رَوَى عَبْدُ اللَّهِ بْنُ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ " يأتي في آخر الزمان أناس من أمتي يأتون المساجد يقعدون فيها حلقاً ذكرهم الدنيا وحب الدنيا لا تجالسوهم ، فليس لله بهم حاجة " .
Abdulloh ibn Masud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oxir zamonda shunday ummatimdan bo‘lgan bir qavm keladiki, masjidlarda xalqa qilib o‘tirishadi. Dunyo so‘zlarini gapiradilar, chunki ular dunyoni yaxshi ko‘radilar. Ular bilan o‘tirmanglar! Chunki Alloh ulardan behojatdir” dedilar.
عن ابن عباس قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- :« الكلام في المسجد يأكل الحسنات كما تأكل النار الحطب ».
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Masjidda gapirilgan dunyoviy gap (qadam bosib kelgan) savob amallarini barchasini yeydi, olov o‘tinni yegani kabi” dedilar.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « إِنَّ لِلْمُنَافِقِينَ عَلاَمَاتٍ يُعْرَفُونَ بِهَا تَحِيَّتُهُمْ لَعْنَةٌ وَطَعَامُهُمْ نُهْبَةٌ وَغَنِيمَتُهُمْ غُلُولٌ وَلاَ يَقْرَبُونَ الْمَسَاجِدَ إِلاَّ هَجْراً وَلاَ يَأْتُونَ الصَّلاَةَ إِلاَّ دَبْراً مُسْتَكْبِرِينَ لاَ يَأْلَفُونَ وَلاَ يُؤْلَفُونَ خُشُبٌ بِاللَّيْلِ صُخُبٌ بِالنَّهَارِ ».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarning bir nechta belgilari borki o‘shalar bilan taniladilar: salomlari la’natga xos, taomlari birovni norozi qilib tortib olingan, to‘dalab qo‘ygan g‘animatlari haromdan, masjidga kelsalarda faqat bir namozxonni g‘iybat qilish uchun yoki masjidagilarni so‘kish uchun va behayo so‘zlarni aytishlik uchun keladilar. Namozni kechiktirib kibrlanib o‘qiydilar. Ularning do‘sti ham yo‘q, birov bilan do‘stlashmaydilar ham. Xuftonda taxtaday qotib uxlab qoladilar, bomdodda esa baqir-chaqir qilib bahslashib turadilar” dedilar.
عن ابن مسعود قال: قال رسول اللّه صلى الله عليه وسلم: " قال الله عز وجل في بعض الكتب: إن بيوتي في أرضي المساجد وإن زواري فيها عمارها فطوبى لعبد تطهر في بيته ثم زارني في بيتي فحق على المزور أن يكرم زائره "
Abdulloh ibn Masud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ba’zi (nozil qilgan) kitoblarida shunday so‘zlarni dedi: “Masjidlar yerdagi mening uylarimdir. Undagi meni ziyoratchilarim esa, masjidga 5 vaqt namoz uchun keluvchilaridir. Baxt bo‘lsin shunday bandagaki, uyidan chiroyli xushbo‘ylanib chiqadi-da, mening uyimga Meni ziyorat qilish uchun keladi. Endi mezbonning bo‘ynidagi haq shuki, o‘z mehmonini ikrom qilishligidir”
Mavlono Jaloliddin Rumiy deydilar:
Agar Xoja shavad az banda roziy,
Ba u yor hast istiqboli moziy.
Shavad ay banda gar mavlo baozor,
Hamma dar har du olam az tu bezor.
Agar Hudo bandadan rozi bo‘lsa,
Kelajakda unga do‘st bo‘lgay.
Gar Hudo bandadan bo‘lsa norozi,
Ikki olamda hamma sendan bezor.
Alloh taolo bizlarni masjidga savob umidida borib gunohlar orttirib qaytishimizdan o‘zi asrasin.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Qilichmozor qishlog‘ida Qutayba ibn Muslim (r.a.) nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh va maqbara bor. Tarixchi Muhammad Narshahiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Farg‘ona (vodiy)da mashhur bo‘lib, “Raboti saroxang” degan joyda “Kox” deb ataladigan (hozirgi Qilichmozor) bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar” deb yozilgan.
Turli tarixiy manbaalarda keltirilgan rivoyatlarga ko‘ra, butun Movarounnahrni bo‘yinsudirgan Qutayba ibn Muslim (r.a.) Farg‘onaning Raboti Sarhang degan joyida otashparast shohlardan Ku Lunj askarlari zarbasiga dosh bera olmay to‘xtab qoladi. Mustahkam qo‘rg‘onni qamal qilib ham dushmanni yenga olmaydi. Islom sarkardasi tunu kun ibodat qilib, namozlarida Allohdan sinoat ko‘rsatishini so‘rab duo qiladi. Yaratganning qudrati ila mo‘jiza yuz beradi. Otashparastlar shoxining qizi malika Sultonbegim qalbini ochadi. Qiz tushida ko‘rgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan oqsoqolning da’vati ila imon keltiradi. Muslima Sultonbegim iymon keltirar ekan, Alloh yo‘lida mislsiz jasorat ko‘rsatadi. O‘z otasi, o‘z e’tiqodiga qarshi chiqib, musulmonlarga g‘alaba olib keluvchi yagona yo‘l – qal’aga ichimlik suvi keluvchi yashirin suv yo‘lini ko‘rsatib beradi. Suv berkitiladi. Suvsizlikdan otashparastlar taslim bo‘ladi. Qutayba (r.a) iymon keltirib, o‘z xalqini islomga da’vat etgan malikaga uylanadi va uchta farzand ko‘radi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim (r.a.) (660 - 715) yirik islom fotihlaridan bo‘lib, harbiy sarkarda, tajribali lashkarboshi edi. Milodiy 706 yilda xalifa Yusuf Hajjoj Abdumalik ibn Marvon farmoni bilan Xuroson amiri lavozimiga tayinlangan va unga Movarounnahrni fath etish vazifasi yuklatilgan. Qutayba (r.a.) 706-713 yillarda to‘liq g‘alaba qilib, o‘lkaga islom dinini olib kirdi va uning mustahkamligi uchun ulkan zamin yaratdi.
Ayrim manbalarda keltirilishicha, Sohibqiron Amir Temur Qutayba (r.a.) dafn etilgan joyni muqaddas bilib, buyuk islom sarkardasining qabri ustiga Samarqanddan me’mor jo‘natib, ko‘rkam va mahobatli maqbara qurdirgan. Bu maqbara 1935 – 1936 yillarda buzib tashlangan.
1975 – 1978 yillarda Andijon viloyati rahbari bo‘lib ishlagan Bektosh Rahimov tashabbusi xaroba holga kelib qolgan maqbara milliy me’morchilik an’analari asosida qayta qurilgan. Ikki xonali maqbaraning asosiy xonasi tashqaridan kvadrat asosida bo‘lib, ichkarisi sakkiz burchakli, tomonlari chuqur mehrobsimon ravoqlar bilan ko‘tarilib, diametri 5,5 metrli gumbaz bilan yopilgan, gumbaz o‘rtasida esa qabr joylashgan bo‘lib, maqbara g‘arbidagi dahliz ziyoratchilar uchun mo‘ljallangan.
Bugungi kunga kelib, ushbu maskan odamlar ko‘p keladigan gavjum ziyoratgohga aylangan. Bu yerda bir necha yildan buyon qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ziyoratgoh majmuasining qurilishi, obodonlashtirish ishlarida Jalaquduq tumanidagi korxona, tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, qo‘yingki, juda ko‘p saxovatpesha insonlar yaqindan yordam bermoqda. Islom tarixi sahifalaridan munosib o‘rin olgan ulug‘ zot nomi bilan ataluvchi mazkur ziyoratgoh 2006 yilda tarixiy va madaniy meros obyekti, ziyoratgoh sifatida davlat muhofazasiga olingan.
Keyingi yillarda viloyat, tuman hokimliklari, saxiy insonlar ko‘magida ziyoratgohni kengaytirish, obodonlashtirish borasida katta hajmdagi qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shu kunlarda majmua tarkibidagi binolarning so‘nggi pardozlash ishlari yakuniga yetmoqda. Pardozlash ishlari andijonlik, qo‘qonlik hamda Buxorodan kelgan mohir ustalar tomonidan bajarildi. Ziyoratgoh majmuasi butunlay yangicha qiyofaga keltirilib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratiladi.
Maxsus loyiha asosida barpo etilgan ziyoratgoh hududida ikki qavatli besh ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, aylanasiga muzey, kutubxona va ziyoratchilar uchun alohida xonalar qurildi. Bundan tashqari, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona ham barpo etildi.
Majmua o‘rtasida joylashgan qabr ustiga balandligi 20 metr bo‘lgan gumbaz, gumbazning to‘rt tomonida ziyoratchilar uchun o‘ziga xos ko‘rinishga ega soyabonlar, maqbaradan uncha uzoq bo‘lmagan joyga, tarixiy, zamonaviy ko‘rinish uyg‘unlashgan landshaft asosida sharshara barpo etildi.
Ziyoratgohga olib kiradigan katta yo‘l boshiga arka - “Roboti sarxang”, ya’ni, arkali maxsus katta darvoza qurildi. Yaqin yillar ichida Qutayba ibn Muslim (r.a.) bu ziyoratgoh mehmonlar va ziyoratchilar bilan gavjum eng obod maskanga aylanadi.
Qutayba ibn Muslim (r.a.) ziyoratgohi majmuasiga nafaqat yurtimizdan, balki yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan ham mehmonlar, sayyohlar tez-tez kelib turadi. Shu yilning o‘zida ziyoratgohga Afg‘oniston, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Xitoy davlatlaridan, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondan yuzlab ziyoratchilar tashrif buyurmoqda.
– Ziyoratgoh majmuasi qurilishi, obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda, Qutayba ibn Muslim hayoti, faoliyati, uning nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh tarixi, bu yerda barpo etilayotgan majmua, uning ahamiyati haqida yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlodga kengroq ma’lumotlar berish maqsadida qator kitoblar chop etildi, – deydi “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukurillo Xayitoxunov. – Jumladan, hozirga qadar “Qutayba ibn Muslim”, “Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi”, “Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi mo‘jizalari” “Sulton oyim ziyoratgohi””, “Jur’at va jasorat”, “Qo‘mondon” singari qator kitoblar chop etildi. Ushbu kitoblar qirg‘iz, rus va ingliz tillariga tarjima qilindi.
Mazkur kitoblar Islom olamining ulug‘ va mashhur zotlaridan biri Qutayba ibn Muslim, uning nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh va ziyoratgoh majmuasini targ‘ib etish bilan birga, keluvchilar, xorijiy sayyohlarga keng ma’lumotlar beradi. Qolaversa, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida qadim tariximizga, yurtimiz zaminida yashab o‘tgan ulug‘ zotlarga bo‘lgan hurmat, yurtdan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Muallif: Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati