Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!.. ” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» (Isro, 23).
Shokir ota ayoli Huriniso aya bilan baxtli hayot kechirdi. Farzandlarining barchasi hayotda o‘z o‘rnini topdi... Nevaralar ham birin-ketin voyaga yeta boshlashdi. Nevara kelin, nevara kuyov ko‘raman deb turgan payt Huriniso aya xastalanib, bandalikni bajo keltirdi.
Farzandlari onasining hamma ma’rakalarini o‘tkazishdi. Eng nufuzli to‘yxonalarda yuz kilolab oshlar damlandi. Ammo bularning hech biri Shokir otaning ko‘nglini yoritmadi. Uydagi har bir narsa ayolini eslatar, xotiralarini uyg‘otardi. O‘zi yolg‘iz qolsa, ancha vaqtgacha ko‘ziga uyqu kelmasdi. Keyingi paytlarda qon bosimi ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Eng qimmat dorilar ham, mohir shifokorlar ham dardini aritolmasdi.
Otasining yolg‘izlikdan qiynalayotgani, kun sayin so‘lib borayotganini ko‘rgan kichik o‘g‘il bir kuni asta gap boshladi:
– Gapni nimadan boshlasam ekan?.. Onamni hammamiz juda yaxshi ko‘rardik. Biroq taqdir ekan! Nima ham qilardik? Endi biz uchun muhimi – sizning borligingiz, salomatligingiz! Kim nima desa desin, menga sizning sog‘ligingiz, xotirjamligingiz kerak. Rozi bo‘lsangiz, soliha bir ayolni topib, nikohlab qo‘ysak?!
Shokir otaning ko‘zida yosh ko‘rindi. Kechagina do‘sti Turg‘un ham shu haqida gapirgandi. Erkak kishi keksayganida bir dardkashga muhtoj bo‘lib qolar ekan.
“O‘g‘lim, boringga shukr, rahmat!” – deya oldi ota.
Kichik o‘g‘il otasini uylantirish haqida akasi va singlisiga maslahat solganida, katta janjal ko‘tarildi.
– Otam senga og‘irlik qilyaptimi?
– Uy-joyga ega chiqadigan kerakmi senga?
– Onamni sen unutgan bo‘lsang unutgandirsan, bizlar unutganimiz yo‘q!
Shokir otaning dili qattiq og‘ridi, ko‘zlari namlandi. Aslida, onasining xotirasini aziz tutish haqida bong urayotgan shu farzandlar, onasi xastalanganda unga siltab muomala qilgan, qarashni malol olgan edilar. Ammo onaning vafotidan keyin ma’rakalarni el ko‘ziga, men farzandlik burchimni a’lo darajada bajarib qo‘ydim, deb o‘zini ko‘rsatish uchun dabdaba bilan o‘tkazayotgan edilar.
Yaxshilikni inson tirikligida qilish kerakligini hamma biladi-yu, ammo... Ota-onasi, yaqinlari o‘tib ketgan insonlarning ko‘pchiligi marhumlarning ruhi shod bo‘lishi uchun qozon-qozon osh berishni o‘ylab yurishadi-yu, yolg‘iz qolgan ota yoki onaning, jigarlarning, tiriklarning g‘amini yeyish, qalbiga quloq solish xayoliga kelmaydi. Bu qanday bedodlikki, yolg‘izlanib qolgan, ertalab uyg‘onamanmi, yo‘qmi, deb tong ottirayotgan keksalarning hayotini boshiga yolg‘izlik tushmagan, qalbi yarimlik ko‘rmagan farzandlar hal qilsa!..
Ularga otalar, onalar hayotini hal qilish huquqini kim berdi?!
Yolg‘iz keksalarning ko‘ngliga qarab, ular xohlasalar, yana turmush qurishlarini bir og‘iz aytib o‘tish farzandlardan lozimdir.
Bunday keksalarning taomini hozirlash, kiyim-kechagini but qilish bilan ularning yarim ko‘ngli to‘lib qolmaydi. Ularga bir hamdard, hamroh kerak.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Shu yil 4 iyul kuni Toshkent shahridagi “Hilol-nashr” nashriyotida diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan, jonkuyar ulamo, fidoiy inson, Toshkent viloyati vakilligida bosh imom-xatib vazifasida xizmat qilgan, dinimizning rivojiga, Vatanimizning ravnaqiga, masjidlarimizning obod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan yetuk din peshvosi Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘li (Turmatov)ning xotirasiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va o‘tganlar haqqiga xayrli duolar bilan boshlandi.
Xotira tadbirini Ismoil domla Muhammad Sodiq ochib berib, zabardast olim Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘lining qilib o‘tgan xizmatlarini yosh avlodga namuna o‘laroq tanitish, o‘tganlarini xotirlash ezgu amallardan ekanini aytib o‘tdi. So‘ngra ustoz Xayrulloh domla rohimahullohning hayotiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.
Rahmatli Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘li Turmatov 1976 yili Toshkent viloyati Angren shahrida tavallud topgan. 2001 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom oliy ma’hadini, 2003 yilda esa Toshkent davlat pedagogika institutini bitirgan.
Xayrulloh domla mehnat faoliyatini 1994 yilda Ohangaron tumanidagi “Chet Suv” jome masjidida imom-xatiblikdan boshlab, ushbu masjidda 2003 yilga qadar xizmat qilgan. Bir vaqtning o‘zida Ohangaron tumanidagi 20 maktabda o‘qituvchilik ham qilgan.
2003 yildan 2014 yilgacha Angren shahridagi “Qorabog‘” jome masjidi imom-xatibi va Angren shahri bosh imomi bo‘lib ishlagan.
2014 yildan to vafotlariga qadar Toshkent viloyati bosh imomi hamda “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi lavozimida barakali faoliyat ko‘rsatgan.
Xayrulloh domla Turmatov rahimahulloh 2020 yil COVID-19 vabosidan og‘ir xastalanib, 16 sentyabrda vafot etdi.
Ustoz Xayrulloh domla millat va ma’rifat fidoiysi edi. U kishi qisqa umrlari davomida barchamizga ibrat bo‘ladigan amallarni qilib, o‘zlaridan xayrli ishlar va solih farzandlar qoldirib ketdilar.
Fayzli tadbirga yurtimizning peshqadam ulamolari, ahli ilmlar, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shogirdlari, ustoz Xayrulloh domlaning safdoshlari, jumladan, ustoz Abdulhakim qori Matqulov, Abdulmalik domla Malikov, Muhammad Shokir domla Turdibekov, Qudratulloh domla Sidiqmetov, Nurali domla Mavlanov, Yahyoxon domla Boboxonov va boshqa notiqlar Xayrulloh domlaning ibratli hayot yo‘llari va yurtimizda islom ma’rifatini yoyish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof qilib, xotirladilar.
Xususan, u zotning ilmga, zikrga bo‘lgan muhabbatlari, azimat va oliy himmatliklari, shogirdlar tarbiyasidagi zahmatlari, fidokorliklari, insoniy fazilatlari va odoblari yodga olindi.
Tadbir jarayonida ustoz Xayrulloh domlaning “Hazratni xotirlab” ko‘rsatuvi uchun bergan suhbatlaridan parcha, domlaning masjidlarda qilgan pand-nasihatlari hamda “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida qilgan suhbatlaridan videolavha taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir davomida ustozning farzandlari, jumladan, Angren shahrining bosh imom-xatibi Nizomiddin qori Xayrulloh o‘g‘li, “Qorabog‘” jome’ masjidi imom-xatibi, domlaning tog‘alari Faxriddin domla Umirov va boshqa qavm-qarindoshlari, ahllari domla haqlarida har bir shaxs uchun tatigulik bo‘lgan muhim tavsiyalarni xotirladilar.
Darhaqiqat, Xayrulloh domla Toshkent viloyatining imom-xatiblari, imom noiblari, jome’ masjidlardagi har bir mas’ul xodimlarga hamda qalblari Allohning baytiga bog‘langan qadrli qavmlariga ehtiromi baland va yuksakligini ko‘rishimiz mumkin. U kishi butun faoliyati davomida yurtimizdagi ko‘plab jome masjidlarini obod va ko‘rkam qilish, namozxonlar uchun zamonaviy, qulay ibodat sharoitlarini yaratish yo‘lida tinim bilmay mehnat qilgan edi.
Tadbir so‘nggida Qur’oni karim tilovat qilinib, Xayrulloh domla rohimahullohning haqlariga xayrli duolar qilindi.
Tilovatni Nizomiddin qori Xayrulloh o‘g‘li o‘qidi, duoni ustoz Abdulhakim qori Matqulov hazratlari qilib berdi.
Tadbirni Qamariddin Bekmuhammad olib bordi hamda barcha ishtirokchilarga ehson dasturxoni yozildi.
Alloh taolo ustoz Xayrulloh domla Abdumalik o‘g‘lini O‘z mag‘firatiga olsin, chekkan dardlarini gunohlariga kafforat aylasin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati