Robi’ul avval oyi – musulmonlar uchun ulkan baxtu saodat, xursandchilik oyi bo‘lib, bu oyda butun olamlarga rahmat, ikki jahon sarvari, oxir zamon Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topganlar. Bu oyni musulmonlar o‘zgacha tayyorgarlik bilan kutib olishadi va Rasululloh alayhissalomga bo‘lgan muhabbatning kichik bir ko‘rinishi sifatida mavlidi sharif tadbirlari o‘tkaziladi, u zotning siyratlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi. Ana shunday mavlid marosimlaridan biri joriy yilning 16 dekabr kuni Poytaxtimizdagi “Abu Bakr Qaffol Shoshiy” masjidida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qatnashdilar. Dastlab, mavlidi sharif o‘qildi, so‘ngra Muftiy hazrat boshchilik namozxonlar juma namozini ado etishdi. Juma namozi o‘qib bo‘lingach, Payg‘ambar alayhissalomga ko‘pdan-ko‘p salavotlar aytildi, yakunda Qur’oni karim tilovati va ezgu duolar qilindi.









O‘MI Axborot xizmati
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro mediaforum yakunlari va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi global markazi sifatidagi roliga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Al Montasaf” nashri forum 40 ta mamlakatdan 200 nafardan ortiq jurnalist va OAV vakillarini birlashtirib, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy mash’al sifatidagi maqomini namoyish etgani haqidagi fikrni keng yoritmoqda.
Shuningdek, “Eldameer” nashri Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga e’tibor qaratgan. Markaz qadimiy qo‘lyozmalarni, jumladan, mamlakatda saqlanayotgan Mus'hafning eng qadimiy nusxalaridan birini tadqiq etish va nashr qilishda nashriyotlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ushbu keng ko‘lamli madaniy va ma’rifiy yuksalish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli mumkin bo‘lgani ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, “Eldameer” nashri sahifalarida sodir bo‘layotgan uyg‘onishning tarixiy ahamiyati qayd etilib, O‘zbekiston rahbari shafeligida islom mamlakatlari yoshlari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot tanlovini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Tadbirning boy dasturi, jumladan, ishtirokchilarning buyuk muhaddis Imom Al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish uchun Samarqandga rejalashtirilgan tashrifi ham yoritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati