Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Odam savdosi – asr muammosi

11.11.2016   24532   12 min.
Odam savdosi – asr muammosi

 

Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

"Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya (1949), "Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya (1956), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konvensiyani to‘ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida"gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.

Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.

O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi "meros" bo‘lib o‘tdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.

Sanab o‘tilgan transmilliy jinoyatchilik, ya’ni hudud yoki chegara tanlamayotgan jinoyatlarning qaysi bir turini tahlil qilmaylik, ularning barchasi insoniyat sivilizatsiyasiga ochiqdan-ochiq to‘siq ekani, jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirishi ma’lum bo‘ladi.

Bu jinoyatlarning asosiy sababi ma’naviy qashshoqlik, ochko‘zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir. Bugungi kunda insonlar qul qilib sotayotgan ba’zi kimsalar insonlarni hur qilib yaratgan Alloh taolo bilan Xudolikni talashmoqda. Islom dini ko‘rsatmalarida ham insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani ta’kidlanib, qullikka qarshi qat’iy choralar belgilab qo‘yilgan.

  Alloh taolo o‘zining so‘nggi dini Islomni yuzaga chiqarganda quldorlik tuzumi mavjud bir voqe’lik edi. Islom dini insonni hur yaratilganligini ta’kidlab, uni tugatish choralarini ko‘rdi. Qul ozod qilishni savob darajasiga ko‘tardi, buning ustiga tez-tez takrorlanuvchi turli xil xato va gunoh ishlarning kafforatiga qul ozod qilishni buyurdi. Masalan, qasamni buzish, farz ro‘zasini bilib turib buzish kabilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)  “Kim bir mo‘min qulni ozod qilsa, Alloh taolo uning har bir a’zosi uchun buning a’zolarini do‘zaxdan ozod qiladi”, deb marhamat qildilar. Bu hadisda Rasululloh (s.a.v.) qul ozod qilishning fazilatini bayon qildilar chunki bu amal bilan do‘zaxdan qutilish va jannatga kirish mumkin ekan.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qudsiy hadislarida:

 “Alloh taolo: “Uch kishi borki,  men ularga qiyomat kuni xusumatchiman. Mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan kishi. Hur kishini sotib pulini yeydigan kishi.  Mardikor yollab, uni ishlatib va haqqini bermagan kishi”, dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisda Alloh taolo qiyomat kuni uch kishiga rahmat nazari bilan qaramasligi va ular bilan xusumat qilishi bayon qilinmoqda. Alloh taolo kim bilan xusumat qilsa, albatta, uni yengadi. Ular ichida hur kishini sotib, uni hurlikdan mahrum qilib, qullikka solgan kishi ham bor. Bu juda katta gunohdir. Chunki bu holatda inson, odatda qilishi mumkin bo‘lgan ishlardan man etilib, xorlik holatiga tushiriladi va ko‘pincha faqat qorin to‘ydirish uchun ishlashga mahkum qilinadi. O‘tkinchi mol-dunyo uchun vatandoshlarini, qishloqdoshlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmayotgan kishilar, yuqoridagi hadislardagi ma’nolarni bir zum tafakkur qilsalar kifoya. Zero, halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar ham son-sanoqsiz.

Yana bir hadisi sharifda:

“Alloh taolo qiyomat kunida uch kishiga qaramaydi. Hurni sotgan kishi, o‘zini o‘zi sotgan kishi va mardikorning teri qotgandan keyin uning haqqini bekor qilgan kishini”, deyiladi.

Bu hadis ham yuqoridagi hadisni to‘ldirib keladi. Qiyomat kuni ahvoli og‘ir bo‘ladigan kishilardan yana biri o‘zini sotgan kishi ekan. Inson bila turib, o‘zini qullikka solishi ulug‘ gunohlardan hisoblanadi.

Yana bir eng tashvishli holatlardang biri, chet elga noqonuniy tarzda ishga chiqayotgan shaxslarning ko‘pchiligi yuqorida ta’kidlangan yigirma birinchi asrning transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turidan biri – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar vakillarining tuzog‘iga tushib qolmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar natijasida fuqarolarimizning turmush sharoiti uzluksiz yuksalib bormoqda, huquq hamda erkinliklari to‘la ro‘yobga chiqarilishi uchun qulay ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy shart-sharoitlar yuzaga kelmoqda.

Bularning barchasi shaxs erki, uning hayoti, salomatligi va shaxsiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolar huquqiy muhofazasi samaradorligini oshirish, shaxs-davlat munosabatlarida shaxs manfaatlari ustuvorligi tamoyiliga og‘ishmasdan amal qilish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.

Shaxs erki va qonuniy manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida olib borilayotgan tadbirlar orqali amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat shisoblanadi.

Bugungi kunda aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadidagi migratsiya jahon ko‘lamidagi voqelik bo‘lib, o‘zining ko‘pgina ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda.

Bu salbiy hodisa global jarayon sifatida bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Afsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr ko‘rgan hamyurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida"gi qarori bilan odam savdosiga oid noqonuniy harakatlarga qarshi tadbirlar, davlat va jamoa organlari tomonidan bajariladigan eng muhim vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori fuqarolarimiz hayoti va salomatligi, sha’ni, qadr-qimmatini jinoyatchilarning tajovuzlaridan himoyalab, inson va uning huquqlari, manfaatlari eng oliy qadriyat, degan ulug‘ g‘oyani ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir. Odam savdosi qurbonlariga aylangan shaxslarni huquqiy himoyalash, ularni ijtimoiy, iqtisodiy va tibbiy-ruhiy jihatdan reabilitatsiya qilish davlatimiz va jamiyatimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

O‘zbekiston insonparvar demokratik davlat sifatida umume’tirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni o‘z milliy huquq tizimiga keng joriy qilish yo‘lini tutmoqda. Xususan, yuqoridagi xalqaro normalar asosida O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan 2008 yil 17 aprelda "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun hamda uning asosidagi qonun hujjatlari qabul qilindi.

Odam savdosiga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro qonunchilikda ham, O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida ham odam savdosi jabrdiydalari huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi va himoyasini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyasi 25-moddasiga ko‘ra: "Ushbu Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan har bir davlat o‘zining imkoniyatlari darajasida odam savdosidan jabr ko‘rgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish, ayniqsa, qasd olish bilan qo‘rqitishdan himoyalashga qaratilgan yordamni berish majburiyatini oladi.

Har bir ishtirokchi davlat odam savdosidan ziyon ko‘rganlarga tovon undirilishi va ular ko‘rgan boshqa shakldagi zarar o‘rnini qoplash yuzasidan kerakli tartib-qoidalarni joriy etadi".

 Yurtimizda  chet elga chiqib ishlovchi kishilar uchun qonuniy asoslar yaratildi. Jumladan ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi; «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 1-bandiga ko‘ra, fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida faqat Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha mintaqaviy byurolarning ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun   chet   elga   chiqish huquqiga egadirlar.

Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va o‘zaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi mumkin.

Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g‘ayriqonuniy va g‘ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yo‘qqa chiqarilishi – kechirib bo‘lmas jinoyat, og‘ir gunoh!

 

Rajabali NORQUCHQAROV 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   38493   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA