Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam)ning muborak hayotlari, sunnatlari va yuksak odoblaridan namuna olish, Ul zotga munosib ummat bo‘lish istagida 19 dekabr kuni “Xadichai Kubro” ayol-qizlar bilim yurtida “Olamlarga rahmat Payg‘ambar” shiori ostida mavlid tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qur’on tilovati va salavot bilan boshlandi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari, siyratlari talaba qizlar tomonidan yoritib borildi. Olamlarga rahmat Payg‘ambarimizning xulqlari, go‘zal sunnatlariga ergashgan insonlarning hayotlarini tarixiy voqealar asosida ijro qilib berishdi. Xususan, Salmon Forsiy (raziyallohu anhu)ning Islom diniga kirishi, haq din yo‘lida mashaqqat chekkanlari, Ahli Kitoblardan bo‘lmish yahudiylarning Tavrotda kelgan Rasulullohning habarlarini berkitishlari, ammo Abdulloh ibn Salom bor haqiqatni aytib musulmon bo‘lishi, Oxiri zamon payg‘ambarining chiqish vaqti yaqinlashganda xazrajliklar va yahudiylar Payg‘ambar bizdan chiqadi deya qattiq nizolashishi, va nihoyat risolat nuri porlab, butun olamni munavvar aylagani, Makka mushriklari, ayniqsa, Abu Jahl boshchiligidagi Makka zodagonlarining Muhammad (sallollohu alayhi va sallam)ga dushmanchilik qilishi, Alloh O‘z payg‘ambari va uning sahobalari hamda do‘stlarini himoya qilib turishi talaba qizlar tomonidan katta mahorat bilan ijro qilindi.
Talaba qizlar har bir sahna ko‘rinishidan so‘ng, Rasulullohni madh etuvchi salavotlar kuylashib, kechaga yanada tarovat bag‘ish etishdi.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Nilufar SAIDAKBAROVA,
bilim yurti o‘qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati