Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyun, 2026   |   16 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:52
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:55
Xufton
21:30
Bismillah
03 Iyun, 2026, 16 Zulhijja, 1447

Er xotin orasi qachon ajratiladi?

25.11.2016   10103   9 min.
Er xotin orasi qachon ajratiladi?

Alloh taolo nikohni muqaddas rishta deya e’lon qilib, behuda sabablar ila ajrashishdan qaytargan. Ammo ba’zi holatlarda ajrimga ruxsat berilgan.

Islom shariatiga ko‘ra ajrim ikki xildir:

  1. Shar’iy ajrim
  2. Qazoiy (qozi tomonidan bo‘ladigan) ajrim

Shari’iy ajrimda iylo, lion, zihor, dindan chiqish, er-xotindan birining Islomga kirishi ila oralari ajratiladi. Ushbu shar’iy ajrimlar fiqh kitoblarida batafsil, ko‘p va xo‘b bayon qilingan.

Qazoiy ajrimga to‘rt fiqhiy mazhablarga ko‘ra, quyidagilar sabab bo‘ladi: nafaqa qilishdan  ojizlik, er-xotindagi ayb, zarar, yomon oilaviy munosabatlar, erning g‘oyib bo‘lishi hamda qamoq. Ushbu masalalar qozining hukmiga bog‘liq bo‘ladi.

 Nafaqadan ojiz bo‘lish. Hanafiy mazhabidan boshqa uch mazhab, ya’ni molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablarida nafaqadan ojiz bo‘lish er-xotin ajratilishiga sabab bo‘ladi.

Ammo, hanafiy mazhabiga ko‘ra, nafaqadan ojizlik sababli er xotin orasi ajratilmaydi. Chunki er goh boy, goh nochor holatda bo‘ladi.

Zero Alloh taolo aytgan:

Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O‘zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur(Taloq, 7 oyat).

Agar er boy bo‘lib, nafaqa qilmayotgan bo‘lsa, ajrimdan boshqa yo‘llar qilinadi, masalan qamab qo‘yiladi yoki majburan moli nafaqa uchun sotiladi.

Ayb va kasallik. Abu Hanifa va Imom Muhammad uch jinsiy kasallik sababidan er-xotin orasi ajratiladi, deyishgan. Ular:

  1. Majbub – erkak jinsiy a’zosi kesilgan bo‘lishi;
  2. Unna – jinsiy ojiz bo‘lish;
  3. Xasy – bichilgan bo‘lish. Mana shu holatlardagina xotin qoziga shikoyat qilib, ajrim talab qilishga haqli. Bunda qozining nikohni fasx – bekor qilishi boin taloq bo‘ladi.

Avvalo, erkak kishidagi bu uch holat oila bo‘lib yashash, oiladan ko‘zlangan maqsadga xalal beradi. Shunda xotin eri bichilgan yoxud jinsiy ojizligi sababli qoziga arz qilishga haqli bo‘ladi. Qozi erkak kishiga bir qamariy oy hisobida muddat beradi. Chunki, erkaklardagi ojizlik bir mavsumda paydo bo‘lib, boshqa bir mavsumda yo‘qolib, holat o‘nglanishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, muqaddas oila rishtasi behuda sabablar bilan uzib, baxt qasri esa buzib yuborilmaydi.

Ayb bilan ikki tomon orasi ajratilayotganda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim:

  1. Ajrimni talab qilayotgan tomon nikoh aqdi payti yoki undan oldin aybdan bexabar bo‘lishi lozim. Chunki boxabarligi shu aybga roziligini anglatadi.
  2. Aqd tuzilgandan keyin aybdan xabar topsa, shu aybga rozi bo‘lmasligi. Agar rozi bo‘lib turgan bo‘lsa, da’vosi asossiz da’vo bo‘ladi.

Ayb sababli ajratilganda mahr masalasi.

Hanafiylarda agar ajrim yaqinlik yoki xilvati sahihadan oldin bo‘lsa, ayolga mahrning yarmi beriladi, chunki ajralish er sababidan yuzagan chiqmoqda. (Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi ayblar erkak kishiga tegishli bo‘lib, bizning mazhabda ayollarga doir ayblar keltirilmagan.) Agar ajralish yaqinlikdan yoki xilvati sahihadan keyin bo‘lsa ayolga idda vojib bo‘ladi, mahr to‘liq beriladi.

Janjal va zarar. Janjal – inson hurmatiga ta’na yetkazadigan darajadagi qattiq nizo. Zarar – erkak kishining xotiniga gap yoki xatti-harakat bilan aziyat yetkazishi. Xuddi, so‘kish, urish va harom ishlarga majburlashi kabi.

Molikiylardan boshqa uch mazhab, agarchi nizo va zarar o‘ta darajada kuchli bo‘lsa ham, ajrimga sabab bo‘lolmaydi. Chunki ayoldagi zararni taloqsiz ham hal etish mumkin, masalan qozining erkakni odobga chaqirishi, jazolashi kabi.

Molikiylarda esa, zarar va janjal sababidan tafriq joiz bo‘ladi, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu so‘zlariga ko‘ra: “Zarar berish ham yo‘q, zarar ko‘rish ham yo‘q”. (Ibn Moja rivoyati)

Qozining bu holatdagi ajrimi – qozining boin taloq tushirishi bilan bo‘ladi.

Erning yo‘q bo‘lib ketishi. Agar er g‘oyib bo‘lsa hanafiy va shofe’iy mazhabiga ko‘ra, garcha muddat uzun bo‘lsada, erning yo‘q bo‘lishi sababidan qozi ularning orasini ajratmaydi. Negaki, bu borada birorta shar’iy dalil sobit bo‘lmagan.

Umumiy xulosa:

Hanafiy mazhabida erkak kishidagi jinsiy ojizlik sababidan xotin qoziga shikoyat qilishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da qozi erkakni o‘zini o‘nglab olishi, davolanishi, uchun bir yil muddat beradi. Erkaklardagi bunday holat sababidan ayolga zulm ham qilinmaydi, erkakka ham muddat belgilanmay oralari ajratib yuborilmaydi. Bundan tashqari, mazhabimizga ko‘ra insonning boy va kambag‘al bo‘lishi, yoxud ilm, kasbu kor talabida ayoli yonida bir muddat bo‘lmasligi, ba’zi sabablar ila hibsga tushishi erkakka ayb yetkazmaydi. Farazan, shu holatlar bilan ayolga ajrim so‘rab qoziga murojaat qilish huquqi berilsa, qanchadan-qancha oilalar ajralib, parokanda bo‘lishiga sabab bo‘lib qoladi. Shariatimizda ayollardagi jinsiy moneliklar ham boshqa yechimlari mavjud bo‘lgani uchun ajrimga sabab bo‘la olmaydi.  Hanafiylik mo‘tadil mazhab bo‘lgani, insonlar holati, turmush tarzi, sharoiti va urf odatlarini e’tiborga olganidan uning ergashuvchilari ko‘pchilikni tashkil etadi.

 Hozirgi kunimizga nazar solsak, ajrimlar ko‘paymoqda, oilaviy janjallar avj olmoqda. Har 4-5 oiladan biri sudga shikoyat bilan ajrim so‘rab chiqmoqda. Mutaxassislar va yarashtiruv komissiyalari shikoyat sababini o‘rganib chiqishganda, ajrimga asosli sabablar deyarli topilmaydi. Kelinga qarshi shikoyatlar: “Tagi past...”, “Mebeli xorijniki emas...”, “Kulib yurmaydi...”, “Dangasa...”, “Onasi beshik qilib, toy obkelmagan...”, “Uy ishlariga uquvi yo‘q...”, “Bir yildan beri tug‘mayapti...”, “Bitta bolani eplolmaydi...”, “Qachon qarasa kasal, yugurib-yelib xizmat qilmaydi...”, “Onasi qudachilikni o‘rniga qo‘ymaydi...” va hokazo iddaolar. Kasalni davolatsa, dangasa, xulqi yomonga nasihat qilsa,  toysiz ham nabira katta qilsa, tagi past bo‘lsada, odobi yaxshi kelin bilan murosa qilib yashasa bo‘ladi. Ammo arzimas sabablar bilan er-xotin orasiga nizo solish, janjal ko‘tarish, xotinga aziyat yetkazish Islom shariatida ma’n etilgan. Yuqorida mazhabimizda ayb erkakda bo‘lsagina, ajrim uchun qoziga murojaat qilish joizligi bildik. Ammo ko‘p qaynona-qaynotalar ayb o‘g‘illarida ekanligini bilib tursalar ham hamma aybni kelindan ko‘rib, oila negiziga o‘zlari bilmagan holda bolta urib qo‘yadilar. Buning aksi o‘laroq, erkak kishiga ham ba’zi asossiz ayblarni ro‘kach qilishadi: “Landovur...”, “Oilani boqolmaydi...”, “Xotini talablarini qondirolmaydi...”, “Bir ish qo‘lidan kelmaydi...”, “O‘ziga to‘q deb o‘ylabman, kambag‘al bo‘lib chiqdi...”, “Institutni tugatmagan...”, “Mashinasi yo‘q...”, “Kasalmand...” kabi iddaolar. Asosiy erga yuklanadigan ayb, maoshining kam bo‘lishi, katta-katta daromadi yo‘qligi. Lekin boylik va kambag‘allik ham Allohdan yetadigan qazoi qadardir. Ayrim ayollar erlari yaxshi topib-tutganda chiroyli muomala qiladilar, ishi orqaga ketganda, biror musibatga yetganda yolg‘iz tashlab ketadilar. Xalqimizda bejizga “Er-xotin qo‘sh ho‘kiz” deyilmagan.

 Yurtdoshlarimiz, xususan, ayollar orasida agar er xorijga ishlagani ketsa yoki uzoq muddat qamoqda o‘tirgan bo‘lsa, “Er-xotin orasiga taloq tushadi” degan “fatvo” tarqab ketgan va buni amalda qo‘llashmoqda ham. Islom shariatiga binoan er qancha uzoq yo‘q bo‘lib ketsada, oralariga taloq tushmaydi, mazhabimizga ko‘ra, bu sabab ila qozi oralarini ajratmaydi ham. Ammo, er bedarak yo‘qolgan, vafot etgan deya hukm chiqarsa, bundan mustasno. Zero, Alloh taolo eri bo‘la turib, boshqa erga tegib ketishni, hali iddasi chiqmay turib, boshqa birovga nikohlanib olishni harom va buzuq ish deb e’lon qilgan.

Alloh taolo barchamizga chiroyli va O‘zi rozi bo‘ladigan turmush kechirishni nasib aylasin!

Vahba Zuhaylining “Al-vajiz fil fiqhil islamiy”

kitobi asosida Toshkent Islom instituti

o‘qituvchisi Faxriddin Muhammad Nosir tayyorladi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning shiorlarini ulug‘lash - qalb taqvosi

03.06.2026   2682   1 min.
Allohning shiorlarini ulug‘lash - qalb taqvosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Misr Bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib bunday deydi:

So‘nggi yillarda “Ka’bani tavof qilishdan ko‘ra, kambag‘allarni tavof qiling”, “Qurbonlik uchun sarflanadigan mablag‘ni sadaqa qilish uni so‘yishdan yaxshiroq”, “Och insonning og‘zidagi bir luqma mingta masjid qurishdan afzal” kabi noto‘g‘ri tushunchalar keng tarqalmoqda.

Bu kabi chaqiriqlar Islom shiorlaridan bo‘lgan amallarni kamsitish va odamlarni ulardan qaytarishga qaratilgan harakatdir. Ehtimol, bunday fikrlarni ilgari surayotgan kishilar dinning asl mohiyati va uning ahkomlaridan yetarlicha xabardor emasdirlar.

Faqir, miskin va muhtoj insonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bo‘lgan, bugun ham bor. Ammo o‘tgan asrlar davomida ulamolardan yoki solih zotlardan hech kim bunday gaplarni aytmagan.

Nega:

– haftada ikki marta go‘sht sotib olmang, oyda bir marta olib, qolgan mablag‘ni kambag‘allarga bering, deyilmaydi?

Nega:

– sigaret chekmang, uning pulini muhtojlarga ehson qiling, deyilmaydi?

Nega:

– to‘y va marosimlarni ixchamlashtirib, ortiqcha xarajatlarni kambag‘allarga sarflang, deyilmaydi?

Nega:

– yozgi dam olish maskanlariga bormang, o‘sha mablag‘ni muhtojlarga ajrating, deyilmaydi?

Nega aynan ikkisi ham fazilatli va savobli bo‘lgan amallar o‘zaro taqqoslanadi?

Bunday da’volar ko‘pincha dinning qadriyatlariga putur yetkazishni maqsad qilgan kimsalar tomonidan o‘ylab topiladi. Eng achinarlisi esa, aksariyat hollarda bu kabi gaplarni aytayotganlarning o‘zlari muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishda faol emaslar.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Kim Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblar taqvosidandir (Haj surasi, 32-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar