Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Taloq qilaymi yoki oq bo‘laymi

31.10.2016   11939   9 min.
Taloq qilaymi yoki oq bo‘laymi

Ota-onaga yaxshilik qilish borasida biz musulmonlarga yaqin keladigan xalqning o‘zi yo‘q, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki ota-onaga yaxshilik qilish dinimiz ta’limotida bandani Allohga yaqinlashtiruvchi eng afzal amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda bir necha oyatlarda O‘ziga ibodat qilishga buyurish bilan birga ota-onaga yaxshilik qilishga buyurgan. Ularga qilinadigan xizmatni ibodat darajasiga ko‘targan.

Ha, ota-onasiga itoat qilayotgan farzand, aslida Allohga itoat qilayotgan, U Zotning buyrug‘ini bajarayotgan bo‘ladi. Zero ota-ona farzand uchun Alloh taoloning vasiyyatidir. U Zot Qur’oni karim oyatlarida ularga yaxshilik qilishga buyurarkan aynan vasiyat siyg‘asi bilan amr etgan. Vasiyat bilan amrning o‘rtasida farq bor. Amr bir ishni qilishga buyruq, vasiyat esa buyruqni o‘ta muhim va ta’kidli ekani va uni esdan chiqarish mumkin emasligini ham ifoda qiladi. Shuningdek ota-onaga itoatsizlik ham Alloh taologa itoatsizlik, U Zotning buyrug‘iga bo‘ysunmaslikdir.

Shunday ekan ota-onaga xizmat va itoat qilish bosh ustiga. Lekin har bir narsaning chegarasi bo‘lganidek ota-onaga itoat qilishning ham chegarasi bor. Alloh taolo aytadi:

وَإِن جَٰهَدَاكَ عَلَىٰٓ أَن تُشۡرِكَ بِي مَا لَيۡسَلَكَ بِهِۦ عِلۡمٞ فَلَا تُطِعۡهُمَاۖ وَصَاحِبۡهُمَا فِي ٱلدُّنۡيَا مَعۡرُوفٗاۖ  وَٱتَّبِعۡ سَبِيلَ مَنۡ أَنَابَ إِلَيَّۚ ثُمَّ إِلَيَّ مَرۡجِعُكُمۡ فَأُنَبِّئُكُمبِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ (سورة لقمان-15)

“Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga majburlasalar, bas, ularga itoat qilma! Va ularga dunyoda yaxshilik qil. Menga inobat qilganning yo‘liga ergash. So‘ng, qaytishingiz faqat Mening huzurimgadir. Men sizga nima amal qilganingizning xabarini berurman” (Luqmon 15).

Ushbu oyatda zikr qilingani ota-ona farzandni shirk yoki kufrga buyurishsa, ularga ana shu ishda itoat qilmaydi. Chunki Alloh taoloning haqqi ularning haqlaridan ustun hisoblanadi. U Zotga kufr va gunoh bo‘ladigan ishlarda itoat qilmaydi. Hadisi sharifda ham:

عَنْ عَلِىٍّ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلملاَ طَاعَةَ لأَحَدٍ في مَعْصِيَةِ الله إِنَّمَا الطَّاعَةُ في المَعْرُوفِ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Ali (roziyallohu anhu) aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohga gunoh bo‘ladigan ishda hech kimga itoat yo‘qdir! Albatta, itoat qilish ma’ruf-yaxshilik ishdadir” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

Demak gunohga buyurgan kim bo‘lsa ham unga itoat qilish yo‘q. Ota-onaga ham faqat savobli yaxshi ishlarda itoat qilinadi. Yana boshqa hadisda:

عن عمران بن حصينرَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلملاَ طَاعَةَ لِمَخْلُوقٍ في مَعْصِيَةِ الخَالِقِ رَوَاهُ أحمد

Imron ibn Husoyn (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Xoliqqa gunoh bo‘ladigan ishda maxluqqa itoat yo‘qdir” dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati).

U maxluq kim bo‘lishidan qat’iy nazar Xoliq Zotning haqqini poymol qilishni talab qilsa, unga itoat qilinmaydi. Lekin farzand ota-onasiga yaxshilik qilishda davom etaveradi. Itoat qilmaydi degani ayrim adashgan toifalar aytganidek, ulardan voz kechish degani emas. Zero ota-ona o‘zlari mushrik, kofir va dinsiz bo‘lsalar ham farzandagi haqlari soqit bo‘lmaydi. Shuning uchun Alloh taolo ham shirk va kufrda ularga itoat qilishdan qaytarib turib: “Va ularga dunyoda yaxshilik qil” dedi. Ya’ni farzandlik burchingni ado qilishda davom etaver. Ularga yaxshilik qil.

Shuningdek shirk va kufrdan boshqa gunohga buyurishsa ham itoat qilmaydi. Masalan, “aroq olib kel”, “aroq quyib ber” yoki “sen ham aroq ich” desa, yoki “namoz o‘qima, o‘qisang, oq qildim”, “ro‘za tutma”, desa ham itoat qilmaydi.

Yoki hozirgi kundagi ba’zi adashgan oqimlarga qo‘shilishni, agar qo‘shilmasa oq qilishini aytsa yoki sen ham “Iroq va Suriyaga “jihod”ga bor”, deb talab qilsa, o‘g‘il unga itoat qilmay bormasa hech qanday gunoh bo‘lmaydi. Balki gumroh otasini ham gunohdan saqlab qolgan bo‘ladi.

Yoki hozirgi kunda tez-tez quloqqa chalinib turgan ana shunday noto‘g‘ri ishlardan biri, ayrim ota-onalar o‘g‘illaridan qattiq talab qilib: “Xotiningni taloq qil! Bo‘lmasam oq qilaman” yoki “Yo bizni de, yo xotiningni de! Ajrashmasang rozimasman. Bergan oq sutim harom bo‘lsin”  kabi qattiq-quruq gaplarni gapirib, farzandlarini nozik joyidan tutib, boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yadilar. Bechora o‘g‘il nima qilarini bilmay qoladi. Ba’zilari esa o‘zlari hoxlamasalar ham ota-onalarining bunday qaltis gaplaridan qo‘rqib taloq qilganlari ham bor. Natijada esa bir oila buzilib ketyapti. O‘rtada ikki-uch begunoh bolachalar tirik yetim bo‘lib, sarsonu sargardon bo‘lib, tarbiyalari  ham zoye bo‘lmoqda. Ana shunday paytlarda ko‘pni ko‘rgan yoshi bir joyga borib qolgan otalar ham ilgarigi oqil, purma’no so‘zli otalarimizdan farqli o‘laroq onalarning tegirmoniga suv quyib, ishni yana ham kattalashtirmoqdalar. Yaqin kunlarda bo‘lgan bir voqeada ona kelini bilan kelisholmay o‘g‘lidan xotinini taloq qilishini qattiq talab qilib turib oladi. Chorasiz qolgan o‘g‘il onasining rioyasini qilib, keyin yarashib olish niyatida: “taloq qildim” deydi. Bu voqeaning guvohi bo‘lib turgan ota esa, eshitgan-bilganlariga tayanib: “O‘g‘ling taloq deb qutildi, ertaga yana yarashib olishi mumkin. Unga ayt “uch taloq” qilsin” depdi. Oxir oqibat uch taloq olgan kelin sho‘rlik uch bolasi bilan otasining uyiga xaydalibdi.

Buni qanday tushunish mumkin. Naxotki bu ota-onani farzandlarining baxti, nabiralarining kelajagi qiziqtirmasa. Allohning huzuriga borganda nima deb javob berishni o‘ylashmasa.

Bunday paytda o‘g‘il qanday yo‘l tutsa to‘g‘ri bo‘lardi. Nima qilsa ota-onasiga oq bo‘lmas va Allohning huzurida gunohkor bo‘lmas edi. Ushbu savollarga quyidagi rivoyatlardan javob topishga harakat qilamiz.

عنأبيهريرةرضياللهعنهقال قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَن خَبَّبَ امرَأَةً عَلَى زَوجِهَا فَلَيسَ مِنَّا رَوَاهُ أبوداود

وَفِى رِوَايَةٍ أُخرَى قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَعَنَ اللهُ مَن خَبَّبَ امرَأَةً عَلَى زَوجِهَا وَ لَعَنَ اللهُ مَن خَبَّب زوجاً عَلَى زَوجِهِ رَوَاهُأحمد

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ayolni eriga gij-gijlab,)o‘rtasini( buzgan bizdan emas”, boshqa bir rivoyatda “Ayolni eriga gij-gijlab, )o‘rtasini( buzganga Allohning la’nati bo‘lsin. Erkakni ayoliga gij-gijlab )o‘rtasini( buzganga Allohning la’nati bo‘lsin”, dedilar. (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan er-xotin o‘rtasini buzish, ularning ajralib ketishiga sabab bo‘lish gunohi kabiralarning eng kattalaridan ekanini bilib olishimiz mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unday odamni  “bizdan emas” yoki unga “Allohning la’nati bo‘lsin” deyishlari har qanday oxiratdan umidi bor musulmonni bunday jirkanch ishdan hazar qilishiga kifoya qiladi.

Buyuk tobe’inlardan Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)ga ba’zi kishilar savol berib: “Bir odamning onasi: “Xotiningni taloq qilasan” deb turib olsa, nima qiladi?” deyishdi. Hasan Basriy (rahmatullohi alayh): “Xotinini taloq qilishi onaga yaxshilik bo‘ladigan, ya’ni onaning xursandligi uchun qilinadigan ishlardan emas” deb javob berdilar. Demak, bunday holda onaning talabi noshar’iy talab bo‘ladi. Agar o‘g‘il unga itoat qilmasa gunohkor bo‘lmaydi.

Hanafiy ulamolardan Imom Tahoviy (rahmatullohi alayh): “Farzand muboh bo‘lgan narsalarda ularga bo‘ysunadi, qaytarilgan ishlarda emas”, deganlar.

Mullo Ali Qori Hanafiy (rahmatullohi alayh) aytadilar: “Xotini bilan ajrashishini buyursalar, uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar bundan ota-ona qattiq ozor topsalar ham”.

Bir kishi imom Ahmad (rahmatullohi alayh)dan: “Otam xotinimni taloq qilishimga amr qilmoqda” dedi. U zot: “Uni taloq qilma” dedilar. U: “Umar (roziyallohu anhu) o‘g‘li Abdullohga taloq qilishga amr qilgan emasmi?” dedi. Shunda: “Otang Umar (roziyallohu anhu)dek bo‘lganda sen ham qilasan” dedilar. Ya’ni, sening otang ham hazrat Umardek haq va adolatni, havoyi nafsga ergashmaslikni biladigan darajaga yetmagunicha xotiningni taloq qilmaysan, demoqdalar.

Xuddi mana shu gaplar qizini majburlab, ajratib olmoqchi bo‘lgan ota-onalarga ham tegishlidir. Lekin aksar hollarda bunday ishlar kuyov tomonidagilardan ko‘proq sodir bo‘ladi.

 

Bahodir Rahmatullayev,

Toshkent viloyati Zangiota tumani

“Fath” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   1210   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar