Istiqlol tufayli yurtimizda barcha sohalar taraqqiyotiga alohida e’tibor berildi. Qaysi jabhaga boqmang, ijobiy yangilanishlar, ulkan o‘zgarishlarning samaralarini ko‘ramiz. Shular qatorida diniy sohaga ham mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq juda katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Buning birgina misoli tariqasida Bosh Qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizda ham o‘z aksini topgan, bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I. Karimovning Farmoyishlariga binoan mana necha yildan buyon Qurbon va Ramazon hayit bayramlarini va eng asosiysi bo‘lgan ota-bobolarimizning azaliy orzusiga aylangan muborak haj ziyoratini ham emin-erkinlikda ado etib kelmoqda. Bularning barchasi mustaqillikning bizga bergan ulkan imkoniyati va Alloh taoloning bizga bergan inoyati deb bilamiz.
Shu asosda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2016 yil to‘rtinchi chorakka mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq, joriy yilning 29 oktyabr kuni “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari orasida «Diniy sohada mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni yoritib beruvchi “Quvnoqlar va zukkolar” (KVN)» musobaqasi o‘tkazildi.
Tanlovni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Shamsuddin Bahouddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi va tanlov ishtirokchilariga omad tiladi.
Tanlovda bilim yurti 1-kurs talabalarining “Nihol” jamoasi, 2-kurs talabalarining “Yigitlar”, 3-kurs talabalarining “Quvnoq talabalar” jamoasi va 4-kurs talabalarining “Beruniy avlodlari” jamoalari ishtirok etishdi.Ular to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Tanlovda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutidan kelgan bilim yurti o‘qituvchilari hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari, bilim yurti o‘qituvchilaridan iborat besh kishi tanlovga hakamlik qildi.
Birinchi shartda tanishtiruv (salomnoma) sharti bo‘lib, jamoalar o‘zlari jamoa nomi, unga berilgan ta’rif va jamoa a’zolari haqida qisqa ma’lumot berib o‘tdilar. Qo‘shimcha slayd hamda videorolik ishlaridan foydalanildi.
Ikkinchi shart “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobi asosida tayyorlangan tezkor savol-javob o‘tkazildi.
Uchinchi shartda jamoalar mustaqillik yillarida diniy sohadagi yutuqlarni yoritib beruvchi bannerlar, foto-videoslayd, plakatlar, she’riyat olami, ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi.
To‘rtinchi shartda jamoalar uyga vazifa qilib berilgan “Dinning yoshlar turmushidagi tutgan o‘rni” mavzusi orqali ajoyib sahna ko‘rinishlarini ishtirokchilarga havola etishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv natijalariga ko‘ra, birinchi darajali diplom bilan 2-kurs talabalarining “Yigitlar” jamoasi, ikkinchi darajali diplom bilan 1-kurs talabalarining “Nihol” jamoasi, uchinchi darajali diplom bilan 3-kurs talabalarining “Quvnoq talabalar” jamoasi va “Eng faol ishtirok etgan jamoa” yo‘nalishi bo‘yicha 4-kurs talabalarining “Beruniy avlodlari” jamoasi taqdirlandilar. Shuningdek, ishtirokchilarga bilim yurti tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.





SALAMAT KUDAYBЕRGЕNOV,
“Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy”
o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi