Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2026   |   28 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyul, 2026, 28 Muharram, 1448

Afv fazilati

01.11.2016   9778   7 min.
Afv fazilati

“Afv” kalimasining lug‘aviy ma’nosi- “kechirmoq”, “tuzatmoq”, “o‘chirmoq”, “davolamoq”, “ozod qilmoq”, “qutqarmoq”, “afv etmoq”- degan ma’nolarni ifodalaydi. Ulamolar nazdida esa, “ uqubat va zarar yetkazishga qodir bo‘laturib, uni tark qilish”, avf deyiladi.

Arab tilida “safah” kalimasi “afv” so‘zning ma’nodoshi bo‘lib, uni ma’nolari- “gunohidan o‘tmoq””, “uzrini qabul qilmoq” va “oliyjanoblik” kabi ma’nolarda keladi. Ikkisini ma’nolari bir-biriga sinonim bo‘lsada,  “safah” kalimasi ma’no jihatidan keng qamrovli hisoblanadi.

Afv  qilish o‘zaro do‘stlar orasida bo‘lsa, muhabbatni ziyoda qiladi. Arazlashganlar o‘rtasida bo‘lsa, ulfat va bir-birlarini yaqinlashtiradi. Dushman va makrli kishilarga qilinsa, yomonliklaridan omonda bo‘lib, mushkillarni oson, tugun bo‘lib turgan  ishlarni  yechilishiga sabab bo‘ladi. Bundan boshqa unda yana juda ham ko‘plab foyda va manfaatlar mujassamdir. Inshaalloh.

 Afv go‘zal va maqtalgan axloqlardan bo‘lib, Alloh taolo payg‘ambari  va mo‘min-musulmon bandalariga shu sifat bilan ziynatlanishlikka amr etgan. Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ

Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring! (A’rof surasi, 199 oyat).

Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish deganlar. Shu oyat nozil bo‘lgach, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan uni sharhlab berishni so‘ragan ekanlar. Ul zot jumladan: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqdaki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” – degan ekanlar (Tabariy tafsiridan).

Boshqa oyati karimada:

...وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ...

...Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting... (Oli Imron surasi, 159 oyat).

  Yana boshqa oyatda esa,

فَاصْفَحْ عَنْهُمْ وَقُلْ سَلَامٌ فَسَوْفَ يَعْلَمُونَ

Bas, (Ey, Muhammad!) Ulardan yuz o‘giring va “Salomatlik bo‘lsin” deng! Bas, ular yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar. (Zuhruf surasi, 89-oyat).

 Oysha onamiz to‘g‘risida bo‘hton to‘qiganlarga qo‘shilib ketganlardan biri Abu Bakr roziyallohu anhuning xolavachchasi Mustah ibn Asasa roziyallohu anhu edi. U Badr jangida qatnashgan bo‘lib, o‘zi miskinlikda yashardi. Abu Bakr roziyallohu anhu uning bu ishidan keyin zinhor moddiy yordam bermaslikka qasam ichadi.  Shunda kuydagi oyat  Abu Bakr roziyallohu anhu xususida nozil bo‘ladi:

 وَلَا يَأْتَلِ أُولُو الْفَضْلِ مِنْكُمْ وَالسَّعَةِ أَنْ يُؤْتُوا أُولِي الْقُرْبَى وَالْمَسَاكِينَ وَالْمُهَاجِرِينَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وَلْيَعْفُوا وَلْيَصْفَحُوا أَلَا تُحِبُّونَ أَنْ يَغْفِرَ اللَّهُ لَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

 Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir (Nur surasi, 22 oyat).

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Uyayna ibn Hisr degan kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu huzurlariga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, bundan ko‘proq  bermaysanmi, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”-dedi. Shunda, Umarning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shu payt bir kishi: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo o‘z payg‘ambariga

 خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ

Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!  (A’rof surasi, 199 oyat)deb buyurmaganmidi, bu o‘sha johil odamlardan  ekan” -dedi. Umar roziyallohu anhu Qur’on oyati tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azab otidan tushdi, hamda Allohning kitobiga muvofiq ish tutdi (Buxoriy rivoyati).

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:”O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”-deganlar (Abu Dovud rivoyati).

فَاصْفَحِ الصَّفْحَ الْجَمِيلَ...

Bas, (shunday ekan, johillarning aziyatlariga sabr qiling va ularni) chiroyli yuz o‘girish bilan tark eting! (Hijr surasi, 85-oyat).

Bu ulug‘ oliyjanoblik sifatiga ega bo‘lgan kishi bu dunyoda insonlarning mehr-muhabbatiga, olqishiga, maqtoviga sabab bo‘lsa, o‘ziga ulardan kelishi mumkin bo‘lgan yomonliklaridan salomat bo‘ladi, oxiratda jannat deya sifatlangan ulug‘ ne’matga ega bo‘lish va butun olamlar Rabbisi bo‘lgan Buyuk Allohning roziligiga erishadi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisining taqdimnomasiga muvofiq insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori e’lon qilinishi yuqorida zikr qilingan ulug‘ oliyjanoblik, insonparvarlik ishlardan biri sifatida xalqimiz juda xursandchilik va mamnuniyat ila qarshi oldi.

Alloh taolodan alohida ta’kidlab, duo qilib so‘raladigan fazilatlardan biri ham afvdir. Oysha roziyallohu anho onamiz janobimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan: Ey, Allohning Rosuli! Agar men ramazon oyining qadr kechasini topsam, Allohdan nimani so‘ray?-dedilar. On hazrat: “Allohumma innaka Afvvun Karimun tuhibbul afva fafuanniy” (ya’ni, Parvardigoro, Sen Afv (shafqatli, rahmli, kechirimli), Karim (iltifotli, oliyjanob, marhamatli) Zotsan. Kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni gunohlarimni kechirgin)-deb duo qilgin dedilar (Buxoriy rivoyati).

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, muqaddas dinimiz ta’limotlari, asrlar osha sayqallangan milliy an’analarimizdan biri bo‘lgan afv fazilati aynan Yaratganning kalomi bo‘lmish Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida alohida qayd etilgan va ulug‘langan. Alloh taolo hayotimizga avf qilish fazilati va odobini tadbiq qilishga muvaffaq qilsin!

JALOLIDDIN Hamroqulov

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

“Novza” jome masjidi imom xatibi

 

 

 

 

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Moturidiy innovatsion muzeyi tashkil etiladi

10.07.2026   5775   3 min.
Imom Moturidiy innovatsion muzeyi tashkil etiladi

Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlari 7-11 iyul kunlari mezbonlik qilayotgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Imom Moturidiy innovatsion muzeyi loyihasi va uning ilmiy konsepsiyasiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, xabar bermoqda iccu.uz.

Taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda Samarqand shahrida Imom Moturidiy majmuasi va unga tutash qadimiy Chokardiza qabristoni hududida yangi maqbara, zamonaviy masjid hamda ilmiy-ma’rifiy obyektlar barpo etilmoqda. Shuningdek, arxeologik tadqiqotlar natijasida islom huquqshunosligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk alloma, «Hidoya» asari muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasi aniqlanib, u ham majmua tarkibida qayta tiklanmoqda.

Taqdimotda Imom Moturidiy majmuasining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan Imom Moturidiy innovatsion muzeyi konsepsiyasi alohida tanishtirildi. Loyiha Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi tomonidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taqdim etgan ilmiy manbalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, muzeyning ekspozitsiyalari zamonaviy dizayn, raqamli texnologiyalar va interaktiv yechimlar asosida shakllantirilmoqda.

Taqdimot davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi Ixtiyor Abdurahmonov muzeyning ilmiy konsepsiyasi va ekspozitsiya zallarining mazmuni haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzeyda aqida va kalom ilmining shakllanish tarixi, Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining Movarounnahrdan butun islom olamiga tarqalish jarayoni, Chokardiza qabristoni tarixi hamda bugungi kunda alloma merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar zamonaviy multimedia texnologiyalari orqali yoritiladi.

– Muzeyning asosiy maqsadi Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini zamonaviy texnologiyalar vositasida keng jamoatchilikka yetkazishdir. Barcha ekspozitsiyalar ishonchli tarixiy manbalarga tayanib yaratilmoqda. Interaktiv yechimlar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat eksponatlarni tomosha qiladi, balki allomaning hayoti, ilmiy maktabi va moturidiylik ta’limotining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu muzey kelgusida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik ilmiy-ma’rifiy va raqamli ziyorat markaziga aylanadi», — dedi Ixtiyor Abdurahmonov.

Taqdimotda muzeyning asosiy ekspozitsiya zallari ham namoyish etildi. Xususan, aqida va kalom ilmining shakllanishi, Imom Moturidiy yashagan davr ilmiy muhiti, moturidiylik ta’limotining dunyoga tarqalishi, Chokardiza qabristoni tarixi hamda arxeologik topilmalar zamonaviy muzey yechimlari orqali aks ettirilishi ta’kidlandi.

Forum ishtirokchilari taqdim etilgan loyihani yuksak baholab, uning Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, yosh avlodni ma’rifat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash hamda ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot  xizmati

O'zbekiston yangiliklari