بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Muqaddas dinimizning ilohiy ta’limotida inson uchun zarur bo‘lgan sog‘liqning ulug‘ ne’mat ekanligi, uning qadriga yetish zarurligi alohida ta’kidlangan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir muborak hadislarida:
("إِغْتَنِمْ خمَسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ وَغِنَاكَ قَبْلَ فَقْرِكَ وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ" (رواه البيهقي والحاكم
ya’ni: “Besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: keksalikdan avval yoshlikni, betoblikdan avval salomatlikni, faqirlikdan avval boylikni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishdan avval bo‘sh vaqtni va o‘lim kelmasdan avval hayotlik vaqtni g‘animat biling” – deganlar. (Imom Bayhaqiy, Imom Hokim rivoyat qilgan).
Odamlar nazdida to‘laqonli, saodatli hayot kechirish uchun tananing sog‘lom bo‘lishi, birorta a’zoning xastalikka chalinmasligi, kishi o‘zini sog‘lom, bardam va xushkayfiyat his etishi kerak. Aks holda hayot mazmuni yo‘qoladi, turmushdan fayz ketadi, dunyoning hech qanday lazzati va jozibasi tatimaydi. Hayot shirin, salomat umrguzaronlik qilish undan ham shirin. Baxtli-saodatli turmush kechirish uchun esa insonga avvalo sog‘liq kerak. «Eng shirin lazzat salomatlikdir», degan Luqmoni Hakim. Biror joyingiz og‘rib tursa, biror kasallik bezovta qilib turgan bo‘lsa, sizga hech narsa tatimaydi. Shu bois ham butun dunyoda odamlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish yo‘lida katta sa’y-harakatlar qilinadi va ko‘p mablag‘lar sarflanadi.
Demak, odamlar nazdida to‘laqonli, saodatli hayot kechirish, Alloh taoloning amr-farmonlarini bajarish, ibodatida qoim bo‘lish uchun eng avvalo tananing sog‘lom bo‘lishi, birorta a’zoning xastalikka chalinmasligi, kishi o‘zini sog‘lom, bardam va xushkayfiyat his etishi kerak.
Insonni yaratgan Alloh taolo boshqa sinovlar qatori turli xastaliklarni ham yaratgan. Ayni paytda ularni muolaja qilish yo‘llarini, xastaliklarning davosini ham insonlarga bildirib qo‘ygan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
(وَالَّذِي هُوَ يُطْعِمُنِي وَيَسْقِينِ وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ (سورة الشّعراء/79-80
ya’ni: «Uning O‘zigina meni yedirur va ichirur. Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur». (Shuaro surasi, 79-80-oyatlar).
Yana bir oyati karimada esa Alloh taolo O‘zi yaratgan mittigina maxluqi asalarilarga odamlar uchun shifobaxsh bo‘lgan asal to‘plash vazifasini yuklab qo‘yganini zikr qiladi:
(... يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ (سورة النّحل/69
ya’ni: “Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir”. (Nahl surasi, 69-oyat).
“Al-Jome’ li-ahkomil Qur’on” tafsir kitobining sohibi mazkur oyati karima mazmuni betob kishi albatta dardi muolajasini olish va o‘z vaqtida davolanishga dalolat qiladi, deb qat’iy takidlaydi.(5 juz, 90 bet )
Aziz namozxonlar! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan ham insonlarning salomatligini asrash, turli xastaliklar muolajasi haqida ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Hatto hadis kitoblarimizda “Tibbun-Nabaviy” (Payg‘ambar tabobati) degan alohida boblar ham bor. Quyida ana shunday hadisi shariflardan ayrimlarini keltiramiz:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
("مَا أَنْزَلَ اللهُ دَاءً إلاَّ أَنْزَلَ لَهُ شِفَاءً" (رواه البخاري
ya’ni: «Alloh qaysi bir dardni tushirgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgandir», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Sa’d roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
"اذا سِمِعْتُمْ بِالطَّاعُونِ بِأَرْضٍ فَلاَ تَدْخُلُوها، وَاِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ وَأَنْتُمْ بِهَا فلا تَخْرُجُوا مِنْها"
(رواه البخاري).
ya’ni: «Agar biror yerda o‘lat borligini eshitsangiz, u yerga kirmanglar. Bordiyu u sizlar turgan yerda tarqasa, u yerdan chiqmanglar», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Barcha mavjudodlar ichida azizu mukarram va aql-idrok sohibi qilib yaratilgan inson zoti o‘zining botiniy va zohiriy tan a’zolarini Alloh taolo belgilab va ko‘rsatib qo‘ygan o‘rinlarda foydalanishi va ishlatishi lozim bo‘ladi. Zero, inson ularning har biri to‘g‘risida mas’uldir. Bu haqda Alloh taolo ogohlantirib aytadi:
وَلَا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولًا
(سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/36)
ya’ni: “(Ey, inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)”.
Shu bilan bir qatorda inson o‘ziga omonat qilib berilgan barcha tana a’zolari va aqlini turli yomon illatlardan, zararlardan avaylab saqlamog‘i lozim. Xususan, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi asrimizda olamshumul tarzda keng tarqalayotgan yuqumli OITS kasalligidan ehtiyot bo‘lish kerak bo‘ladi. Zero, inson o‘z sog‘lig‘ini asrashga mas’ul ekanligi haqida Alloh taolo oyati karimada: “O‘zlaringizni asranglar”, - deb aytadi. Bu muborak oyati karimada Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarga sog‘liqlarni asrashga buyurmoqda.
Ma’lumki, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan bu kasallikni davolash va tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Keyingi yillarda bu yuqumli kasallik bo‘yicha 150ta davlatlarda “Milliy hay’atlar” tuzildi va ular katta miqdorda mablag‘ bilan ta’minlandi, “Global jamg‘arma” ta’sis etildi. Bu kasallikning oldini olish va uni odamlar o‘rtasida keng tarqalmasligi uchun zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlardir.
Shuningdek, har yili 1 dekabr OITS ya’ni, ortirilgan immun-tanqislik sindromiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.
Bu yuqumli kasallik ijtimoiy kasallikdir. Shuning uchun u keng ma’noda nafaqat iqtisodiy, siyosiy zarar keltiradi, shuningdek, oilaviy, ruhiy, ma’naviy, axloqiy jihatdan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, kasallikning oldini olish, davolash, tarqalishini cheklash ishlarida aql-zakovat bilan ish tutish katta ahamiyatga ega. Shu sababli ruhiy to‘siqlarni bartaraf etish kerak bo‘ladi. Buning uchun har qanday sharoitda ham axloq, odob va o‘zaro hurmat ruhida yashash, har bir inson o‘z haq-huquqini yaxshi bilgan holda o‘zini va o‘zgani himoya qila bilishi, ma’naviy va madaniy javobgarlikni o‘z burchi deb bilishi kerak bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Jamiyatimizda oz bo‘lsada uchrab turgan giyohvandlik kabi illatlar hozirgi kunda butun jahonda o‘ta murakkab muammolardan bo‘lib qolmoqda. Insoniyat va jamiyat uchun baloyu-ofat bo‘lgan mazkur illatlarni tag-tugi va ildizi bilan yo‘q qilish uchun ilmiy asoslangan, samarali usullardan foydalanishimiz kerak.
Dono xalqimiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshiroq!”, - deydi. Ehtimol, orangizda aksariyatingiz “Biz bunday zararli illatlardan yiroqmiz” deb o‘ylashlari mumkin. Ammo musulmon kishining zimmasida shundayin ulug‘ vazifa borki, u o‘zi mo‘min va taqvoli bo‘lish bilan birga jamiyatdagi boshqa insonlarni ham shunday bo‘lishga chorlashi lozim. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisda aytilganidek,
("لاَ يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتىَّ يُحِبُّ لِأَخِيهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ" (رواه البخارى وﻣﺴﻠﻢ
ya’ni: “Sizlardan hech biringiz o‘zi sevgan narsani birodariga ham bo‘lishini istamaguncha haqiqiy mo‘min bo‘lmaydi” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Ushbu hadisdan shu narsani tushunishimiz kerakki, ya’ni o‘ziga ravo ko‘rgan farovon hayot, sog‘liq va salomatlikni boshqalarga ham ravo ko‘rish, ularni halokatga yetaklovchi illatlardan qaytarish haqiqiy mo‘minlik alomatlaridandir. Shuning uchun mahalla-ko‘y, tashkilot va o‘quv yurtlarida bo‘lganimizda yoshlarga, giyohvandlik va tamaki chekishning zararlari va ofatlari haqida erinmay tushuntiraylik, ularni bu gunoh va qaltis yo‘ldan qaytarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilaylik!
Mamlakatimizda inson salomatligi muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash borasida olib borilayotgan chuqur islohotlar, to‘plangan boy tajribalarni hech kim inkor qila olmaydi.
Inson salomatligi eng ulug‘ ne’mat ekanligi barchaga ma’lum bo‘lgan holda, uning qadriga yetish uni asrab-avaylash har doim ham muhim masalalardan bo‘lib kelgan. Sog‘lom odam olamni ham tiniq mushohada qiladi va aniq fikrlaydi. Ajdodlarimiz sog‘ tanda sog‘ aql deb bejiz aytishmagan. Zero, dunyoning obodligi, yurtning tinchligi hamda xalqning farovonligiga erishishda sihat-salomatlik asosiy o‘rin tutadi.
Davlat tomonidan onalar va bolalar salomatligini avaylab-asrash bo‘yicha qilinayotgan ishlarni barchamiz bilamiz. Bu yil “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilingani va bu borada katta hajmdagi dasturlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga biz o‘zimiz oilamiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i bilan qanchalik qayg‘urmoqdamiz? Musulmon erkaklarning asosiy burchlaridan biri o‘zining qaramog‘idagilarning Alloh uni mas’ul qilib qo‘yganlarining sog‘lig‘ini ehtiyot qilishdir. Uy-joyni, avtomashinini ta’mir qilishga katta xarajat qilayotganimizda ota-onalarimiz, farzandlarimiz va oilalarimiz sog‘lig‘i uchun nima qildim? degan savolni qo‘ya bilaylik.
Alloh taolo barchalarimizni, xususan yosh avlod bo‘lgan aziz farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom bo‘lishi uchun olib borayotgan xolis harakatlarimizda, targ‘ibot va tashviqot ishlarimizda muvaffaqiyatlar ato etishini so‘rab duolar qilamiz! Omin.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.