Bir dugonam aytib bergandi:
Qo‘shnisini onasi betob bo‘lib shifoxonaga tushib qolibdi. Shifokorlar onaxonga qo‘llaridan kelgan birinchi tibbiy ko‘makni berishibdi. Ammo onaning dardi yengillashish o‘rniga og‘irlashib ketibdi. Kunlarining birida shifokor bemorning axvoli yomonlashgani haqidagi xabarni bemor farzandiga yetkazishni shifoxona xodimlarga buyuribdi. Shifoxonadan o‘g‘liga telefon orqali xabar yetkazilibdi. Shunda, farzand shoshgan holatda shifoxonaga - onasining huzuriga otlanibdi. Aksiga olib avto ulovining yoqilg‘isi kam ekani, manzilgacha yetib bormasligini bilgan farzand yoqilg‘i olish uchun yoqilg‘i quyish shahobchasiga kiribdi. Shu payt bir chetda mushuk bolalagani, hali xatto bolachalari yura olmayotganiga ko‘zi tushib, shahobcha xodimidan: “Bu kimning mushuklari?”, deb so‘rabdi. Xodim: “Egasi yo‘q”, - deya javob qilibdi. Shunda bola hayol qilib, egasi bo‘lmasa, mushukni bir necha bolasi xali yura olmasa, qanday ovqatlanadi, deb yonidagi do‘kondan konserva sotib olib, uni ochib mushuk bolalariga taqdim qilibdi. Va shoshilib turganligi bois, shifoxonaga tezda ravona bo‘libdi.
Borib onasi yotgan jonlantirish xonasiga kirsa onasi joyida yo‘q edi. Farzand bir oz o‘yga cho‘mdi. Kech qoldim deb o‘zini koyiy boshladi. Shu payt hamshira o‘tib qoldi. Sarosimaga tushgan farzand: “Kechirasiz shu xonada onam bemor xolda og‘ir yotgandilar”, - deb iymanib so‘radi. Hamshira ona bir oz yaxshi bo‘lganligi uchun boshqa xonaga olinganligini aytib, xonani ko‘rsatdi. Farzand xonaga kirib onaizorini ancha tetiklashib, bemalol yotgan xolida ko‘rdi va xursandchiligi ichiga sig‘may: “Assalomu alaykum, Onajon! Alloh sizga shifo bersin! Nima mo‘jiza ro‘y berdi?” deb so‘radi. Ona: “Bolam! Ahvolim juda og‘ir, hushsiz bir axvolda yotgan edim. Birdaniga bir mushuk va bolachalari paydo bo‘lib, qo‘llarini ko‘tarib, Alloh taologa shifo so‘rab duo qila boshladi. Shunda birdaniga o‘zimda darmon va quvvatni his qildim. Ahvolimni tekshiruvdan o‘tkazgan shifokorlar ham ko‘zlariga ishonmay, hayron qolishdi va meni oddiy xonaga o‘tkazishdi ...”,-deb javob berdi.
Ajabo! Buyuk Allohning karami kengdir. Rahmatining chek-chegarasi yo‘q. O‘zi xohlasa, bir daf’ada balolarni ko‘taradi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Bemorlaringizni sadaqa berib davolanglar!” - deb marhamat qilganlar. Bir jonzotga rahm qilinganga berilgan sadaqa mukofoti shudir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yarimta hurmo berib bo‘lsa ham, olovdan saqlaninglar” - deb bizlarga mehribonchilik ko‘rsatganlar.
Yaxshiliklarimizni bir-birimizdan darig‘ tutmaylik!
Haydarova Munibaxon
Hadichai Kubro ayol qizlar islom bilim yurti
2-kurs tolibasi
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati