(g‘iybat va bo‘hton misolida)
بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo bu borliqni haq bilan yaratib, borliqning eng mukarram mavjudoti bo‘lmish insondan hayotini haq ila olib borishini talab qildi. Faqat haqni gapirishga, faqat haqqa amal qilishga buyurdi. Biz ushbu buyruq va qonun asosida yashasakgina saodatli bo‘lamiz.
Bugungi juma suhbatimiz tilning eng katta ofatlaridan hisoblangan ikki illat – g‘iybat va bo‘hton haqidadir.Insonning baxtli yoki baxtsiz bo‘lishida tilning ahamiyati beqiyosdir. Shuning uchun shariatimiz tilni saqlashga hamda unga aloqador bir qancha odoblarga rioya qilishga buyurgan.
Islom nuqtayi nazarida til Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biri hisoblanadi. Til – insonning jismonan kichichk ammo mas’uliyat va vazifa jihatidan e’tiborga molik a’zosidir. Shuning uchun ham Qur’oni karimda Alloh taolo uni minnat qilib:
أَلَمْ نَجْعَلْ لَهُ عَيْنَيْنِ وَلِسَانًا وَشَفَتَيْنِ
ya’ni: «Axir, Biz unga ikki ko‘z, til va ikki lab paydo qilmadikmi?!» deydi. (Balad, 8-9 oyatlar).
Shunday ekan, tilning foydasi bilan birga xatari ham juda katta ekanini unutmaslik lozim bo‘ladi. Gapni til gapiradi-yu, lekin uning alamini esa boshqa a’zolar tortadi. Tilning xataridan faqat yaxshi so‘zni so‘zlash hamda sukut saqlash bilan najot topish mumkindir. Shuning uchun shariatimiz sukut saqlagan kishini ko‘plab joylarda madh qilgan va sukut saqlashga targ‘ib ham qilgan. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْروٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "مَنْ صَمَتَ نَجَا".
(رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sukut saqlasa, najot topadi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Bandaning qalbi to‘g‘ri bo‘lishi uchun ham uning tili to‘g‘ri bo‘lishi hamda uni turli ma’naviy jinoyatlardan saqlashi muhim omil hisoblanadi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يَسْتَقِيمُ إِيمَانُ عَبْدٍ حَتَّى يَسْتَقِيمَ قَلْبُهُ وَلَا يَسْتَقِيمُ قَلْبُهُ حَتَّى يَسْتَقِيمَ لِسَانُهُ وَلَا يَدْخُلُ رَجُلٌ الْجَنَّةَ لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ.
(رَوَاهُ أَحْمَدُ)
ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bandaning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha, uning imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uni tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha, qalbi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi”, dedilar”. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Muhtaram jamoat! Musulmon kishi boshqa bir musulmonning aybini ko‘rsa, uning obro‘sini to‘kmasdan, uning o‘ziga yolg‘iz holida nasihat qilishi lozim bo‘ladi. Ba’zi insonlarning “Men g‘iybat qilmayapman, bu – haqiqat”, deyishi mutlaqo noto‘g‘ridir. Aslida, bu o‘rinda haqiqatni gapirgani uchun g‘iybat hisoblanadi. Agar haqiqat bo‘lmaganida, tuhmat – bo‘hton bo‘lar edi.
Hadisi sharifda g‘iybat va bo‘hton haqida shunday deyilgan:
عن أَبي هريرة رضي الله عنه أنَّ رسُولَ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ: «أَتَدْرُونَ مَا الْغِيبَةُ»؟ قالوا: اللهُ وَرَسُولُهُ أعْلَمُ، قَالَ: «ذِكْرُكَ أخَاكَ بِما يَكْرَهُ» قِيلَ: أفَرَأيْتَ إنْ كَانَ في أخِي مَا أقُولُ؟ قَالَ: «إنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ، فقد اغْتَبْتَهُ، وإنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ مَا تَقُولُ فَقَدْ بَهَتَّهُ». (رواه مسلم).
ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat nima ekanini bilasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Alloh va Uning rasuli biluvchiroqdir”, deyishdi. Shunda u zot: “O‘z birodaringni u yoqtirmaydigan narsa bilan zikr qilishing”, dedilar. (Shunda:) “Aytingchi, men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa-chi?”, deyildi. U zot: “Agar sen aytgan narsa unda bor bo‘lsa, uni g‘iybat qilgan bo‘lasan, agar sen aytgan narsa unda yo‘q bo‘lsa, unga bo‘hton (tuhmat) qilgan bo‘lasan”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.
Demak, biror bir insonning ayblarini uning yo‘qlida gapirishga g‘iybat deyilar ekan. Bu ayblar uning jasadi, nafsi, axloqi, qilgan ishlari, aytgan so‘zlari, kiyinishi, uyi, oilasi, bolalari, ota-onasi, nasl-nasabi va shu kabi unga tegishli bo‘lgan barcha narsalarga aloqador bo‘lgan ayblardir. Mana shu ayblarni uning yo‘qligida zikr qilish g‘iybat hisoblanadi.
Biror kimsa haqida yolg‘on to‘qib gapirishga esa bo‘hton deyiladi. G‘iybat – gunohi kabiralardan hisoblanadi. Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “G‘iybatning gunohi kabira ekanida ixtilof yo‘qdir, shuning uchun g‘iybat qilgan kishi Alloh azza va jallaga tavba qilishi lozim”, degan.
Shuningdek, ba’zi insonlarni g‘iybat qilish boshqa insonlarni g‘iybat qilishdan ko‘ra gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Ya’ni, Alloh taoloning do‘stlari bo‘lgan ulamolarni g‘iybat qilishning gunohi juda ham og‘ir bo‘lgani uchun ba’zi hakimlar: “Ulamolarning go‘shti zaxarlidir”, deyishgan. G‘iybat qilish - o‘lgan birodarining go‘shtini yeyish bilan birobar bo‘lgani sababli shunday deyilgan. Ha, inson zaharlangan go‘shtni yeb o‘lgani kabi, ulamolarni g‘iybat qilgan kishi ham dunyo va oxiratini barbod qiladi. Shunday ekan, ulamolarga bo‘hton qilayotganlar haqida nima deyish mumkin?!
Bo‘htonning gunohi esa g‘iybatning gunohidan ham kattaroqdir. Chunki g‘iybat bir insondagi bor ayblarni ovoza qilish bo‘lsa, bo‘hton u inson aytmagan so‘zlar hamda qilmagan ishlarni unga nisbat berib, tuhmat qilishdir. Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday degan:
وَالَّذِينَ يُؤْذُونَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ بِغَيْرِ مَا اكْتَسَبُوا فَقَدِ احْتَمَلُوا بُهْتَانًا وَإِثْمًا مُبِينًا
ya’ni: «Mo‘min va mo‘minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo‘hton va aniq gunohni o‘zlariga olgan bo‘lurlar» (Ahzob surasi, 58-oyat)
Insonlarning obro‘siga tegishning gunohi haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ «إِنَّ مِنْ أَرْبَى الرِّبَا الاِسْتِطَالَةَ فِى عِرْضِ الْمُسْلِمِ بِغَيْرِ حَقٍّ». (رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ
ya’ni, Said ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Eng ko‘p (zararli) bo‘lgan sudxo‘rlikdan biri – musulmonning obro‘siga nohaqdan til tekkizishdir”, dedilar”.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ
ya’ni, “Ey, mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”. (Hujurot surasi, 12-oyat)
Ushbu oyatda Alloh taolo “Ey, mo‘minlar!” deb, siz va bizga xitob qilmoqda. Demak, komil mo‘minlikni da’vo qilar ekanmiz, biz bunday gunohlardan – g‘iybat va bo‘htondan saqlanishimiz lozimdir. Aks holda, bunday kishi mo‘minlik mezonini buzib, fosiqlik qilgan bo‘ladi.
Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عن أنسٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لَمَّا عُرِجَ بي مَرَرْتُ بِقَومٍ لَهُمْ أظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ يَخْمِشُونَ بها وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ فَقُلْتُ: مَنْ هؤُلاءِ يَا جِبرِيلُ؟ قَالَ: هؤُلاءِ الَّذِينَ يَأكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ في أعْرَاضِهِمْ!». (رواه أَبُو داود
ya’ni, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Me’rojga chiqqanimda, misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlari va ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Shunda men: “Ey Jabroil, bular kimlar?”, dedim. U: “Bular (dunyoda) odamlarning go‘shtlarini yeb, ularning obro‘larini to‘kadiganlar”, dedi” dedilar.
Bu hadis bizga g‘iybatchining qiyomat kungi ahvoli naqadar ayanchli ekanidan darak beradi. Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:
عَنْ أَبِى بَرْزَةَ الأَسْلَمِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم «يَا مَعْشَرَ مَنْ آمَنَ بِلِسَانِهِ وَلَمْ يَدْخُلِ الإِيمَانُ قَلْبَهُ لاَ تَغْتَابُوا الْمُسْلِمِينَ وَلاَ تَتَّبِعُوا عَوْرَاتِهِمْ فَإِنَّهُ مَنِ اتَّبَعَ عَوْرَاتِهِمْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ وَمَنْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ يَفْضَحْهُ فِى بَيْتِهِ».(رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ
ya’ni, Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey tili bilan imon keltirib, qalbiga esa imon kirmaganlar, (qalbi bilan imon keltirmaganlar) musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning aybini poylab-qidirmanglar! Chunki kim ularning aybini qidirsa, Alloh taolo uning aybini qidiradi va agarchi uyining ichida (odamlardan maxfiy bo‘lsa ham, uni oshkor qilib,) sharmanda qiladi”, dedilar”. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ushbu hadisdan g‘iybat qilish mo‘minga nisbatan begona axloq ekani hamda uning imon nurini so‘nishi sabab bo‘lishi ma’lum bo‘ladi.Inson borki, u jamiyat bilan birga yashaydi. Jamiyat a’zolaridan har birining o‘z hurmat-e’tibori bor. Agar jamiyatda g‘iybat zahri sochilsa, odamlar bir biriga bo‘hton toshini otishsa, ularning hurmati poymol bo‘ladi va buning natijasida jamiyatning tinchligi buziladi.
Muhtaram jamoat! Aslida, islom dini odamlarning aybini ochishga emas, balki berkitishga buyurgan. Bundan maqsad gunohlar tarqalishining oldini olishdir. Chunki odamlar gunohlar haqida takror-takror eshitaversa, shu ishga ularning tabiati o‘rganib qoladi va buning natijasida shu gunohlarni oddiy qabul qiladigan bo‘lib qolishadi.
Islom dinimiz odamlarni birdamlikka targ‘ib qiladi. G‘iybat va bo‘hton esa jamiyat a’zolari o‘rtasida hiqdu-hasad va adovat urug‘ini sochadi hamda ijtimoiy aloqalarni zaiflashtirib, buzib yuboradi. Hatto ba’zi holatlarda bu narsa turli fitna va qon to‘kilishgacha olib borishi mumkin.
Nafaqat g‘iybat qilishning o‘zi harom qilingan, balki g‘iybatni tinglash, g‘iybat majlislarida qatnashish ham man qilingandir. Aksincha, musulmon kishining birorta birodari g‘iybat qilinayotgan bo‘lsa, uni himoya qilishi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ ابْنِ أُمِّ عَبْدٍ يَقُولُ: مَنِ اغْتِيبَ عِنْدَهُ مُؤْمِنٌ فَنَصَرَهُ جَزَاهُ اللهُ بِهَا خَيْرًا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَ مَنِ اغْتِيبَ عِنْدَهُ مُؤْمِنٌ فَلَمْ يَنْصُرْهُ جَزَاهُ اللهُ بِهَا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ شَرًّا... (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ
ya’ni, Ibn Ummu Abd (Abdulloh ibn Mas’ud) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kimning huzurida bir mo‘min g‘iybat qilinganda, uni himoya qilsa, Alloh taolo bu sababli, uni dunyo va oxiratda yaxshi mukofotlaydi. Kimning huzurida bir mo‘min g‘iybat qilinganda, uni himoya qilmasa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda yomon jazolaydi”.(Imom Buxoriy rivoyati).
G‘iybat qiluvchi kishi zolim, g‘iybat qilingan esa mazlum bo‘ladi. Alloh taolo qiyomat kuni mazlumning haqqini zolimdan olib beradi. Ya’ni, zolimning savobidan mazlumga olib beriladi yoki mazlumning gunohlaridan zolimga yuklatiladi. Banda qiyomat kuni o‘zining dunyoda qilgan yaxshi amallarini o‘zga kishining nomai a’molida, ayniqsa, dunyoda o‘zi yoqtirmay, o‘zi g‘iybat qilgan kishining nomai a’molida ko‘rishi qanchalar ayanchlidir.
Musulmon kishi bunday ma’naviy jinoyatlardan saqlanishi lozimdir. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عن عبدِ الله بن عمرو بن العاصِ رضي الله عنهما، قَالَ: قَالَ رسولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «المُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ...». (متفق عَلَيْهِ
ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi – musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, dedilar”.
Ushbu hadisda tilning ozori qo‘lning ozoridan avval zikr qilindi. Bundan murod – tilning ozori qo‘lning ozoridan ko‘ra qattiqroq ekanidir. Chunki til bor odamga ham, yo‘q odamga ozor yetkaza oladi. Shuningdek, tirik odamni ham vafot etganni ham zikr qila oladi.
Hurmatli jamoat! Biz axborot almashinuv o‘ta jadallashgan davrda yashamoqdamiz. Afsuski, internet va boshqa axborot tizimlarida yurtimizga bo‘xton uyushtirayotganlar, ularning nayrangiga uchib yurtimizda amalga oshirilayotgan buyuk o‘zgarishlarni tuxmat toshi otayotganlar ham bor. Biz musulmonlar jamiyatimiz - ummatimizni bunday buxtonlardan asrashimiz lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِآَيَاتِ اللَّهِ وَأُولَئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ
ya’ni: "Yolg‘on so‘zlarni faqat Alloh oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir". (Naxl surasi 105-oyat)
Alloh taolo bizlarni til ofatlaridan bo‘lgan, eng katta ma’naviy jinoyatlardan hisobalangan g‘iybat va bo‘htondan O‘zi asrasin!
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.