To‘yxonaga oppoq liboslarda shahzodayu malika bo‘lib kelin bilan kuyov kirib kelishdi. Kelin salom qilish maqsadida bir oz egilar ekan, xijolatdan kattalarning nigohi yerga qadaldi. Atrofdan: “Juda ochiq kiyinibdi”, “Etagini uzun qilgandan ko‘ra yelkasiga tashlasa bo‘lar ekan”, degan dashnomlar quloqqa chalinardi.
Kelin-kuyov to‘rdagi o‘rindiqlarga borib o‘tirishdi. Kuyov kresloda yastanib o‘tirar ekan, xuddi “Mana ko‘rib qo‘yinglar, mening malikamni”, deyayotgandek edi. Jo‘ralar, hatto to‘yga kelgan aksar erkaklarning nigohi shohsupada malikalarday o‘tirgan (aslida malikalar sira ham bunday ochiq-sochiq kiyinishmaydi!) xushsurat kelinga qadalgan... Kelin yuzini ochib, bemalol o‘tirdi. Ammo men o‘ylar iztirobida qiynalardim... Axir harir parda ortidagi chehrani, bu nozik vujudni ko‘z-ko‘z qilish aslo mumkin emas.
To‘yni og‘riqli o‘ylar ila kuzataman. Ketma-ket kelgan taniqli xonandalar qo‘shiqlaridan davra yoshlar diskoteka zaliga aylandi-qoldi. Hatto kelin-kuyovni ham davraga olib chiqishdi. Hind seriallarida kuylanadigan qo‘shiqqa hamohang kelin-kuyov quchoqlashib valsga tushishdi. Bu manzarani qanday izohlash mumkin?! Hammaning nazari ikki yoshda. Atrofni o‘rab olgan yigitlarning qiy-chuvi... So‘ng kelin otasi bilan, keyin qaynotasi bilan ham raqsga tushdi... Qani sharqona odob-axloq, ibo-hayo?! Buni oddiy holatdek qabul qilayotganlarning oriyati, hamiyati qayerda qoldi?
Qizimizni turmushga uzatarkanmiz yoxud o‘g‘limizni uylantirarkanmiz, hayotining oila deb atalmish varag‘ini chiroyli odob-axloq, hayo-andisha bilan ochishida biz, kattalar to‘g‘ri saboq beraylik. Zero, millatimizning o‘ziga xos odobi, andishasi, mehr-muruvvati, iffati bor. Shuni aslo unutmaylik.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimasi
Fayzli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z nutqlarida Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichini ilk bitiruvchilar muvaffaqiyatli tamomlagani ulkan tarixiy voqea bo‘lgani, Yurtboshimizning tashabbusi bilan ulamolarimiz va mo‘min-musulmon xalqimizning ana shunday orzu umidlari, ixlos bilan qilgan duolari ijobat bo‘lganini alohida ta’kidladilar.
Marosim davomida Muftiy hazratlari har bir bitiruvchini samimiy tabriklash barobarida magistrlik diplomlarini tantanali ravishda topshirdilar.
Shundan so‘ng Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat faoliyatini boshlayotgan magistrlarning oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildilar.
Bunday rag‘bat va imtiyozlar diniy-ma’rifiy sohada yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega ilmiy-pedagog kadrlar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati