“Afv” kalimasining lug‘aviy ma’nosi- “kechirmoq”, “tuzatmoq”, “o‘chirmoq”, “davolamoq”, “ozod qilmoq”, “qutqarmoq”, “afv etmoq”- degan ma’nolarni ifodalaydi. Ulamolar nazdida esa, “ uqubat va zarar yetkazishga qodir bo‘laturib, uni tark qilish”, avf deyiladi.
Arab tilida “safah” kalimasi “afv” so‘zning ma’nodoshi bo‘lib, uni ma’nolari- “gunohidan o‘tmoq””, “uzrini qabul qilmoq” va “oliyjanoblik” kabi ma’nolarda keladi. Ikkisini ma’nolari bir-biriga sinonim bo‘lsada, “safah” kalimasi ma’no jihatidan keng qamrovli hisoblanadi.
Afv qilish o‘zaro do‘stlar orasida bo‘lsa, muhabbatni ziyoda qiladi. Arazlashganlar o‘rtasida bo‘lsa, ulfat va bir-birlarini yaqinlashtiradi. Dushman va makrli kishilarga qilinsa, yomonliklaridan omonda bo‘lib, mushkillarni oson, tugun bo‘lib turgan ishlarni yechilishiga sabab bo‘ladi. Bundan boshqa unda yana juda ham ko‘plab foyda va manfaatlar mujassamdir. Inshaalloh.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlardan bo‘lib, Alloh taolo payg‘ambari va mo‘min-musulmon bandalariga shu sifat bilan ziynatlanishlikka amr etgan. Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ
Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring! (A’rof surasi, 199 oyat).
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish deganlar. Shu oyat nozil bo‘lgach, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan uni sharhlab berishni so‘ragan ekanlar. Ul zot jumladan: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqdaki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” – degan ekanlar (Tabariy tafsiridan).
Boshqa oyati karimada:
...وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ...
...Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting... (Oli Imron surasi, 159 oyat).
Yana boshqa oyatda esa,
فَاصْفَحْ عَنْهُمْ وَقُلْ سَلَامٌ فَسَوْفَ يَعْلَمُونَ
Bas, (Ey, Muhammad!) Ulardan yuz o‘giring va “Salomatlik bo‘lsin” deng! Bas, ular yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar. (Zuhruf surasi, 89-oyat).
Oysha onamiz to‘g‘risida bo‘hton to‘qiganlarga qo‘shilib ketganlardan biri Abu Bakr roziyallohu anhuning xolavachchasi Mustah ibn Asasa roziyallohu anhu edi. U Badr jangida qatnashgan bo‘lib, o‘zi miskinlikda yashardi. Abu Bakr roziyallohu anhu uning bu ishidan keyin zinhor moddiy yordam bermaslikka qasam ichadi. Shunda kuydagi oyat Abu Bakr roziyallohu anhu xususida nozil bo‘ladi:
وَلَا يَأْتَلِ أُولُو الْفَضْلِ مِنْكُمْ وَالسَّعَةِ أَنْ يُؤْتُوا أُولِي الْقُرْبَى وَالْمَسَاكِينَ وَالْمُهَاجِرِينَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وَلْيَعْفُوا وَلْيَصْفَحُوا أَلَا تُحِبُّونَ أَنْ يَغْفِرَ اللَّهُ لَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ
Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir (Nur surasi, 22 oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Uyayna ibn Hisr degan kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu huzurlariga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, bundan ko‘proq bermaysanmi, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”-dedi. Shunda, Umarning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shu payt bir kishi: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo o‘z payg‘ambariga
خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ
Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring! (A’rof surasi, 199 oyat) –deb buyurmaganmidi, bu o‘sha johil odamlardan ekan” -dedi. Umar roziyallohu anhu Qur’on oyati tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azab otidan tushdi, hamda Allohning kitobiga muvofiq ish tutdi (Buxoriy rivoyati).
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:”O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”-deganlar (Abu Dovud rivoyati).
فَاصْفَحِ الصَّفْحَ الْجَمِيلَ...
Bas, (shunday ekan, johillarning aziyatlariga sabr qiling va ularni) chiroyli yuz o‘girish bilan tark eting! (Hijr surasi, 85-oyat).
Bu ulug‘ oliyjanoblik sifatiga ega bo‘lgan kishi bu dunyoda insonlarning mehr-muhabbatiga, olqishiga, maqtoviga sabab bo‘lsa, o‘ziga ulardan kelishi mumkin bo‘lgan yomonliklaridan salomat bo‘ladi, oxiratda jannat deya sifatlangan ulug‘ ne’matga ega bo‘lish va butun olamlar Rabbisi bo‘lgan Buyuk Allohning roziligiga erishadi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisining taqdimnomasiga muvofiq insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori e’lon qilinishi yuqorida zikr qilingan ulug‘ oliyjanoblik, insonparvarlik ishlardan biri sifatida xalqimiz juda xursandchilik va mamnuniyat ila qarshi oldi.
Alloh taolodan alohida ta’kidlab, duo qilib so‘raladigan fazilatlardan biri ham afvdir. Oysha roziyallohu anho onamiz janobimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan: Ey, Allohning Rosuli! Agar men ramazon oyining qadr kechasini topsam, Allohdan nimani so‘ray?-dedilar. On hazrat: “Allohumma innaka Afvvun Karimun tuhibbul afva fafuanniy” (ya’ni, Parvardigoro, Sen Afv (shafqatli, rahmli, kechirimli), Karim (iltifotli, oliyjanob, marhamatli) Zotsan. Kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni gunohlarimni kechirgin)-deb duo qilgin dedilar (Buxoriy rivoyati).
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, muqaddas dinimiz ta’limotlari, asrlar osha sayqallangan milliy an’analarimizdan biri bo‘lgan afv fazilati aynan Yaratganning kalomi bo‘lmish Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida alohida qayd etilgan va ulug‘langan. Alloh taolo hayotimizga avf qilish fazilati va odobini tadbiq qilishga muvaffaq qilsin!
JALOLIDDIN Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi Turkiya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, “Anadolu”, “TRT-Haber”, “TRT-Avaz”, “Haber7”, “Hibya”, “RHA Ajans”, “Türkiye”, “Yeni Şafak” kabi yetakchi turk OAV mazkur anjuman haqida turkum tahliliy maqolalar e’lon qildi.
Turk nashrlari global geosiyosiy inqirozlar, radikalizm va islomofobiya kabi tahdidlar kuchaygan hozirgi sharoitda Toshkentdan yangragan konstruktiv chaqiriqlar butun insoniyat uchun strategik sheriklik va Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi muloqot poydevori bo‘lib xizmat qilishini alohida e’tirof etgan.
Maqolalarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum delegatlariga yo‘llagan murojaati anjumanning konseptual asosini belgilab bergani hamda Yangi O‘zbekiston g‘oyasi doirasidagi “Uchinchi Renessans” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyillarini yuksak baholagan.
Sammit doirasida noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va Islom kutubxonalarining xalqaro ittifoqini tuzish kabi 70 dan ortiq aniq amaliy loyihalar ko‘rib chiqildi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning anjumanga yo‘llagan murojaatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Turkiya yetakchisi o‘z murojaatida ushbu tashabbus nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulkan ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
“Muhtaram Prezident janoblari, Sizning oqilona rahbarligingizda O‘zbekiston nafaqat o‘zining buyuk kelajagini barpo etmoqda, balki Islom tamaddunining tinchlik, ezgulik va birodarlik g‘oyalarini dunyoga baralla tarannum etuvchi tarixiy missiyaning peshqadami va bayroqdori bo‘lib maydonga chiqmoqda”, – deya e’tirof etgan Turkiya Prezidenti.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati