Saudiya Arabistoni Podshohligida nashr etiladigan «Ukkoz» gazetasining 2016 yil 12 sentyabr sonida e’lon qilingan.
Maqolada Ka’bai muazzama to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
1. Al-hajar al-asvad (qora tosh);
2. Bobul-ka’ba (Ka’ba eshigi);
3. Al-miyzabu, miyzabur-rahma (rahmat tarnovi);
4. Ash-shazuravon (qoziq);
5. Hajaru Ismoil (al-Hatim);
6. Al-multazam;
7. Maqom Ibrohim alayhissalom;
8. Ruknul-hajar al-asvad;
9. Ar-ruknul-yamoniy;
10. Ar-ruknush-shomiy;
11. Ar-ruknul-iroqiy;
12. Sitarul-ka’ba;
13. Jigar rang marmar chizig‘i.
Ka’bai muazzama kaliti
Uzunligi 25 sm
Ka’baning maxsus xizmatchisida saqlanadi.
Suvalgan joy
Ka’bai muazzamaning eshigi va rukni iroqiy o‘rtasi - sharqiy devoridagi kichkina chuqurcha uzungligi 2 m, eni 112 sm, chuqurligi 28 sm.
Bu Jabroil alayhissalom namoz o‘qigan joylari va Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning Makka fathi kuni xonai Ka’badan chiqib, namoz o‘qigan joylari.
1377 h. yil ziyoratchilar beixtiyor qoqilishlarining oldini olish maqsadida chuqurcha to‘latilib, suvab qo‘yildi va atrofidagi oq marmardan ajralib turadigan chiroyli rangli to‘rtburchak marmar qoplandi.
Xonai Ka’ba ustunlari Tik daraxtidan (subtropik iqlimda o‘suvchi nihoyatda mustahkam daraxt, kemasozlikda ishlatiladi - tarjimon) ishlangan 3 ta ustun mavjud bo‘lib, har birining aylanasi 150 sm, diametri 44 sm.
Ka’ba poydevorlari
Ka’ba poydevorlarini Ibrohim alayhissalom bino qilganlar.
Saudiya Arabistoni muhandislari 1417 h. yil umumiy ta’mirlash jarayonida poydevor g‘ishtlari tuyaning bo‘yni shaklida (solkash qilib - tarjimon) bir-biriga biriktirib, mustahkam qurilganligi zamon ta’siridan – yemirilishdan va boshqa talofatlardan himoyalanganiga yana bir marta ishonch hosil qilishdi.
Tomi
Har qanday chirishdan himoyalangan mustahkam tik daraxti tanasidan tayyorlangan 23 ta taxta-to‘sin bilan yopilgan.
Devor qalinligi
Devor qalinligi 90 sm.
Tosh-g‘ishtlari
1614 ta g‘isht
Ulardan eng kattasi 190x50 sm;
Eng kichigi 50x40 sm.
Yangi kisva (ka’bapo‘sh)
Sof tabiiy shoyidan to‘qilgan;
Belbog‘ida Qur’oniy oyati karimalar bitilgan;
Ka’bapo‘shning rangi qora;
Qiymati 22 million riyol (qariyb 6 million dollar);
Ka’bai muazzama eshigi pardasining uzunligi 6,5 metr, eni 3 metr;
Ka’bapo‘sh balandligi 14 metr bo‘lib, besh qismdan tashkil topgan, ulardan to‘rttasi Ka’bai muazzamaning to‘rt tomonini qoplab turadi, beshinchisi Ka’ba eshigiga osilgan pardadan iborat.
Ka’bapo‘shning to‘rt tomonidagi belbog‘i uzunligi 47 metrdan iborat, eni 95 sm. Belbog‘ umumiy Ka’bapo‘shning uchdan bir qismi – yuqori qismini egallagan, 16 bo‘lak, oltin va kumush tolalar bilan ziynatlangan.
Nuriddinov Jaloliddin tarjima qildi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir tanga otamning stolida o‘nlab yillar davomida turar edi. Unda Qur’oni karimdagi ushbu oyat bitilgandi:
﴿وَٱللَّهُ خَيْرُ ٱلرَّٰزِقِينَ﴾
“Va Alloh eng yaxshi rizq beruvchidir” (Juma surasi, 11-oyat).
Otam bu oyatning ma’nosiga qattiq ishonardi. Rizq haqidagi e’tiqodi har kuni takrorlaydigan ushbu duosida ham mujassam edi:
اللهم ارزقني وارزق مني
“Ey Robbim, menga rizq ber va meni boshqalarga rizq yetishiga sababchi qil!”.
Bu duo qalbimga chuqur o‘rnashib qolgan. Otam uni menga yoshligimdan o‘rgatgan va har doim bunday derdi:
— O‘g‘lim, doimo: “Ey Robbim, menga rizq ber va meni boshqalarga rizq yetishiga sababchi qil”, deb duo qil. Alloh seni rizqlantirsin va sen orqali boshqalarni ham rizqlantirsin.
Otamning bu uzluksiz duosi ijobat bo‘lgan edi. Chunki Alloh taolo unga kutmagan joylardan rizq ato etardi. U esa bu ne’matni faqat o‘zi uchun emas, balki boshqalarga manfaat yetkazish vositasi deb bilardi.
Otam doimo yaxshilik oqimi bo‘lishga intilar, ne’matlarni o‘zida to‘plab qo‘yishni istamasdi.
Bir kuni u farzandlaridan biri uchun yer maydoni sotib olmoqchi bo‘ldi. O‘ziga ma’qul bo‘lgan yerni tanlab, vositachiga:
— Bu yerni oldim, — dedi.
Vositachi dastlabki kelishuvni qayd qilish uchun daftarini chiqarganida, otam:
— Hojati yo‘q. Bir hafta ichida notarius huzurida shartnomani rasmiylashtiramiz, — dedi.
Oradan bir-ikki kun o‘tib, unga avvalgisidan ham yaxshiroq va uyga yaqinroq bo‘lgan boshqa yer taklif qilishdi. Shunda otam ikkilanib qoldi. Chunki avvalgi yerni sotib olishga so‘z bergan edi.
Uning oldida ikki yo‘l bor edi: vositachiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rab, yangi yerni olish yoki bergan so‘zida turish.
Ko‘pchilik ehtimol birinchi yo‘lni tanlardi. Axir kelishuv hali og‘zaki edi, rasmiy shartnoma tuzilmagan, oradan ikki kungina o‘tgan edi.
Lekin otam boshqacha qaror qildi. U bergan so‘ziga vafo qilib, birinchi yer maydonini sotib oldi.
Bu voqeani eshitganimda otamdan so‘radim:
— Ota, vositachiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rasangiz bo‘lmasmidi? Axir hech kim zarar ko‘rmasdi-ku.
U javob berdi:
— Yo‘q, bo‘lmaydi. Men insonga bergan va’damni buzgan bo‘lardim.
Men:
— Lekin bu unchalik katta masala emas-ku, — dedim.
Shunda u menga hayotim davomida unutmaydigan bir gapni aytdi:
— O‘g‘lim, insonning qadri uning so‘zi bilan o‘lchanadi. Doimo so‘zingning qadriga yet. So‘zi yengil odamlardan bo‘lma!
Otam, Alloh rahmat qilsin, og‘zaki aytilgan so‘zni ham imzolangan shartnoma kabi majburiyat deb bilardi. Uning nazdida so‘z — shartnoma edi.
Oradan vaqt o‘tdi. Keyinchalik otam sotib olgan o‘sha yer maydoni uchun ancha yuqori narx taklif qilindi. U yerni yaxshi foyda bilan sotdi va yana kutmagan joydan rizq eshiklari ochildi.
Bu voqeadan katta saboq oldim.
Mening ishonchim shundaki, inson hatto og‘zaki bo‘lsa ham va’dasiga vafo qilishga harakat qilsa va boshqalarning rizqiga sabab bo‘lishni istasa, Alloh taolo unga kutmagan joylardan baraka va rizq ato etadi.
“Kutmagan joydan” degani shuki, inson qancha reja tuzmasin, hisob-kitob qilmasin, rizq ba’zan umuman o‘ylamagan tomondan keladi. Go‘yo bu yaxshilikka berilgan ilohiy mukofotdek.
Qur’oni karimda marhamat qilinganidek: “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”.
Otam endi oramizda yo‘q. Ammo uning hayoti, so‘zga vafosi va insonlarga qilgan yaxshiliklari hamon qalbimizda yashaydi.
U haqida qancha she’r yozmay, qancha gapirmay, uning haqiqiy qadrini to‘liq ifoda etib bo‘lmaydi.
Uning vafotidan keyin ko‘z yosh to‘kishdan ko‘ra, hayotidan ibrat olish muhimroq. Chunki insonni abadiy yashatadigan narsa – uning ortidan qolgan yaxshi nomi va ezgu amallaridir.
Davron NURMUHAMMAD