Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2025   |   15 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
19:59
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2025, 15 Zulhijja, 1446

Betakror ijodkor edilar...

11.11.2016   6974   6 min.
Betakror ijodkor edilar...

Yashil bahor olib kelgandi uni,
Yoz daryo bo‘yida suvga zor etdi,

Qahraton yonida yurdi har kuni,
Nihoyat suygani – kuz bilan ketdi.

Xurshid Davron

(05.11.2016)

Har bir jon o‘limning totuvchisidir (Anbiyo, 35). Ha, bandalik haqiqati bu foniylikdir. Boqiy qolguvchi yolg‘iz Tangri taolodir. 

Insonga ato etilgan fursat – umr hayotini el-yurt uchun, jamiyat uchun manfaatli o‘tkazishning o‘zi ham bir saodat. Kuni kecha o‘zbek xalqi, o‘zbek she’riyati o‘zining zabardast o‘g‘loni – O‘zbekiston Qahramoni, Hamza nomidagi, Abdulla Qodiriy nomidagi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari sohibi, shoir va ijodkor Abdulla Oripovni boqiy dunyoga kuzatdi.

Abdulla Oripov hozirgi o‘zbek she’riyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni  teran, haqqoniy, o‘ziga xos betakror kuylagan ijodkor edi. O‘z ijodi ila o‘zbek she’riyatiga yangicha badiiy tafakkur yo‘sinlarini olib kirdi. Shoir Yassaviy, Navoiy, Bobur, Cho‘lpon singari ijodkorlar badiiy an’analarining davomchisi bo‘ldi. Ayniqsa, istiqlol yillarida xalqimiz xotirasidan unutilayozgan milliy qahramonlarimiz, buyuk siymolarimiz obrazini haqqoniy gavdalantira olgan, qolaversa, islomiy tafakkurga yo‘g‘rilgan milliy o‘zligimizni tarannum etgan mohir ijodkor edi. Bu borada uning mashhur “Haj daftari ” (1992), “Sohibqiron” (1996) nomli to‘plamlari, “Bobur”, “Savob”, “Bandaga sig‘inma”, “Hidoyat yo‘li”, “Men kimga suyangum”, “Ziyoli”, “Iltijo”, “Oriyat”, “Inson”, “So‘nggi makon” va boshqa ko‘pgina asarini keltirish mumkin.

 Abdulla aka bilan suhbatlarimizning birida: “Taqsir, she’rlaringizda imon haqida tafakkur haqida juda ko‘p yozgansiz”, deya marojaat etganimizda  – Baxil qanchalar dindor bo‘lmasin jannatga kirmaydi, olov o‘tinni yoqib bitirgani kabi hasad hasadchining savoblarini yeb tugatadi deydilar. Men gapni nariroqdan boshlayotganimning sababi bor. Ba’zilarda yuzaki fikrlash qusuri kuchayib ketyapti. Ayniqsa, ozroqqina adabiyotga da’vogarligi bo‘lganlarga bu dardning yuqishi juda yomon. Ijodkor deganimiz, birinchi navbatda, tafakkur qiluvchi jonzotdir. Bu qavm fikrlashsiz yashamasligi, yasholmasligi lozim. Vaholanki, allaqachonlar o‘zini nomdorlar qatoriga qo‘shib bo‘lgan qalamkash birodarlarimizning ko‘plari haligacha Qur’oni karim yoxud hadisi muborakdan ham bexabarlar, deya aytgan edilar. 

Istiqlolimizning ilk yillarida (1992 yil) Abdulla Oripov bilan muborak haj safarida birga bo‘lish nasib etgandi. O‘shanda mohir ijodkor o‘zlarining “Haj daftari” nomli to‘plamlarini bitgan edilar.

Abdulla Oripovning badiiy yuksak ijodi xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin olgan. Buyuk iste’dod sohibining ijod namunalari asrlar davomida muxlislari tomonidan sevib o‘qilishiga shubha yo‘q. Alloh taolodan sevimli shoirimizning oxiratlari obod bo‘lishini, asarlaridagi milliy ruh, ma’naviy poklikdan saboq olgan har bir o‘quvchi uchun u kishiga savob va mukofotlar yetib borishini so‘rab qolamiz.

 

Anvar qori TURSUNOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

MЕN KIMGA SUYANGUM

Bir kun savol berdi yoshgina o‘g‘lon:
– Nechun Allohim deb yig‘laysiz nolon?
Dedim, javobimdan bo‘lmagin hayron,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Tinimsiz aldasa muhit, makoning,
Tortsa oyog‘ingdan do‘stu yoroning.
Shunday o‘tar bo‘lsa har zum, har oning,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Noshukur emasman dunyoda garchand,
Qaydadir menga ham bor balki dilband.
Va lekin tiriklay kuydirsa farzand,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Insofu ishonch ham shirin so‘z bari,
Tiriklik toshqindir yoki ko‘pkari.
To hayot ekansan qochgaydir nari,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Shunchalar kaj erur dunyoi gardun,
Undan diyonatni axtarmoq nechun?
Padar shod o‘z o‘g‘lin bag‘rin etsa xun,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Mingta ko‘z poylaydi bitta joningni,
Joningmas, martabang, balki shoningni,
O‘t qo‘ymay yoqarlar xonumoningni,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Bu ko‘hna dunyoda yashadim nega,
Yaydoq ot misoli bo‘ldim beega.
Malomat qilurman, olomon, senga:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Mendan ranjimasin bo‘lsa do‘st agar,
Balki ularning ham dilida kadar,
Hoynahoy, mendaylar degay muqarrar:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Umr ham oxirlab bormoqda sekin,
Endi sarg‘aymoqda men ekkan ekin.
Mayli, sen o‘zingga suyangil, lekin,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

 

SO‘NGGI MAKON

Qayga borib qo‘nar uchayotgan sor,
Qaysi joyda to‘xtar yuguruk ohu?
Javob berib bo‘lmas bu gapga zinhor,
Bu jihat yopiq, deb aytilgan, yohu.

Uzoq yillar yashash har kimga armon,
Garchi dunyo o‘zi foniy, muvaqqat.
Filda ham bor emish eng so‘nggi makon,
Insonga buyursin Vatani faqat.

 

ORIYAT

Yer yuzin tasmadek olgandir o‘rab,
Turfa qavmlarning safi, qatori.
Bir yonda boyonlar turishar qarab,
Ishlarin hamisha kelgan barori.

Bir yonda yo‘qsillar tizilgan borho,
Boshqalar singari yaxlit jamoat.
Lekin tilanishdan charchamas aslo,
Balki sharaf erur bundayin odat.

Uchinchi qator bor, uchinchi qator,
Xayru ehson kutib, tiz cho‘ka qolmas.
Ular noyob zotlar, oriyati bor,
Oltin tanga uzat, baribir, olmas!

Yangiliklar
Boshqa maqolalar

Harom-halolni ajratmabsiz!

28.05.2025   7508   1 min.
Harom-halolni ajratmabsiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.

Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».

O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.

Abdulmannon Andijoniy