Qur’oni karimning yodlanishi, tilovati va tushunishning oson bo‘lishi ham Alloh taolo tomonidan bandalariga ikrom, rahmat va fazilatidir. Alloh taolo «Qamar» surasining 17, 22, 32 va 40-oyatlarida:
«Darhaqiqat, Biz Qur’onni zikr uchun oson qildik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!» deya marhamat qilganidek, Qur’onni zikr uchun oson qilib qo‘ymaganida, uni to‘liq yodlash, o‘rganish tugul, bitta harfini ham o‘qishga biror kishining qudrati yetmas edi.
Mujohid rahmatullohi alayh «Darhaqiqat, Biz Qur’onni zikr uchun oson qildik» oyati «uning qiroatini yengil qildik» degan ma’noni anglatishini ta’kidlagan. Suddiy esa: «Agar Alloh taolo odamzodga Qur’onni yengil qilmaganida, biror kishi Yaratganning kalomini gapira olmas edi», degan. Imom Qurtubiy yuqorida o‘tgan oyat tafsirida: «Biz Qur’onni yodlashga yengil qildik va uni yodlamoqchi bo‘lgan kishiga yordam berurmiz. Uni yod oluvchi kishi bormi? Unga yordam beriladi»- degan.
Qur’oni karim uni yodlash va o‘qishni odatiy vazifa qilib olgan kishi tomonidan tez va yengil yodlanishi, uni takrorlash va qayta o‘qishga beparvo bo‘lgan kishining esa zehni va xotirasidan tez unutilishida boshqa kitob va (zikr, lafz)lardan butkul farq qiladi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda:
«Albatta, u aziz Kitobdir», degan. (Fussilat surasi, 41-oyat).
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Qur’on bilan bog‘lanib turinglar. Nafsim Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, u (Qur’on) tushovida turgan tuyadan ham ko‘ra qochuvchiroqdir”-deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.)
Yana boshqa bir hadisda Ibn Umar roziyallohu anhudan Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qur’on sohibi tushovlangan tuya egasi kabidir. Agar u bilan bog‘lanib tursa, ushlab turadi. Agar uni qo‘yib yuborsa, qochib ketadi”, dedilar. (Muttafaqun alayh).
Qur’oni karimning mo‘jizakorligi qiyomatgacha davom etadi. Uning tez yod olinib, takrorlab turmasa esdan chiqib qolishi ham ana o‘sha mo‘jizalardan hisoblanadi. Biror she’r yoki baytni yodlab ko‘rgan inson buni xis qiladi. Uni yodlash uchun ancha muncha takror qiladi va yod olgandan so‘ng esa uni yoddan ko‘tarilishi ham sekin joriy bo‘ladi.
Shuning uchun yod olgan suralarimizni doimiy tarzda takror qilib turishimiz va uning har biriga o‘ntadan to yetmish barobargacha savobga sazovor bo‘lishga intilishimiz lozim. Alloh taolo barchalarimizni O‘z Kalomiga muhabbatli insonlardan qilsin. Omiin!
Jaloliddin Hamroqulov
Abdulaziz YO‘LDOSHEV/«Xalq so‘zi». Samarqand shahrida «Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetmishdan ziyod ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.
Konferensiya ishtirokchilari 29 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar va ziyoratgohlardan katta taassurot oldi.
Xorijiy ulamolar bu diyor dunyo sivilizatsiyalar markazi bo‘lgani, Islom tamadduni rivojiga ham muhim hissa qo‘shgani, ko‘plab olimu ulamolarni yetishtirib berganini e’tirof etdi.
Bugun konferensiya ishtirokchilari Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati, moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalarni muhokama qiladi.
xs.uz