvdan chiqarib olib: "Nega bu ko‘prikdan o‘tding?! Ko‘prik ustidagi "Bu ko‘prikdan yurmang, nariroqda yangi ko‘prik bor", degan yozuvni ko‘rmadingmi?" deb so‘rabdi. Bola unga javoban: "Ko‘rdim, lekin o‘qiy olmadim, chunki men o‘qishni bilmayman", debdi. Shunda cho‘pon unga: "E bolam, hatto qo‘y boqish uchun ham o‘qish kerak", debdi.
Faraz qiling, agar cho‘pon o‘qishni bilmaganida o‘zini ham, qo‘ylarini ham halok qilgan bo‘lar edi.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kelinlikka nomzod shaxsning ham o‘ziga yarasha huquqlari va odoblari mavjud.
1. Kelinlikka nomzod shaxs o‘zini xushro‘y ko‘rsatish uchun ziynatlanishga haqli.
Ulamolarimiz bunga misol qilib, Subayha binti Horis roziyallohu anhoning hadisini keltirishadi. Unda «Qachonki nifosdan poklanganda, sovchilar uchun ziynatlandi» degan jumla bor. Boshqa bir rivoyatda: «...surma surtib, xino qo‘yib tayyorlandi», deyilgan.
2. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzodni ko‘rishga haqli.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Mug‘iyra roziyallohu anhuning hadisidagi: «Unga nazar sol, chunki bunday qilish ikkingiz orangizda bardavomlikka kerakdir», deganlari kelinlikka nomzodga ham tegishli.
3. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzod bilan suhbatlashishga haqli. Bu – tabiiy holat. Ko‘rishgandan keyin, oila qurish niyati bo‘lgandan keyin, o‘rtada suhbat bo‘lishi turgan gap.
4. Kelinlikka nomzod shaxs muayyan erkakni yoqtirish va unga nikohlanish istagini bildirishga haqli.
قَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ وَلَدَتْ سُبَيْعَةُ الْأَسْلَمِيَّةُ بَعْدَ وَفَاةِ زَوْجِهَا بِنِصْفِ شَهْرٍ، فَخَطَبَهَا رَجُلَانِ أَحَدُهُمَا شَابٌّ وَالْآخَرُ كَهْلٌ، فَحَطَّتْ إِلَى الشَّابِّ، فَقَالَ الشَّيْخُ: لَمْ تَحِلِّي بَعْدُ، وَكَانَ أَهْلُهَا غَيَبًا وَرَجَا إِذَا جَاءَ أَهْلُهَا أَنْ يُؤْثِرُوهُ بِهَا، فَجَاءَتْ رَسُولَ اللهِ r، فَقَالَ: قَدْ حَلَلْتِ فَانْكِحِي مَنْ شِئْتِ. رَوَاهُ مَالِكٌ.
«Ummu Salama aytadilar:
«Subayha Aslamiya erining vafotidan yarim oy o‘tib tug‘di. Unga ikki kishi sovchi qo‘ydi. Ulardan biri yosh, boshqasi qari edi. U yoshiga moyil bo‘ldi. Chol: «Hali halol bo‘lganing yo‘q», – dedi. Ayolning ahli g‘oyib edi. Chol ayolning ahli kelganda uni o‘ziga berishlaridan umidvor bo‘ldi. Ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordi. Bas, u zot: «Sen halol bo‘lding. Kimni istasang, o‘shanga nikohlan», dedilar» (Molik rivoyat qilgan).
Ikki taraf rioya qilishi lozim narsalar
Kelinlik va kuyovlikka nomzodlar nikohdan oldingi uchrashuv va boshqa munosabatlarda rioya qilishlari lozim bo‘lgan narsalar quyidagilardan iborat:
1. Ikkovlari bir-birlariga nomahram ekanliklarini unutmasliklari zarur.
Chunki asli mahram bo‘lmagan ikki jinsdagi shaxsning nikohdan boshqa narsa mahram qila olmaydi, jumladan, sovchilik qilish va unashtirish ham.
2. Ikkovlari uchrashmoqchi bo‘lsalar, faqat mahramlarining ishtirokida uchrashishlari shart.
3. Ikkovlari uchrashganda qo‘l berib ko‘rishishlari mutlaqo mumkin emas.
4. Nikohdan oldin ikkovlari xoli qolishlari mutlaqo mumkin emas.
"Baxtiyor oila" kitobidan