Hofiz ibn Rajab rohmatullohi alayh payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning “Mayyitga uch narsa ergashadi... ” mazmunidagi kelgan hadisi shariflariga sharh bitib, kuydagi rivoyatni keltirganlar.
Bir kuni Oisha roziyallohu anho huzurlariga qo‘li shol bir qiz kirib keldi. Va Ey, mo‘minlarning onasi bugun sog‘lom qo‘l bilan uxlab, shol qo‘l bilan uyg‘ondim-dedi. Oisha roziyallohu anho: Nima sababdan? Qiz: Meni boy badavlat ota-onam bor edi. Otam qo‘li ochiq, zakot va sadaqani kanda qilmaydigan, sahiy, mehmonlarni yaxshi kutadigan, so‘rovchini quruq qo‘l bilan qaytarmaydigan qo‘yingki, qo‘lidan kelgancha yaxshilik ulashuvchi karamli inson bo‘lganlar. Onam esa, buni aksi, baxil, qurumsoq, molida biror sadaqa qilganlarini ko‘rgan emasman.
Otam vafot etdilar. Ikki oy o‘tmay onam ham olamdan o‘tdilar.
Bu kecha tush ko‘rdim. Tushimda otam juda chiroyli ko‘rkam kiyingan, oldilaridan anhor oqib turibdi. Men: Ey otajonim, bu qanday xol- deb so‘radim. Otam: Ey, qizalog‘im, kim dunyoda zarra misqol yaxshilik qilsa ham ko‘rar ekan. Bu Robbimning menga qilgan fazlidir- dedilar.
Men: Onamning axvoli qanday?-deb so‘radim.
Otam: Onang vafot etdimi?-dedi.
Men: Ha, dedim.
Otam: Ey, voh! Onang bizdan uzoqlashib ketibdi. Onagni chap tomon ahllaridan izla!-dedi.
Qiz: Chap tarafimga nazar solsam. Onamni yalong‘och, bir parcha matoga o‘rangan xolatda ko‘rdim. Qo‘lida esa, yog‘ “Xolimga voy bo‘lsin! Juda chanqadim!” – deb nido qilar edi. Agar juda qattiq chanqasalar o‘sha yog‘ni qo‘lga surtib, so‘ngra yalardilar. Qarasam oldida anhor oqib turibdi. Men: “Ey onajon nega chanqadim deb nido qilyapsiz. Axir oldingizda oqib turgan anhor borku” – dedim. Onam: “Undan ichishimga izn berilmayapdi” – dedi. Men: “Sizga suv berayinmi?” – dedim. Onam: “Yaxshi bo‘lardi” – dedi. Men bir xovuch suv olib onamga berdim. Onam ichib bo‘lgach, chap tarafdan bir nido qilguvchi: “Ogoh bo‘ling kim bu ayolga suv bersa, o‘ng qo‘li shol bo‘lib qoladi” – deb, ikki marta nido qildi. Uyg‘onsam o‘ng qo‘lim shol bo‘lib qolibdi. Shundan beri o‘ng qo‘limni ishlata olmayapman. Shunda Oisha roziyallohu anho onamiz: O‘sha matoni esladingmi? Dedilar. U: Ha, mo‘minlarning onasi, uni onamning ustida ko‘rgan edim. Onamni hech qachon biror narsani sadaqa qilganini ko‘rmaganman. Ammo otam bir kun hokkiz so‘ydi. Shunda bir kishi tilamchilik qilib keldi. Onam yog‘li suyakni olib unga berdi. Yana bir kun oldilariga bir ayol kelganida. Onam boyagi matoni olib unga berib yuborgandi. Shunda Oisha roziyallohu anho takbir aytib: “Alloh rost aytdi va Rasuli sollallohu alayhi vasallam bizga yetkazdi” – deb, “” oyatini o‘qidilar.
فَمَنْ يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ
Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar (Zalzala surasi, 7-oyat).
Jaloliddin Hamroqulov,
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
Mamlakatimizda mustaqillik bayramining 35 yilligi munosabati bilan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” hamda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida hududlarda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, obodonlashtirish, xayriya va mehr-oqibat ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayon bilan yaqindan tanishish maqsadida 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mutasaddilar Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “No‘g‘ayqo‘rg‘on”, “Qumariq” va “Ittifoq” mahallalarida bo‘lishdi.
Tashrif davomida soha rahbarlari mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xayriya va saxovat ishlarini kengaytirish, obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat vakillari, “mahalla yettiligi”, nuroniylar hamda diniy soha xodimlari ishtirokida ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mahallalarda o‘tkazilgan sayyor yig‘inlarda “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish”, oilalarda totuvlikni mustahkamlash, yoshlarni ilm-ma’rifatga yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi hamda aholi muammolarini hal etishda hamjihatlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, xonadonlar atrofi, ko‘chalar, ariqlar va qabristonlarni obod qilish, ularning ozodaligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, mahallalar hayotida yaqqol namoyon bo‘lishi va aholi kayfiyatida o‘z aksini topishi lozim. Shu ma’noda, joriy yil yakunida mamlakatimiz bo‘ylab “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarning aniqlanishi mazkur ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati