Ota-onaga yaxshilik qilish borasida biz musulmonlarga yaqin keladigan xalqning o‘zi yo‘q, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki ota-onaga yaxshilik qilish dinimiz ta’limotida bandani Allohga yaqinlashtiruvchi eng afzal amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda bir necha oyatlarda O‘ziga ibodat qilishga buyurish bilan birga ota-onaga yaxshilik qilishga buyurgan. Ularga qilinadigan xizmatni ibodat darajasiga ko‘targan.
Ha, ota-onasiga itoat qilayotgan farzand, aslida Allohga itoat qilayotgan, U Zotning buyrug‘ini bajarayotgan bo‘ladi. Zero ota-ona farzand uchun Alloh taoloning vasiyyatidir. U Zot Qur’oni karim oyatlarida ularga yaxshilik qilishga buyurarkan aynan vasiyat siyg‘asi bilan amr etgan. Vasiyat bilan amrning o‘rtasida farq bor. Amr bir ishni qilishga buyruq, vasiyat esa buyruqni o‘ta muhim va ta’kidli ekani va uni esdan chiqarish mumkin emasligini ham ifoda qiladi. Shuningdek ota-onaga itoatsizlik ham Alloh taologa itoatsizlik, U Zotning buyrug‘iga bo‘ysunmaslikdir.
Shunday ekan ota-onaga xizmat va itoat qilish bosh ustiga. Lekin har bir narsaning chegarasi bo‘lganidek ota-onaga itoat qilishning ham chegarasi bor. Alloh taolo aytadi:
وَإِن جَٰهَدَاكَ عَلَىٰٓ أَن تُشۡرِكَ بِي مَا لَيۡسَلَكَ بِهِۦ عِلۡمٞ فَلَا تُطِعۡهُمَاۖ وَصَاحِبۡهُمَا فِي ٱلدُّنۡيَا مَعۡرُوفٗاۖ وَٱتَّبِعۡ سَبِيلَ مَنۡ أَنَابَ إِلَيَّۚ ثُمَّ إِلَيَّ مَرۡجِعُكُمۡ فَأُنَبِّئُكُمبِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ (سورة لقمان-15)
“Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga majburlasalar, bas, ularga itoat qilma! Va ularga dunyoda yaxshilik qil. Menga inobat qilganning yo‘liga ergash. So‘ng, qaytishingiz faqat Mening huzurimgadir. Men sizga nima amal qilganingizning xabarini berurman” (Luqmon 15).
Ushbu oyatda zikr qilingani ota-ona farzandni shirk yoki kufrga buyurishsa, ularga ana shu ishda itoat qilmaydi. Chunki Alloh taoloning haqqi ularning haqlaridan ustun hisoblanadi. U Zotga kufr va gunoh bo‘ladigan ishlarda itoat qilmaydi. Hadisi sharifda ham:
عَنْ عَلِىٍّ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلملاَ طَاعَةَ لأَحَدٍ في مَعْصِيَةِ الله إِنَّمَا الطَّاعَةُ في المَعْرُوفِ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Ali (roziyallohu anhu) aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohga gunoh bo‘ladigan ishda hech kimga itoat yo‘qdir! Albatta, itoat qilish ma’ruf-yaxshilik ishdadir” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak gunohga buyurgan kim bo‘lsa ham unga itoat qilish yo‘q. Ota-onaga ham faqat savobli yaxshi ishlarda itoat qilinadi. Yana boshqa hadisda:
عن عمران بن حصينرَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلملاَ طَاعَةَ لِمَخْلُوقٍ في مَعْصِيَةِ الخَالِقِ رَوَاهُ أحمد
Imron ibn Husoyn (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Xoliqqa gunoh bo‘ladigan ishda maxluqqa itoat yo‘qdir” dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati).
U maxluq kim bo‘lishidan qat’iy nazar Xoliq Zotning haqqini poymol qilishni talab qilsa, unga itoat qilinmaydi. Lekin farzand ota-onasiga yaxshilik qilishda davom etaveradi. Itoat qilmaydi degani ayrim adashgan toifalar aytganidek, ulardan voz kechish degani emas. Zero ota-ona o‘zlari mushrik, kofir va dinsiz bo‘lsalar ham farzandagi haqlari soqit bo‘lmaydi. Shuning uchun Alloh taolo ham shirk va kufrda ularga itoat qilishdan qaytarib turib: “Va ularga dunyoda yaxshilik qil” dedi. Ya’ni farzandlik burchingni ado qilishda davom etaver. Ularga yaxshilik qil.
Shuningdek shirk va kufrdan boshqa gunohga buyurishsa ham itoat qilmaydi. Masalan, “aroq olib kel”, “aroq quyib ber” yoki “sen ham aroq ich” desa, yoki “namoz o‘qima, o‘qisang, oq qildim”, “ro‘za tutma”, desa ham itoat qilmaydi.
Yoki hozirgi kundagi ba’zi adashgan oqimlarga qo‘shilishni, agar qo‘shilmasa oq qilishini aytsa yoki sen ham “Iroq va Suriyaga “jihod”ga bor”, deb talab qilsa, o‘g‘il unga itoat qilmay bormasa hech qanday gunoh bo‘lmaydi. Balki gumroh otasini ham gunohdan saqlab qolgan bo‘ladi.
Yoki hozirgi kunda tez-tez quloqqa chalinib turgan ana shunday noto‘g‘ri ishlardan biri, ayrim ota-onalar o‘g‘illaridan qattiq talab qilib: “Xotiningni taloq qil! Bo‘lmasam oq qilaman” yoki “Yo bizni de, yo xotiningni de! Ajrashmasang rozimasman. Bergan oq sutim harom bo‘lsin” kabi qattiq-quruq gaplarni gapirib, farzandlarini nozik joyidan tutib, boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yadilar. Bechora o‘g‘il nima qilarini bilmay qoladi. Ba’zilari esa o‘zlari hoxlamasalar ham ota-onalarining bunday qaltis gaplaridan qo‘rqib taloq qilganlari ham bor. Natijada esa bir oila buzilib ketyapti. O‘rtada ikki-uch begunoh bolachalar tirik yetim bo‘lib, sarsonu sargardon bo‘lib, tarbiyalari ham zoye bo‘lmoqda. Ana shunday paytlarda ko‘pni ko‘rgan yoshi bir joyga borib qolgan otalar ham ilgarigi oqil, purma’no so‘zli otalarimizdan farqli o‘laroq onalarning tegirmoniga suv quyib, ishni yana ham kattalashtirmoqdalar. Yaqin kunlarda bo‘lgan bir voqeada ona kelini bilan kelisholmay o‘g‘lidan xotinini taloq qilishini qattiq talab qilib turib oladi. Chorasiz qolgan o‘g‘il onasining rioyasini qilib, keyin yarashib olish niyatida: “taloq qildim” deydi. Bu voqeaning guvohi bo‘lib turgan ota esa, eshitgan-bilganlariga tayanib: “O‘g‘ling taloq deb qutildi, ertaga yana yarashib olishi mumkin. Unga ayt “uch taloq” qilsin” depdi. Oxir oqibat uch taloq olgan kelin sho‘rlik uch bolasi bilan otasining uyiga xaydalibdi.
Buni qanday tushunish mumkin. Naxotki bu ota-onani farzandlarining baxti, nabiralarining kelajagi qiziqtirmasa. Allohning huzuriga borganda nima deb javob berishni o‘ylashmasa.
Bunday paytda o‘g‘il qanday yo‘l tutsa to‘g‘ri bo‘lardi. Nima qilsa ota-onasiga oq bo‘lmas va Allohning huzurida gunohkor bo‘lmas edi. Ushbu savollarga quyidagi rivoyatlardan javob topishga harakat qilamiz.
عنأبيهريرةرضياللهعنهقال قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَن خَبَّبَ امرَأَةً عَلَى زَوجِهَا فَلَيسَ مِنَّا رَوَاهُ أبوداود
وَفِى رِوَايَةٍ أُخرَى قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَعَنَ اللهُ مَن خَبَّبَ امرَأَةً عَلَى زَوجِهَا وَ لَعَنَ اللهُ مَن خَبَّب زوجاً عَلَى زَوجِهِ رَوَاهُأحمد
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ayolni eriga gij-gijlab,)o‘rtasini( buzgan bizdan emas”, boshqa bir rivoyatda “Ayolni eriga gij-gijlab, )o‘rtasini( buzganga Allohning la’nati bo‘lsin. Erkakni ayoliga gij-gijlab )o‘rtasini( buzganga Allohning la’nati bo‘lsin”, dedilar. (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan er-xotin o‘rtasini buzish, ularning ajralib ketishiga sabab bo‘lish gunohi kabiralarning eng kattalaridan ekanini bilib olishimiz mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unday odamni “bizdan emas” yoki unga “Allohning la’nati bo‘lsin” deyishlari har qanday oxiratdan umidi bor musulmonni bunday jirkanch ishdan hazar qilishiga kifoya qiladi.
Buyuk tobe’inlardan Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)ga ba’zi kishilar savol berib: “Bir odamning onasi: “Xotiningni taloq qilasan” deb turib olsa, nima qiladi?” deyishdi. Hasan Basriy (rahmatullohi alayh): “Xotinini taloq qilishi onaga yaxshilik bo‘ladigan, ya’ni onaning xursandligi uchun qilinadigan ishlardan emas” deb javob berdilar. Demak, bunday holda onaning talabi noshar’iy talab bo‘ladi. Agar o‘g‘il unga itoat qilmasa gunohkor bo‘lmaydi.
Hanafiy ulamolardan Imom Tahoviy (rahmatullohi alayh): “Farzand muboh bo‘lgan narsalarda ularga bo‘ysunadi, qaytarilgan ishlarda emas”, deganlar.
Mullo Ali Qori Hanafiy (rahmatullohi alayh) aytadilar: “Xotini bilan ajrashishini buyursalar, uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar bundan ota-ona qattiq ozor topsalar ham”.
Bir kishi imom Ahmad (rahmatullohi alayh)dan: “Otam xotinimni taloq qilishimga amr qilmoqda” dedi. U zot: “Uni taloq qilma” dedilar. U: “Umar (roziyallohu anhu) o‘g‘li Abdullohga taloq qilishga amr qilgan emasmi?” dedi. Shunda: “Otang Umar (roziyallohu anhu)dek bo‘lganda sen ham qilasan” dedilar. Ya’ni, sening otang ham hazrat Umardek haq va adolatni, havoyi nafsga ergashmaslikni biladigan darajaga yetmagunicha xotiningni taloq qilmaysan, demoqdalar.
Xuddi mana shu gaplar qizini majburlab, ajratib olmoqchi bo‘lgan ota-onalarga ham tegishlidir. Lekin aksar hollarda bunday ishlar kuyov tomonidagilardan ko‘proq sodir bo‘ladi.
Bahodir Rahmatullayev,
Toshkent viloyati Zangiota tumani
“Fath” jome masjidi imom-xatibi
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati