To‘yxonaga oppoq liboslarda shahzodayu malika bo‘lib kelin bilan kuyov kirib kelishdi. Kelin salom qilish maqsadida bir oz egilar ekan, xijolatdan kattalarning nigohi yerga qadaldi. Atrofdan: “Juda ochiq kiyinibdi”, “Etagini uzun qilgandan ko‘ra yelkasiga tashlasa bo‘lar ekan”, degan dashnomlar quloqqa chalinardi.
Kelin-kuyov to‘rdagi o‘rindiqlarga borib o‘tirishdi. Kuyov kresloda yastanib o‘tirar ekan, xuddi “Mana ko‘rib qo‘yinglar, mening malikamni”, deyayotgandek edi. Jo‘ralar, hatto to‘yga kelgan aksar erkaklarning nigohi shohsupada malikalarday o‘tirgan (aslida malikalar sira ham bunday ochiq-sochiq kiyinishmaydi!) xushsurat kelinga qadalgan... Kelin yuzini ochib, bemalol o‘tirdi. Ammo men o‘ylar iztirobida qiynalardim... Axir harir parda ortidagi chehrani, bu nozik vujudni ko‘z-ko‘z qilish aslo mumkin emas.
To‘yni og‘riqli o‘ylar ila kuzataman. Ketma-ket kelgan taniqli xonandalar qo‘shiqlaridan davra yoshlar diskoteka zaliga aylandi-qoldi. Hatto kelin-kuyovni ham davraga olib chiqishdi. Hind seriallarida kuylanadigan qo‘shiqqa hamohang kelin-kuyov quchoqlashib valsga tushishdi. Bu manzarani qanday izohlash mumkin?! Hammaning nazari ikki yoshda. Atrofni o‘rab olgan yigitlarning qiy-chuvi... So‘ng kelin otasi bilan, keyin qaynotasi bilan ham raqsga tushdi... Qani sharqona odob-axloq, ibo-hayo?! Buni oddiy holatdek qabul qilayotganlarning oriyati, hamiyati qayerda qoldi?
Qizimizni turmushga uzatarkanmiz yoxud o‘g‘limizni uylantirarkanmiz, hayotining oila deb atalmish varag‘ini chiroyli odob-axloq, hayo-andisha bilan ochishida biz, kattalar to‘g‘ri saboq beraylik. Zero, millatimizning o‘ziga xos odobi, andishasi, mehr-muruvvati, iffati bor. Shuni aslo unutmaylik.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimasi
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Ey Allohning Rasuli! Menga bir duo o‘rgating, men uni namozda o‘qib yuray”, dedilar. Shunda Rasululloh: “Allohumma inniy zolamtu nafsiy zulman kasiyron. Va innahu laa yag‘firuz zunuuba illaa anta. Fag‘fir liy mag‘firotan min ’indika varhamniy, innaka antal g‘ofuurur rohiym”, dedilar.
Ma’nosi: “Allohim! Albatta, men o‘zimga ko‘p zulm qildim va Sendan o‘zga gunoh larni kechiruvchi yo‘qdir. Meni huzuringdan bo‘lgan mag‘firat bilan kechirgin va menga rahm qil gin! Albatta, Sen ko‘p kechiruvchi va o‘ta rahmli Zotsan” (Imom Buxoriy rivoyati). Yaxshilik bilan mukofotlasin Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimga bir yaxshilik qilinsa, uni qilgan kishiga “Jazaakal lohu xoyron” desa, maqtovni oxiriga yetkazgan bo‘ladi», dedilar.
Ma’nosi: “Alloh seni yaxshilik bi lan mukofotlasin” (“Sunani Termiziy”). Boshqalardan behojat qilgin Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rivoyat qiladi. «Bir mukotab (ozod bo‘lish uchun to‘lov to‘lashga xojasi bilan shartnoma tuzgan qul) oldimga kelib: “Men kelishilgan mablag‘ni topib bera olmay qoldim. Menga yordam bering”, dedi. Men unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘rgatgan kalimalarni o‘rgatdim: “Allohummakfiniy bi halaalika ’an haroomik, va ag‘niniy bi fazlika ’amman sivaak”.
Ma’nosi: “Allohim, haromingsiz haloling bilan menga kifoya qilgin va fazling ila meni O‘zingdan boshqalardan behojat qilgin” (Sunani Termiziy).
“Hidoyat” jurnalining
2025 yil 6-sonidan