Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Yolg‘iz otalar

5.01.2017   5236   3 min.
Yolg‘iz otalar

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Rab­bingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!.. ” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» (Isro, 23).

Shokir ota ayoli Huriniso aya bilan baxtli hayot kechirdi. Farzandlarining barchasi hayotda o‘z o‘rnini topdi... Nevaralar ham birin-ketin voyaga yeta boshlashdi. Nevara kelin, nevara kuyov ko‘raman deb turgan payt Huriniso aya xastalanib, bandalikni bajo keltirdi.
Farzandlari onasining hamma ma’rakalarini o‘tkazishdi. Eng nufuzli to‘yxonalarda yuz kilolab oshlar damlandi. Ammo bularning hech biri Shokir otaning ko‘nglini yoritmadi. Uydagi har bir narsa ayolini eslatar, xotiralarini uyg‘otardi. O‘zi yolg‘iz qolsa, ancha vaqtgacha ko‘ziga uyqu kelmasdi. Keyingi paytlarda qon bosimi ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Eng qimmat dorilar ham, mohir shifokorlar ham dardini aritolmasdi.
           Otasining yolg‘izlikdan qiynalayotgani, kun sayin so‘lib borayotganini ko‘rgan kichik o‘g‘il bir kuni asta gap boshladi:
– Gapni nimadan boshlasam ekan?.. Onamni  hammamiz juda yaxshi ko‘rardik. Biroq taqdir ekan! Nima ham qilardik? Endi biz uchun muhimi – sizning borligingiz, salomatligingiz! Kim nima desa desin, menga sizning sog‘ligingiz, xotirjamligingiz kerak. Rozi bo‘lsangiz, soliha bir ayolni topib, nikohlab qo‘ysak?!
Shokir otaning ko‘zida yosh ko‘rindi. Kechagina do‘sti Turg‘un ham shu haqida gapirgandi. Erkak kishi keksayganida bir dardkashga muhtoj bo‘lib qolar ekan.
         “O‘g‘lim, boringga shukr, rahmat!” – deya oldi ota.
Kichik o‘g‘il otasini uylantirish haqida akasi va singlisiga maslahat solganida, katta janjal ko‘tarildi.

– Otam senga og‘irlik qilyaptimi?

– Uy-joyga ega chiqadigan kerakmi senga?

– Onamni sen unutgan bo‘lsang unutgandirsan, bizlar unutganimiz yo‘q!
           Shokir otaning dili qattiq og‘ridi, ko‘zlari namlandi. Aslida, onasining xotirasini aziz tutish haqida bong urayotgan shu farzandlar, onasi xastalanganda unga siltab muomala qilgan, qarashni malol olgan edilar. Ammo onaning vafotidan ke­yin ma’rakalarni el ko‘ziga, men farzandlik burchimni a’lo darajada bajarib qo‘ydim, deb o‘zini ko‘rsatish uchun dabdaba bilan o‘tkazayotgan edilar.

 Yaxshilikni inson tirikligida qilish kerakligini hamma biladi-yu, ammo... Ota-onasi, yaqinlari o‘tib ketgan insonlarning ko‘pchiligi marhumlarning ruhi shod bo‘lishi uchun qozon-qozon osh berishni o‘ylab yurishadi-yu, yolg‘iz qolgan ota yoki onaning, jigarlarning, tiriklarning g‘amini yeyish, qalbiga quloq solish xayoliga kelmaydi. Bu qanday bedodlikki, yolg‘izlanib qolgan, ertalab uyg‘onamanmi, yo‘qmi, deb tong ottirayotgan keksalarning hayotini boshiga yolg‘izlik tushmagan, qalbi yarimlik ko‘rmagan farzandlar hal qilsa!..        

Ularga otalar, onalar hayotini hal qilish huquqini kim berdi?!
Yolg‘iz keksalarning ko‘ngliga qarab, ular xohlasalar, yana turmush qurishlarini bir og‘iz aytib o‘tish farzandlardan lozimdir.
Bunday keksalarning taomini hozirlash, kiyim-kechagini but qilish bilan ularning yarim ko‘ngli to‘lib qolmaydi. Ularga bir hamdard, hamroh kerak.
 

Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar

23.12.2024   1130   12 min.
Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ULUG‘ HISOB-KITOB BO‘LISHI BAYONI


 - 55حِسَابُ النَّاسِ بَعْدَ الْبَعْثِ حَقٌّ فَكُونُوا بِالتَّحَرُّزِ عَنْ وَبَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Qayta tirilishdan keyin insonlarning hisob berishlari haqdir, shunday ekan (ey insonlar) yomon oqibatdan (qiyomatda yomon hisobga yo‘liqishdan) saqlanishda bo‘linglar.


Nazmiy bayoni:

Qiyomatda hisob bo‘lmog‘i aniq,
Yomon oqibatdan saqlan, xaloyiq.


Lug‘atlar izohi:

حِسَابُ – mubtado.

النَّاسِ – muzofun ilayh.

بَعْدَ – zarfi zamon.

الْبَعْثِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “yuborish”, “jonlantirish”, “uyg‘otish” kabi ma’nolarni anglatadi.

حَقٌّ – xabar. Voqelikning berilgan hukmga muvoq bo‘lishi haq deyiladi.

كُونُوا– noqis fe’l, oxiridagi واو ismi.

بِ – “majoziy zarfiyat” ma’nosida kelgan.

تَّحَرُّز – “saqlanish”, “o‘zini asrash” va “ehtiyot bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur كُونُوا ning xabari ekaniga ko‘ra nasb o‘rnida turibdi.

وَبَالِ – “zarar”, “halokat” ma’nolarida bo‘lib, yomon oqibatga olib boruvchi narsalarga nisbabtan ishlatiladi. Jor majrur تَّحَرُّز ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Bayt mazmunidan, ey insonlar, kelajakda hisob-kitob bo‘lishi haqdir, shuning uchun o‘tkinchi narsalarga aldanib qolmanglar, zimmalaringizdagi Alloh taoloning haqlarini ham, insonlarning haqlarini ham ado etinglar, agar hozir ado etmasangiz, ulug‘ hisob-kitob kunida badalini to‘laysizlar, degan ma’no tushuniladi.

So‘fi Ollohyor bobomiz qayta tirilgandan keyingi hisob-kitobni quyidagi sodda va ravon so‘zlari bilan bayon qilgan:

Udur hokim nechukkim hukm qildi,
Tiril degach hama olam tirildi.

                                                                  * * *

Yig‘ar mahshar yerida barcha jonni,
So‘rar bandasidin yaxshi-yomonni.

Qur’oni karimda zarra miqdorichalik yaxshiligu yomonlikning hisob-kitobi bo‘lishi xabar berilgan: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[1].

 Ya’ni o‘sha kunda insonlar hisob-kitob joyidan yaxshi va yomon qilgan amallarining samaralarini ko‘rish uchun guruh-guruh bo‘lib qo‘zg‘aladilar. Tuproq zarrasi vaznidagi yaxshi amalni qilgan bo‘lsa, uni o‘zining amallari yozilgan sahifada borligini ko‘radi va o‘shanga loyiq mukofotni oladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu zarra haqida: “Kaftingizni yerga qo‘yib ko‘targanda unga yopishgan har bir tuproq zarradir,” – degan.

Hisob-kitob kunida har bir bandaning dunyoda qilib o‘tgan barcha amallari yozilgan kitob chiqariladi va hamma o‘z kitobini o‘qiydi: “Biz har bir insonning amalini bo‘yniga ilib qo‘ygandirmiz. Qiyomat kunida unga ochiq holda uchratadigan kitobni (Nomai a’molini) chiqarib berurmiz. (Unga aytilur): “Kitobingni o‘qi! Bugun o‘z shaxsing o‘zingga qarshi yetarli hisobchidir”[2].

Ya’ni o‘sha kunda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar sohibidan aslo ajramaydi. Hammaga amallari yozilgan kitob ochiq holatda ko‘rsatiladi. Bu kitobda yaxshi ishlar ham, yomon ishlar ham, ochiq-oydin ko‘rinib turadi, birortasi ham pinhon qolmaydi. Kitob sohibiga, amallaring yozilgan kitobni o‘qi! Bugungi kunda qilgan amallaringga o‘zing guvohlik berasan! Boshqa guvoh yo boshqa hisobchiga muhtoj bo‘lmaysan, – deyiladi.

Qilingan yaxshi ishlarning mukofotlari ko‘paytirib beriladi, yomon ishlarga esa ko‘paytirilmasdan jazo beriladi:

“Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay”[3].

Ushbu o‘n baravar oshirib mukofotlash ham aslida ko‘p mukofot berishning eng ozi hisoblanadi. Chunki gohida yetti yuz baravariga beriladigan yoki undan ham ko‘piga beriladigan mukofot beriladi. Yomon amal qilganlarga esa qilgan yomonliklaridan oshiqcha jazo berilmaydi, qilgan yomonligiga belgilangan jazoning o‘zigina beriladi. Yaxshi amallarning mukofotini ko‘paytirib berish, Alloh taoloning fazlu marhamati bo‘lsa, yomon ish qilganlarni qilmishlariga yarasha jazolashi U zotning adolati hisoblanadi.

Shuningdek, kofir jinlarning ham azobga giriftor etilishini ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Jin surasida quyidagicha xabar berilgan:

“Ammo (yo‘ldan) ozganlarga esa, bas, ular jahannamga o‘tin bo‘luvchi kimsalardir”[4].

Ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan ozib, iymon keltirmagan kofir jinlar, kofir insonlar kabi jahannamga “o‘tin” bo‘ladilar.

Ammo mo‘min jinlarning jannatga kirishlari to‘g‘risida ixtilof bo‘lib, bu haqida Badriddin Shibliy Hanafiy[5] o‘zining mashhur “Okomul marjon fi ahkamil jan”[6] kitobida to‘rt xil so‘zni keltirgan.

 

MO‘MIN JINLARNING JANNATGA KIRISHLARI HAQIDAGI QARASHLAR

“Ulamolar mo‘min jinlarning jannatga kirishlari haqida to‘rt xil qarashni aytganlar:

1. Jumhur ulamolar mo‘min jinlarni jannatga kiradi, deb hisoblaydilar. Ushbu qarashni Ibn Hazm “Milal” kitobida Abu Ya’lo, Abu Yusuf va boshqa ko‘pchiliklardan rivoyat qilgan;

2. Jinlar jannatga kirmaydilar, balki uning atrofida bo‘ladilar. Insonlar ularni ko‘radilar, ular esa insonlarni ko‘rmaydilar. Ushbu qarash Molik, Shofi’iy, Ahmad, Abu Yusuf va Muhammadlardan rivoyat qilingan;

3. Jinlar A’rofda[7] bo‘ladilar;

4. Bu haqida hech qanday gap aytmaslik”[8].

 

JINLAR VA SHAYTONLAR ORASIDAGI FARQLAR

Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar haqida “Aqidatul mu’min” kitobida quyidagilar yozilgan: “ Jinlar ikki turli bo‘ladi:

1. Shaytonlar. Bularda hech qanday yaxshilik bo‘lmaydi;

2. Jinlar. Bular orasida solihlari ham, yomonlari ham bo‘ladi.

Jinlarning holati insonlarga o‘xshash bo‘lib, ular orasida xushfe’llari ham, badfe’llari ham, mo‘minlari ham, kofirlari ham bo‘ladi.

Shaytonlar aslida jinlarning vakillari hisoblanadi. Zero, iblisning jinlardan bo‘lgani Qur’oni karimda xabar berilgan:

“Eslang, (Ey Muhammad!) Farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo‘yin sunishdan bosh tortdi”[9].

Shayton ilohiy rahmatdan quvilib, barcha yaxshiliklardan kesilgach, mazkur ishlar uning zurriyotlariga ham meros bo‘lib o‘tgan. Shuning uchun shaytonlarda aslo yaxshilik bo‘lmaydi, ular faqat yomonlikni biladilar va doim yomonlikka chaqiradilar. Bularning holatiga ilon ancha yaqin misol bo‘la oladi. Ya’ni ilondan faqat ilon tug‘iladi, ilon nasli borki, barchasi doim zahar solish payida bo‘ladi. Xuddi shu singari, shaytonlardan ham faqat shaytonlar tug‘iladi, shayton nasli borki, doim odam bolalarini yo‘ldan urish payida bo‘ladi.

Shuningdek, aslida shayton bo‘lmagan jin va insonlar ham iflos ishlarni qilishlari va tug‘yonga ketishlari sababli shaytonga aylanib boradilar. Shaytonga aylanganlarining ashaddiylari “Marid” deyiladi, yanada bundan ham ortiq tug‘yonga ketganlari “Ifriyt” deb nomlanadi.

Shaytonlarning vasvasa qilishlari haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Shuningdek, har bir payg‘ambarga insu jinning shaytonlarini dushman qilib qo‘ydik. Ular aldash maqsadida soxta xushsuxanlik bilan bir-birlariga vasvasa qiladilar”[10].

Ushbu oyat shaytonlarning insonlardan ham, jinlardan ham bo‘lishiga dalolat qiladi. Jinlarning turli bo‘lishi haqida esa ularning tilidan hikoya tarzda shunday xabar berilgan:

“Va albatta, bizdan solihlar ham va boshqalar ham bor. Turli guruhlar bo‘lgan edik”[11].

Ushbu oyatda esa jinlarning oralarida solihlari ham bo‘lishi bayon qilingan”[12].


Keyingi mavzular:
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz.

 


[1] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[2] Isro surasi, 13, 14-oyatlar.
[3] An’om surasi, 160-oyat.
[4] Jin surasi, 15-oyat.
[5] Badriddin Shibliy Hanafiy  hijriy 712 yilda Damashqda tug‘ilgan. Hanafiy mazhabidagi ulug‘ muhaddis olimlardan biri bo‘lgan bu zotning “Fusul fi ahvali Rasul”, “Kashful ibham bisharhil ahkam”, “Nashrul a’lam fi ahkamis salam”  va “Okomul marjan fi ahkamil jan” kabi ko‘plab asarlari bo‘lgan. Hijriy 796 yilda vafot etgan.
[6] “Okomul marjon fi ahkamil jan” kitobi jinlarga taalluqli hukmlarni bayon qiluvchi eng mo‘tabar asarlardan biri hisoblanadi. Unda jinlarning mavjudligi,  ularning sinflari, sahoba jinlar, mo‘min jinlarning jannatga kirishlari haqidagi qarashlar kabi rang-barang mavzulardagi  ma’lumotlar jamlangan. Badriddin Shibliydan keyingi olimlar jinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bayon etishda, asosan, ushbu kitobdan foydalanishgan. “Fathul Boriy sharhu Sahihil Buxoriy”dek mo‘tabar kitobda ham agarchi nomi bayon qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu kitobdan iqtibos keltirilgan.
[7] “A’rof – jannat bilan do‘zaxni ajratib turadigan devor, arasot. Bu joy jannatga ham, do‘zaxga ham kirmagan, ya’ni vaqti soati kelib, Alloh taolo ularni jannatga kiritgunga qadar ma’lum muddat turadigan kishilarning joyidir”. Qarang:  Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.  – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2006. – B. 151.
[8] Badriddin Shibliy Hanafiy. Okomul marjon fi ahkamil jan. – Qohira: “Dorul haram litturos”, 2009.  – B 155.
[9] Kahf surasi, 50-oyat.
[10] An’om surasi, 112-oyat.
[11] Jin surasi, 11-oyat.
[12] Abu Bakr Jobir Jazoiriy. Aqidatul mu’min. – Madinai munavvara: “Maktabatul ulum val hikam”, 2009. – B. 122.

Kutubxona