DAFNA, lavr – lavrdoshlar oilasiga mansub doim yashil daraxt yoki butalar turkumi. Bargi ketma-ket, qalin, to‘q yashil, usti yaltiroq, Guli oqish-sariq. Mevasi qora yoki ko‘k, danakli, birurug‘li. Asl dafna turi ko‘proq tarqalgan. O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida, Kavkaz va Qrimning Qora dengiz sohillarida, Ozarbayjonda o‘stiriladi. Quritilgan bargi ziravor sifatida ishlatiladi.
DAFNA yaprog‘i (lavroviy list – rus.) – dafna daraxtining quritilgan bargi, xushbo‘y hidli ziravor. Tarkibida 3% gacha efir moyi bor. Pazandachilikda ishlatiladigan dafna yaprog‘i to‘q yashil, och yashil rangda, kalta bandli, mazasi taxirroq. Suyuq va quyuq ovqatlarga, sho‘rvalarga solinganda (suyuq ovqatlarga ovqat pishishidan 5 minut oldin, quyuq ovqatlarga 10 minut oldin) o‘ziga xos ta’m va xushbo‘ylik beradi, tuzlamalarga qo‘shiladi; g‘oz, o‘rdak, baliq go‘shtlari, konserva va qandolatchilik sanoatida ishlatiladi. Tuzlashda 100 kg karamga 3—4 dona yaproq ishlatiladi. (“O‘zME”dan)
Qadimdan lavr so‘zi omad, ulug‘lik, g‘alaba va sharaf so‘zlari ma’nosini beradi. Lavr yaproqli shoxchalari guldastasi bilan musobaqa g‘oliblarini taqdirlashadi. “Laureat” so‘zining ma’nosi ham lavrlarga burkangan ma’nosini beradi. Bu barglar nafaqat ziravor sifatida, balki shifobaxsh xususiyatlari bilan qator illatlardan forig‘ bo‘lishda ham qo‘l keladi: uni iste’mol qilish bilan organizmdagi qand miqdorini ham pasaytirish mumkin. Faqat bugina emas.
Yangi uzib olingan dafna yaproqlari quritilgach, quruq xonada saqlansa, bir necha yilgacha o‘zining foydali xususiyatlarini yo‘qotmaydi. Uzilgan yaproqlari sanoat uslubida qayta ishlov berilgach, ulardan efir moyi tayyorlanadi. Bu yaproqlar efir moylariga juda boy. Kimyoviy tarkibida qator organik kislotalar mavjud – kapron, uksus va valeryan, antibakterial xususiyatlarga ega bo‘lgan fitonsidlar, xushbo‘y moddalar, mikroelementlar va moyli kislotalar mavjud.
Dafna yaproqlari damlama yoki qaynatma shaklida qadimdan an’anaviy xalq tabobatida yer yuzining hamma mintaqalarida – sharqiy va g‘arbiy Yevropada, shuningdek Osiyoda turli kasalliklarni davolashda ishlatiladi.
Dafna bargi bozor va do‘konlar peshtaxtalarida sotiladi. U kuchli ta’sir qiluvchi tabiiy antibiotik, shuningdek, modda almashinuv jarayonlarining katalizatoridir.
Dafna bargi qaynatmasining foydalari
Qaynatmasi organizmda yig‘ilgan turli zararli tuzlarni chiqarib yuborishni tezlatadi. Bu qaynatmadagi aktiv moddalar o‘t pufagida paydo bo‘lgan toshlar, bo‘g‘imlarda yig‘ilgan tuzlarni chiqarib yuborishda, shuningdek, xoletsistitga xos bo‘lgan shamollashlarni olishda yordam beradi.
Qaynatmaning qandli diabetda ham bavosirda ham foydasi katta (bunday holda ham davolovchi shifokor maslahatini olish zarur).
Bu tavsiyalar uzoq vaqt davomida har kuni bu qaynatmani iste’mol qilish uchun emas, chunki uni iste’mol qilish bo‘yicha davolanish kursini bir yilda uch haftadan ko‘paytirish mumkin emas.
Dafna damlamasi
Qaynatmasidan damlamasi organizmga yumshoqroq ta’sir qiladi, uni ko‘pincha ich ketishida iste’mol qilinadi.
Bundan tashqari bu damlamaga biroz asal qo‘shilsa, shamollashga qarshi ta’sirli vositaga aylanadi.
Yana shunisi qiziqarliki, bu dori qandli diabetga qarshi mislsiz bo‘lib, umumiy qand miqdorini pasaytiradi.
Birinchi variant bo‘yicha-shamollashdan forig‘ bo‘lish uchun eng yaxshi va foydalisi vanna qilish (bunda bu damlamadan bir litri ham kifoya qiladi), hamda shu damlama bilan artinish ham mumkin. Vanna qilish 15 minutgacha davom etadi, bu muolaja bir hafta davom ettiriladi.
Ikkinchi variant bo‘yicha dafna damlamasi ichiladi, bu esa, allergiyaning birinchi belgilari paydo bo‘lishi bilan kasallikdan va uning birinchi alomatlaridan forig‘ bo‘lishning an’anaviy usulidir (lozim bo‘lsa, bir necha kun ichiladi).
Inson organizmiga ta’siri
Bu o‘simlik yaprog‘i butun dunyoda keng tarqalgan kundali taomlarga solinadigan ziravor bo‘lishi bilan bir qatorda shifobaxsh vositadir. Uning shifobaxshligi xususida to‘xtalamiz. Shifokorlar uning shifobaxsh xususiyatlarini asrlar davomida o‘rganishgan. Buning natijasida quyidagi xulosaga kelishgan, dafna quyidagi xossalarga ega:
Bu ziravor uy sharoitida sizga salomatlikka oid turli muammolarni hal etishda qo‘l keladi.
Dafna yaprog‘i tarkibiga RR, S, V, A vitaminlari va qator foydali elementlar kiradi:
Bu foydali moddalar bizning salomatligimiz uchun kerak, ular inson organizmi uchun muayyan miqdorda har kuni nihoyatda zarur.
Ko‘pchilik dafna yaprog‘i kaloriyali emas deb o‘ylaydi, aslida bunday emas. O‘simlik sifatida u oziqaviy quvvatga juda boy, 100 gramida 313 kkal quvvatga ega.
Dafna yaprog‘i foydalari
Haddan tashqari ko‘p terlaysizmi? O‘zingizga xushbo‘y damlamali vanna tayyorlang (100 g damlamaga 1 l suv hisobida). Sizni asalari chaqib oldimi? Bunda ham sizga dafna yaproqlari qo‘l keladi, yaproqni ari chaqqan joyga bosing, og‘riq bosiladi.
Agar og‘zingizdagi noxush hid bezovta qilayotgan bo‘lsa, bittadan xushbo‘y dafna yaprog‘ini ertalab, tushlikda va kechqurun chaynang, shundan keyin bir soat davomida boshqa narsa yemang va ichmang, bu muolajaning natijasi chiroyli bo‘ladi.
Davolash maqsadida dafna yaprog‘i va yog‘i ishlatiladi. Tarkibida mavjud bo‘lgan yuqori miqdordagi efir moyi va xushbo‘y moddalar, organik kislotalar xalq tabobatida ishtahani yaxshilash, ovqat hazmidagi muammolarni hal qilish, jigar, oshqozon-ichak yo‘llari kasalliklarini davolash, bo‘g‘imlarni davolash va peshob haydovchi vosita sifatida qo‘llanadi. Tarkibida yuqori miqdorda mavjud bo‘lgan fitonsidlar immunitetni kuchaytirish va sil kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Uning yog‘lari revmatizm, falaj va shamollashni davolashda teriga surtib ishlatiladi.
Davolanish maqsadida dafna yaprog‘ining faqat sifatlisini ishlatish lozim, yaproqlar zaytun rangida va o‘tkir xushbo‘yligini yo‘qotmagan bo‘lishi lozim. Ishlatishdan oldin barglarni birma-bir ko‘zdan kechirish va sovuq suvda yuvib olish zarur. Uni bir yildan ortiq saqlanmaydi, bu muddatdan so‘ng u o‘z xususiyatlarini yo‘qotadi va achchiq bo‘lib qoladi.
Dafna yaprog‘i xalq tabobatida qator kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Quyida dafna yaprog‘idan turli kasalliklarni davolash maqsadida tayyorlanadigan dori-darmonlarni keltiramiz:
Artrit i bo‘g‘im og‘riqlari, bo‘g‘imlarni turli tuzlardan tozalash va organizmdan har xil xiltlarni chiqarib yuborish uchun 5 gram dafna yaprog‘ini sirli kastryulga solib 300 millilitr suvda past olovda 5 minut davomida qaynatiladi. So‘ng yaxshilab o‘rab qo‘yiladi yoki termosga quyib qo‘yib 3-5 soat tindiriladi. Aralashmani dokadan o‘tkazib, kun davomida oz-ozdan xo‘plab-xo‘plab ichiladi. Bunday qaynatmani har kuni yangidan tayyorlab uch kun davomida ichiladi, bir hafta o‘tkazib, bu muolaja takrorlanadi. Birinchi yil muolajani har uch oyda bir marta, keyingi yillarda yiliga bir marta amalga oshiriladi. Bu muolaja davomida go‘shtli ovqat yeyilmaydi, alkogol ichimliklar ichilmaydi. Aralashma ichilgan kunlarda og‘riq vaqtincha biroz kuchayishi mumkin. Bu qaynatmani organizmning umumiy holatini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish maqsadida ham ichish mumkin.
Siquvchi og‘riqlar. Maydalangan dafna yaprog‘idan 5 g ini termosga solib, ustidan 300 ml qaynab turgan suv quyiladi, 3 soat davomida tindiriladi, so‘ng dokadan o‘tkaziladi. Mayda-mayda xo‘plab bo‘lib-bo‘lib 12 soat davomida ichiladi. Bu retsept asosidagi muolaja 2 kun davom ettiriladi.
Qandli diabet. 10 ta dafna yaprog‘ini termosga solib, ustidan 3 stakan qaynab turgan suv quyiladi, 2-3 soat tindiriladi. Damlama kuniga 3 mahal ovqatlanishdan 30 minut oldin yarim stakandan ichiladi. Bu muolaja ikki hafta davom ettirilgach, ikki hafta tanaffus qilinadi. Damlama ikki hafta ichilgach, organizmda uglevod almashinuvi me’yoriga keladi, qand miqdori joyiga tushadi.
Buyrak yetishmovchiligi. 1 choy qoshig‘ida maydalangan dafna yaprog‘i 2 stakan suvda kuchli olovda qaynatilib, 2 soat davomida tindiriladi, kuniga 2 mahal 1 osh qoshig‘ida ichiladi.
Psoriaz. 10 ta yirik dafna yaprog‘ini termosga solib, ustidan yarim litr qaynoq suv quyiladi, 2 soat tindirib, dokadan o‘tkaziladi. Tayyorlangan damlama kuniga 3 mahal ovqatlanishdan 20 minut oldin yarim stakandan ichiladi.
Quloq oqishi. 2 osh qoshig‘ida maydalangan dafna yaprog‘i ustidan 200 ml gram qaynab turgan suv quyiladi, 1-2 soat tindiriladi. Damlamadan kuniga 3 mahal yoki 1 mahal kechqurun uxlash oldidan quloqqa tomiziladi (dori tomizilgach, quloqqa paxta-tampon tiqib qo‘yish lozim).
Govmichcha. 3 ta katta yaproq 1 stakan suvda choynak yoki krujkada qaynatiladi. Sovib qolmasidan issiqligin choy kabi oz-ozdan ichiladi. Shu tartibda har soatda yangi yaproqlar solib, davom ettiriladi. Kun davomida 6-7 stakan ichiladi. Tun davomida govmichcha pishib chiqadi, ertalab tuzalib, yo‘q bo‘ladi.
Gaymorit.10 ta yaproq ustidan 1 litr suv quyib, past olovda 5 minut davomida qaynatiladi. Olovdan olinadi. Bosh ustidan sochiq yopib, o‘ralib, 5 minut davomida qaynatma bug‘idan nafas olinadi. Zarurat bo‘lsa, bu muolaja yana takrorlanadi. Muolajadan so‘ng yiring qaytib boshlaydi.
Bo‘g‘in kasalliklari, titroq, shol, falaj, uzoq yotgan kasallik oqibatida hosil bo‘lgan a’zolarning qotib, jonsiz bo‘lib qolishi. 30 g maydalangan yaproq ustidan 200 g kungaboqar- pista yog‘i quyiladi. Issiqda 7-10 kun tindiriladi (yoki 1 soat manti qasqonga o‘xshash idishda qizdiriladi) va dokadan o‘tkaziladi. Tayyor bo‘lgan dori kasal a’zoga sirtdan surtiladi.
Stomatit. Yangi dafna yaprog‘ini chaynaladi.
Asalari chaqqanida. Yangi dafna yaprog‘i chaynab, og‘izdan olinib, asalari chaqqan joyga qo‘yib, ustidan bog‘lab qo‘yiladi.
Dafna yaprog‘idan tayyorlangan damlama bilan muolaja qilayotib, organizm reaksiyasini kuzatib boring. Biriktiruvchi xususiyatlariga ko‘ra dafna qabziyat keltirib chiqarishi mumkin. Bunday xastalikka ilgaridan moyilligi bo‘lgan kishilarga qizil lavlagi iste’mol qilib, dafnali dori iste’mol qilish miqdorini kamaytirish tavsiya etiladi.
Dafna yaprog‘i shifobaxsh xossalari:
Tarkibida mavjud bo‘lgan efir moylari va xushbo‘y moddalar bu ziravor butun organizmga shifobaxsh ta’sir etishiga imkon beradi. Uning muhim va qimmatli xossalaridan yana biri kishida sil kasalligi rivojlanishining oldini oladi.
Qandli diabetda
Ko‘pchilikni qandli diabetda dafna foydalimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Diabetning 1-xil ko‘rinishida odatda insulin qabul qilishga zarurat bo‘lmaydi. Qandli diabetning 2-xil ko‘rinishida qisqa vaqt ichida organizmdagi qand miqdori o‘ynab-o‘zgarib turadi. Bu kasallik tomirlarga zarar yetkazadi. Salbiy oqibatlarning oldini olishda dafna yaprog‘i qo‘l keladi. Bu oddiy tabiiy vosita diabetda qondagi qand miqdori va uglevod almashinuvini muvaffaqiyatli me’yorga keltirishda ishlatiladi.
Bo‘g‘imlar uchun ham uning foydaliligi isbotlangan. Bel va suyaklardagi og‘riqlarda ham yordam qiladi. Bo‘g‘imlarni davolashda kuniga 1,5 g dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda dafna yaprog‘i iste’mol qilinadi.
Nojo‘ya ta’sirlari
Dafna allergen o‘simlik bo‘lib, buyrak va jigar faoliyati yetishmovchiliklarida, barcha ichki a’zolar shamollashi kasalliklarida uni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Katta miqdorda uni iste’mol qilish xunuk oqibatlarga olib keladi.
Dafna yaprog‘i iste’mol qilib bo‘lmaydigan holatlar
Dafna yaprog‘ini iste’mol qilish homilador va emizikli ayollarga, o‘tkir yoki surunkali buyrak yetishmovchiligi bor kishilarga, qon ketishiga moyil bemorlarga, oqsil moddalar almashinuvida buzilish kuzatilgan kishilarga mumkin emas. Bunday muolajani boshlashdan oldin shifokor maslahatini olish lozim.
Oddiy dafna oddiy bo‘lmagan kasalliklardan forig‘ qilishi mumkin, lekin nojo‘ya ta’sirining ham oqibati yomon. Mutaxassis shifokor maslahatisiz o‘zini o‘zi davolash og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun davolanishning xalq usullaridan faqat tajribali fitoterapevt maslahati bilangina foydalanish mumkin.
Dafna yaprog‘idan tayyorlangan dorilar iste’mol qilish quyidagi hollarda mumkin emas:
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
25 noyabr 2016 yil
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati