O‘zbekiston Respublikasi Haj delegatsiyasi bugun 18 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘nab ketdi. Ushbu safar 7 kun davom etadi.
Saudiya Arabistoni Haj ishlari vaziri Solih Bantin taklifiga asosan, «Haj–2017» mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov – delegatsiya rahbari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligidagi delegatsiya bugun Jidda shahriga yetib boradi.
Shuningdek, ularga O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi Jaloliddin Nuriddinov va Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Hamidbek Hasanov hamrohlik qilishmoqda.
Safar davomida O‘zbekiston Haj delegatsiyasi va Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida «Haj–2017» mavsumining tashkiliy ishlari o‘zaro ko‘rib chiqiladi. Shu maqsadda Makkai mukarrama, Madinai munavvara va Jidda shaharlarida joriy yil haj mavsumida o‘zbekistonlik hojilarga xizmat qiluvchi idoralar va muassasalar rahbarlari bilan kelishib olinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati