Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
"Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya (1949), "Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya (1956), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konvensiyani to‘ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida"gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.
Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.
O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi "meros" bo‘lib o‘tdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
Sanab o‘tilgan transmilliy jinoyatchilik, ya’ni hudud yoki chegara tanlamayotgan jinoyatlarning qaysi bir turini tahlil qilmaylik, ularning barchasi insoniyat sivilizatsiyasiga ochiqdan-ochiq to‘siq ekani, jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirishi ma’lum bo‘ladi.
Bu jinoyatlarning asosiy sababi ma’naviy qashshoqlik, ochko‘zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir. Bugungi kunda insonlar qul qilib sotayotgan ba’zi kimsalar insonlarni hur qilib yaratgan Alloh taolo bilan Xudolikni talashmoqda. Islom dini ko‘rsatmalarida ham insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani ta’kidlanib, qullikka qarshi qat’iy choralar belgilab qo‘yilgan.
Alloh taolo o‘zining so‘nggi dini Islomni yuzaga chiqarganda quldorlik tuzumi mavjud bir voqe’lik edi. Islom dini insonni hur yaratilganligini ta’kidlab, uni tugatish choralarini ko‘rdi. Qul ozod qilishni savob darajasiga ko‘tardi, buning ustiga tez-tez takrorlanuvchi turli xil xato va gunoh ishlarning kafforatiga qul ozod qilishni buyurdi. Masalan, qasamni buzish, farz ro‘zasini bilib turib buzish kabilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Kim bir mo‘min qulni ozod qilsa, Alloh taolo uning har bir a’zosi uchun buning a’zolarini do‘zaxdan ozod qiladi”, deb marhamat qildilar. Bu hadisda Rasululloh (s.a.v.) qul ozod qilishning fazilatini bayon qildilar chunki bu amal bilan do‘zaxdan qutilish va jannatga kirish mumkin ekan.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qudsiy hadislarida:
“Alloh taolo: “Uch kishi borki, men ularga qiyomat kuni xusumatchiman. Mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan kishi. Hur kishini sotib pulini yeydigan kishi. Mardikor yollab, uni ishlatib va haqqini bermagan kishi”, dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadisda Alloh taolo qiyomat kuni uch kishiga rahmat nazari bilan qaramasligi va ular bilan xusumat qilishi bayon qilinmoqda. Alloh taolo kim bilan xusumat qilsa, albatta, uni yengadi. Ular ichida hur kishini sotib, uni hurlikdan mahrum qilib, qullikka solgan kishi ham bor. Bu juda katta gunohdir. Chunki bu holatda inson, odatda qilishi mumkin bo‘lgan ishlardan man etilib, xorlik holatiga tushiriladi va ko‘pincha faqat qorin to‘ydirish uchun ishlashga mahkum qilinadi. O‘tkinchi mol-dunyo uchun vatandoshlarini, qishloqdoshlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmayotgan kishilar, yuqoridagi hadislardagi ma’nolarni bir zum tafakkur qilsalar kifoya. Zero, halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar ham son-sanoqsiz.
Yana bir hadisi sharifda:
“Alloh taolo qiyomat kunida uch kishiga qaramaydi. Hurni sotgan kishi, o‘zini o‘zi sotgan kishi va mardikorning teri qotgandan keyin uning haqqini bekor qilgan kishini”, deyiladi.
Bu hadis ham yuqoridagi hadisni to‘ldirib keladi. Qiyomat kuni ahvoli og‘ir bo‘ladigan kishilardan yana biri o‘zini sotgan kishi ekan. Inson bila turib, o‘zini qullikka solishi ulug‘ gunohlardan hisoblanadi.
Yana bir eng tashvishli holatlardang biri, chet elga noqonuniy tarzda ishga chiqayotgan shaxslarning ko‘pchiligi yuqorida ta’kidlangan yigirma birinchi asrning transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turidan biri – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar vakillarining tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar natijasida fuqarolarimizning turmush sharoiti uzluksiz yuksalib bormoqda, huquq hamda erkinliklari to‘la ro‘yobga chiqarilishi uchun qulay ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy shart-sharoitlar yuzaga kelmoqda.
Bularning barchasi shaxs erki, uning hayoti, salomatligi va shaxsiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolar huquqiy muhofazasi samaradorligini oshirish, shaxs-davlat munosabatlarida shaxs manfaatlari ustuvorligi tamoyiliga og‘ishmasdan amal qilish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.
Shaxs erki va qonuniy manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida olib borilayotgan tadbirlar orqali amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat shisoblanadi.
Bugungi kunda aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadidagi migratsiya jahon ko‘lamidagi voqelik bo‘lib, o‘zining ko‘pgina ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Bu salbiy hodisa global jarayon sifatida bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Afsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr ko‘rgan hamyurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida"gi qarori bilan odam savdosiga oid noqonuniy harakatlarga qarshi tadbirlar, davlat va jamoa organlari tomonidan bajariladigan eng muhim vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori fuqarolarimiz hayoti va salomatligi, sha’ni, qadr-qimmatini jinoyatchilarning tajovuzlaridan himoyalab, inson va uning huquqlari, manfaatlari eng oliy qadriyat, degan ulug‘ g‘oyani ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir. Odam savdosi qurbonlariga aylangan shaxslarni huquqiy himoyalash, ularni ijtimoiy, iqtisodiy va tibbiy-ruhiy jihatdan reabilitatsiya qilish davlatimiz va jamiyatimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
O‘zbekiston insonparvar demokratik davlat sifatida umume’tirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni o‘z milliy huquq tizimiga keng joriy qilish yo‘lini tutmoqda. Xususan, yuqoridagi xalqaro normalar asosida O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan 2008 yil 17 aprelda "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun hamda uning asosidagi qonun hujjatlari qabul qilindi.
Odam savdosiga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro qonunchilikda ham, O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida ham odam savdosi jabrdiydalari huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi va himoyasini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.
Jumladan, BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyasi 25-moddasiga ko‘ra: "Ushbu Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan har bir davlat o‘zining imkoniyatlari darajasida odam savdosidan jabr ko‘rgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish, ayniqsa, qasd olish bilan qo‘rqitishdan himoyalashga qaratilgan yordamni berish majburiyatini oladi.
Har bir ishtirokchi davlat odam savdosidan ziyon ko‘rganlarga tovon undirilishi va ular ko‘rgan boshqa shakldagi zarar o‘rnini qoplash yuzasidan kerakli tartib-qoidalarni joriy etadi".
Yurtimizda chet elga chiqib ishlovchi kishilar uchun qonuniy asoslar yaratildi. Jumladan ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi; «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 1-bandiga ko‘ra, fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida faqat Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha mintaqaviy byurolarning ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga chiqish huquqiga egadirlar.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va o‘zaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi mumkin.
Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g‘ayriqonuniy va g‘ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yo‘qqa chiqarilishi – kechirib bo‘lmas jinoyat, og‘ir gunoh!
Rajabali NORQUCHQAROV
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi