ZIRA (Bunium persicum) — ziradoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik xushbo‘y ziravor o‘simlik. Bo‘yi 40—60 sm. Poyasining yarmidan yuqorisi shoxlangan. Ildizi tugunakli. Tupbarglari uzun bandli, poyadagilari bandsiz. Bargi ipsimon bo‘laklarga bo‘lingan. Gullari oq, mayda, har bir soyabonchada 20—30 tadan. Iyunda gullaydi, urug‘i iyulda pishadi. Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo adirlarida, tog‘ yon bag‘irlarida ko‘p o‘sadi. Urug‘i mayda, cho‘ziq, qoramtir-jigarrang, sirti taram-taram, juda xushbo‘y. Tarkibida 2,75-3,0% efir moyi bor. O‘rta Osiyo xalqlari go‘sht tuzlashda, qazi va boshqa ovqatlar tayyorlashda qadimdan keng foydalanib keladi. Xalq tabobatida me’da kasalliklarini davolashda va siydik haydovchi dori sifatida ishlatiladi. («O‘zME»dan).
Xalq tabobatida ziraning foydalari haqida buyuk bobokalonimiz Ibn Sino shunday degan: “...Unda qizdiruvchi kuch bo‘lib, yellarni haydaydi va tarqatadi. Suv bilan aralashtirilganini ichilsa, nafas olish qiyinlashganda yordam beradi. Jolinusning aytishicha, “tikka nafas olishga”, hamda sovuqdan bo‘lgan xafaqonga foyda qiladi." (Ibn Sino, Tib qonunlari, 2-jild, 1956 y. 325-326 betlar)
Shuningdek, ziraning oshqozon gastriti, sariq kasal, ishtahani ochishda, uyqusizlikda, kishilar quvvatini oshirishda juda ham katta foydasi bor.
Zira — ishtahani yaxshilash uchun hamda oshqozondagi sanchiq, o‘t pufagi va jigardagi og‘riqlar, shuningdek, yo‘talga qarshi foydali tabiiy vositadir.
Tarkibidagi shifobaxsh ta’sir etadigan moddalar: zira tarkibi 3—7 % efir moyidan, 12—22 yog‘li moydan, shuningdek, kversetin va kempferol deb nomlanuvchi flavonoidlar, kumarinlar, umbelliferon, skopoletin va boshqa moddalardan iborat. Bundan tashqari unda oqsil 10—23 % va xushbo‘y moddalar ham borligi aniqlangan.
Zira — mavjud bo‘lgan barcha davolash vositalaridan eng yaxshi karminativ (meteorizmga – qorin dam bo‘lishiga qarshi) foyda beruvchi tabiiy o‘simlik moddasidir. Shu sababdan ham u tabobatda ta’sirchan tabiiy davolash vositasi sifatida mustahkam o‘rin olgan. Zirani ko‘plab dori-darmonlar tarkibida uchratish mumkin, lekin uni ko‘pincha hech qanday boshqa narsa qo‘shmasdan choy sifatida damlab ichish tavsiya etiladi.
Hozirgi zamon shifokorlari ham zira haqida ijobiy baho berib, haddan tashqari to‘lalikda, meteorizm (qorin dam bo‘lishi)da, oshqozon-ichak yo‘llaridagi yengil xastaliklarda, yurak kasalliklarida va emizikli bolalarda ovqat hazm qilish jarayoni buzilganida zirani muayyan tarzda iste’mol qilish nihoyatda foydali ekanini ta’kidlashadi.
Xalq tabobatida oshqozon xastaliklarini davolashda hamda ishtahani ochishda, sanchiqlarni bartaraf etishda, o‘t pufagi va jigar kasalliklarida, shuningdek, yo‘talni davolashda foydali tabiiy vosita sifatida zira juda ham qadrlanadi. Yuqorida qayd etilganidek, undan choy damlab ichiladi, zirani o‘zini chaynaladi yoki pichoqni uchiga ilingancha yanchilgan zirani iste’mol qilinadi.
Emizikli va yosh bolalarda ko‘pincha qorin dam bo‘lib bezovta qiladi, zira tinchlantiruvchi va yel haydovchi vosita bo‘lgani sababli, bunday holatda bolalarga shifokor belgilagan tartibda beriladi. Xalq tabobati mutaxassislari e’tirof etishicha, o‘smir qizlarda og‘riqli hayz jarayonida zirali choydan foydaliroq boshqa vosita yo‘q. Tish va bosh og‘rig‘ida plitada ehtiyotkorona biroz qizdirilgan xaltachadagi zirani og‘riyotgan joyga bosib og‘riqni qoldirish xalqimiz orasida keng tarqalgan tabiiy vositadir.
Zararli ta’siri. Zira zararsiz mahsulotdir. Lekin boshqa har qanday efir moyi bor shifobaxsh vosita kabi uni suiste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak.
Zirani iste’mol qilib bo‘lmaydigan holatlar. Oshqozon yarasi, yurak ishemik kasalligi, tromboflebit, gastrit, infarkt, tromboz, qandli diabetda zirani alohida o‘zini iste’mol qilish mumkin emas.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan