ZANJABIL (Zingiber officinale) - bir pallalilar sinfiga, zanjabildoshlar oilasiga mansub, yo‘g‘on ildiz-poyali ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Asosan, tropik va subtropiklarda tarqalgan. Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda o‘stiriladi. 3anjabil yer osti tanasining hamma qismida efir moyi bor. Qurigan ildizi xushbo‘y hidli va mazali bo‘lib, efir moyiga boy. Maydalanmagan zanjabilning xushbo‘y hidi maydalanganiga nisbatan uzoq saklanadi. Tuyib elaklangan talqoni tabobatda jigar, yurak, me’da xastaligini davolashda ishlatiladi (asal bilan birga choynakka damlab ichiladi). Oziq-ovqat sanoatida konditer mahsulotlari ishlab chiqarishda va pazandachilikda ba’zi ovqatlarga (pishish oldidan) maydalangan holda ziravor sifatida solib ishlatiladi.
«O‘zMEdan»
Zanjabil kishilarga ziravor va shifobaxsh vosita sifatida qadimdan ma’lum. Zanjabil ildizi xalq tabobatida bir necha ming yillardan beri ishlatilib kelinadi.
Shubhasiz, zanjabilning dunyodagi ko‘pchilik xalqlar o‘rtasida ma’lumu-mashhurligi uning shifobaxsh xossalari bilan bog‘liq, bu esa, uning kasalliklarning oldini olish va ularni davolashda universal tabiiy vositaligidandir.
Zanjabilning shifobaxsh xususiyatlari keyingi bir necha o‘n yilliklarda zamonaviy mutaxassislar tomonidan faol o‘rganilmoqda. Tarkibida biriktiruvchi moddalar va gingerol mavjudligi unga o‘ziga xos yoqimli hid berib turadi, qator foydali xossalarga egaligi ham shundan kelib chiqadi.
Bugungi kunda zanjabil ko‘pgina tabiiy dori-darmonlar tarkibiga kiritilib, organizmni turli illatlardan himoya qilishda va bir qancha kasalliklarga qarshi kurashda keng iste’mol qilinmoqda.
Mutaxassislar zanjabilli choyga biroz dolchin qo‘shilsa, uning faolligi va ta’sirchanligi oshishini ta’kidlashmoqda.
Bunday choy bir bo‘lak zanjabil ildizi va dolchinning kichik tayoqchasidan qo‘shib damlanadi. Bu yo‘l bilan damlangan choy biroz o‘tkir mazasi bilan organizm uchun juda foydali bo‘lib, uni mustahkamlaydi.
Zanjabilli choyni muntazam ichish uning juda ko‘p foydali xossalari sababidan tavsiya etiladi:
Jigarni tozalab, undan zaharli moddalarni chiqarib yuboradi
Jigarni har yili bir-ikki marta tozalash zarur. Bu hayotiy muhim a’zo qonni filtrlab turadi va qon-tomir tizimidan zararli va zaharli moddalarni chiqarib yuborish uchun xizmat qiladi.
Zanjabilli choy ichilganida undagi zanjabil va dolchin birikmasi jigarni himoyalab, tozalab turadi, buning natijasida u tozalanib, yengil tortadi va o‘z vazifasini faol bajarishga o‘tadi.
O‘t pufagini sog‘lomlashtiradi
Agar o‘t pufagingizda tosh paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu choydan muntazam ichib yuring, bu nafaqat jigaringizni himoyalashda yordam qiladi, balki shu bilan bir qatorda o‘t pufagingizni ham sog‘lomlashtiradi.
Organizmni ichdan qizdiradi
Bunday qaynoq choy ichilganida qizdiradi va sovuqdan himoya qiladi, shuning uchun uni sovuq va nam havoli kunlarda ichish ayniqsa yoqimli.
Zanjabil organizmni qizdiruvchi ta’sirga ega, ortiqcha kaloriyaga ega bo‘lgan keraksiz energiyani chiqarib yuboradi, tanada me’yordagi haroratni saqlashga yordam beradi.
Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi
Ovqat hazm qilishda muammosi bo‘lgan kishilar oshqozon-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilash maqsadida bu choydan ichishlari mumkin.
Bu choy badanni yaxshigina qizdiradi, ichki a’zolardagi shamollashlarni oladi, qorin dam bo‘lishidan hamda yeldan xalos etadi.
Immun tizimini mustahkamlaydi
Zanjabil ayniqsa kaliy, fosfor va vitamin S ga boy, bu moddalar immunitetni mustahkamlashda, grip va shamollash viruslariga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega.
Zanjabilli choy
Bu tabiiy choyni tayyorlash juda oson, buning uchun zarur mahsulotlarni topish ham qulay, har bir supermarketdan sotib olish mumkin.
Buning uchun: 1 bo‘lak zanjabil ildizi (2 sm atrofida), 1 bo‘lak dolchin, yarimta limon mevasi, 1 stakan suv (250 ml) kerak bo‘ladi.
Tayyorlash yo‘li:
Avval zanjabil ildizini yaxshilab yuvib, sochiq bilan artiladi.
Tayyorlangan 1 stakan suvni qaynatib, unga artilgan zanjabil va dolchin solinadi. Past olovda yana 10 minut qaynatiladi. aynatib, sochiq bilan artiladiulotlarni topish ham qulay, har bir miyatga ega.Qaynatmaga yarimta limon sharbati qo‘shiladi.
Qaynatmani dokadan o‘tkaziladi, bir necha minutdan so‘ng tayyor bo‘lgan choyni kuniga ikki-uch mahal ichiladi.
Zanjabilli choyni ichib bo‘lmaydigan holatlar
Zanjabil va dolchin oshqozonni ko‘p kasalliklardan himoya qilsa ham, ovqat hazm qilish a’zolarida muammosi bor kishilarga bunday choy ichish tavsiya etilmaydi, chunki, zanjabil ham, dolchin ham kuchli qo‘zg‘atuvchi moddalardir.
Shuningdek, uni ichish homilador ayollarga, bolalarga va kuchli antikoagulyant dorilar qatoriga kiruvchi aspirin, varfarin, tiklopidin yoki geparin kabi dori-darmonlar ichib yuruvchi kishilarga tavsiya etilmaydi. Shubha tug‘ilgan yoki bunday choyni ichish natijasida ko‘ngilsiz reaksiya bergan hollarda davolovchi shifokor bilan maslahatlashing.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
11 noyabr 2016 yil
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati