Dinimiz – Islom nasl-nasabni pok saqlash, sharmu-hayo, birovga nopok nazar bilan boqmaslik kabi go‘zal ma’naviy axloq va odoblarga chorlaydi. Bugungi farovon hayotimizda ba’zi oilalarni ajrashayotgani va bunga sabab sifatida nohush holatlar - xiyonat, bevafolik kabi illatlar ko‘rsatilayotganini guvohi bo‘lib qolayapmiz. Vaholanki, bu illatlar milliy qadriyatlarimiz va diniy ahkomlarimiz tomonidan qattiq qoralanadi. Yurtimizda asrlar osha xalqimiz oilalarida “Oila muqaddasdir”, “Vafoli yor”, “Oilaviy baxt – oliy baxt” “Oila tinch – yurt tinch” kabi purma’no hikmatlar o‘z ifodasini to‘laligicha topib kelgan. Hozirgi kunda yurtimizda ajralishlar soni ko‘payib borayotgani va bunga ba’zi hollarda yuqoridagi illatlar sabab bo‘layotgani juda ham achinarli holdir.
Alloh taolo erkak va ayol o‘rtasida bo‘ladigan muomalalarni naqadar muhim masala ekani sababidan bu haqda alohida oyatlar nozil qilgan. Shulardan birida Alloh taolo shunday deydi:
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ
“(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir. Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!...”. (Nur surasi, 30, 31).
Yuqoridagi mavzuga taaluqli, biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qissamiz qahramoni Ato ibn Yasor Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrlarida, 29 hijriy sanada Madinada tavallud topganlar. Madina ahlining buyuk tobe’in, ulamo, faqih, muhaddis va tasavvuf namoyondalaridan hisoblanadilar. Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamdan juda ham ko‘p hadislar rivoyat qilganlar. 103 hijriy sanada, 74 yoshda vafot etganlar.
Ato ibn Yasor ukalari Sulaymon ibn Yasor o‘zlarining bir qancha do‘stlari bilan haj qilish niyatida Madina shahridan safarga otlandilar. Abvo nomli bir joyga yetib kelishganda to‘xtashdi va bir joyga o‘rnashishdi. Sulaymon do‘stlari bilan ba’zi ishlarini bitirish maqsadida to‘xtashgan joydan ketishdi. Ato esa qoldi. U namoz o‘qib turganida bir sahrolik go‘zal ayol uning oldiga kirdi. Ato u ayolni kirganini sezdi va u biror hojati uchun kirganini sezib namozini qisqa qildi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni mustahkam va saodatli bo‘lishini nasib etsin!
Jaloliddin Hamroqulov,
TII “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Erkagu ayollarning va bolalarning kiyilgan, lekin yirtilib ketmagan, hali kiyishga yaroqli kiyimlarini sadaqa qilish mustahab amaldir. Bu ish yomon ko‘rgan narsasini sadaqa qilib yuborishga kirmaydi. Eskirgan narsa o‘rtacha mol hisoblanadi, chunki kambag‘allar bundan ham eskiroq kiyimlarni sotib olishadi. Qanchadan-qancha boylar pisand qilmaydigan kiyimlar borki, ularga erishish kambag‘allar uchun orzudir. Bunday kiyim-kechaklarni axlatga tashlash yoki yoqib yuborish mumkin emas.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yangi kiyim olgan odamlarni eskisini sadaqa qilib yuborishga targ‘ib qilganlar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yangi kiyim kiyib, «Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo‘lsin», dedi. Keyin shunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim yangi kiyim kiyganda: "Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo‘lsin" desa, keyin eskirgan kiyimini sadaqa qilsa, hayotu mamotida Allohning himoyasida, Allohning muhofazasida va Allohning satrida bo‘ladi», deganlarini eshitdim» (Termiziy va boshqalar Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Hofiz Ibn Hajar «Nataaijul afkaar» degan kitobida hasan degan).
2. Yomon kiyimni sadaqa qilish makruhdir. Chunki Alloh taolo: «Nafaqa qilganingizda nopokni ko‘zlamang. Holbuki, uni o‘zingiz ham undan ko‘z yummay turib olmaysiz», degan. (Baqara surasi, 267-oyat). Makruh bo‘lishi bilan birga bunday kiyimni sadaqa qilgan odamga sadaqasiga yarasha ajr yoziladi, vaholanki unga molning yaxshisini tanlab sadaqa qilish afzaldir.
Xatib Shirbiniy rohimahulloh: «Sifatsiz narsani sadaqa qilish makruhdir. Lekin shundan boshqa narsa topa olmasa, makruh bo‘lmaydi» («Mug‘nil muhtaaj», 4/197).
3. Afzali o‘sha kiyimlarni yuvib, dazmollab, so‘ng kambag‘alning o‘ziga yoki birorta xayriya jamg‘armasiga berish yoki masjid imomidan muhtoj odamlarni so‘rab olib, o‘shalarga berishdir.
4. Shuningdek, eski oyoq kiyim, idish-tovoq va uy jihozlarini sadaqa qilish ham mustahabdir.
Alloh sizu bizning solih amallarimizni qabul aylasin.
Doktor Muhammad Sodiq Darvish