Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Ato ibn Yasor haqlaridagi qissa...

19.10.2016   9768   5 min.
Ato ibn Yasor haqlaridagi qissa...

Dinimiz – Islom nasl-nasabni pok saqlash, sharmu-hayo, birovga nopok nazar bilan boqmaslik kabi go‘zal ma’naviy axloq va odoblarga chorlaydi. Bugungi farovon hayotimizda ba’zi oilalarni ajrashayotgani va bunga sabab sifatida nohush holatlar - xiyonat, bevafolik kabi illatlar ko‘rsatilayotganini guvohi bo‘lib qolayapmiz. Vaholanki, bu illatlar milliy qadriyatlarimiz va diniy ahkomlarimiz tomonidan qattiq qoralanadi. Yurtimizda asrlar osha xalqimiz oilalarida “Oila muqaddasdir”, “Vafoli yor”, “Oilaviy baxt – oliy baxt” “Oila tinch – yurt tinch” kabi purma’no hikmatlar o‘z ifodasini to‘laligicha topib kelgan.  Hozirgi kunda yurtimizda ajralishlar soni ko‘payib borayotgani va bunga ba’zi hollarda yuqoridagi illatlar sabab bo‘layotgani juda ham achinarli holdir. 

 Alloh taolo erkak va ayol o‘rtasida bo‘ladigan muomalalarni naqadar muhim masala ekani sababidan bu haqda alohida oyatlar nozil qilgan. Shulardan birida Alloh taolo shunday deydi:

قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ  وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ

(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir. Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!...”. (Nur surasi, 30, 31).

Yuqoridagi mavzuga taaluqli, biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qissamiz qahramoni Ato ibn Yasor Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrlarida, 29 hijriy sanada Madinada tavallud topganlar. Madina ahlining buyuk tobe’in, ulamo, faqih, muhaddis va tasavvuf namoyondalaridan hisoblanadilar. Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamdan juda ham ko‘p hadislar rivoyat qilganlar. 103 hijriy sanada, 74 yoshda vafot etganlar.

Ato ibn Yasor ukalari Sulaymon ibn Yasor o‘zlarining bir qancha do‘stlari bilan haj qilish niyatida Madina shahridan safarga otlandilar. Abvo nomli bir joyga yetib kelishganda to‘xtashdi va bir joyga o‘rnashishdi. Sulaymon do‘stlari bilan ba’zi ishlarini bitirish maqsadida to‘xtashgan joydan ketishdi. Ato esa qoldi. U namoz o‘qib turganida bir sahrolik go‘zal ayol uning oldiga kirdi. Ato u ayolni kirganini sezdi va u biror hojati uchun kirganini sezib namozini qisqa qildi.

  • Namozini o‘qib tugatgach u ayolga: “Senga biror narsa kerakmi?”, dedi.
  • U: “Ha”, dedi.
  • Ato: “Nima kerak?” dedi.
  • U ayol: “Yonimga kel, senda xohishim bor. Meni erim yo‘q” dedi.
  • Ato:  “Menga yaqinlashma. Meni ham o‘zingni ham do‘zaxda kuydirma”, dedi va u go‘zal ayolga nazar soldi. Ayol esa Atoni xohlar va faqatgina o‘zi xohlagan narsasini olishni istardi. Shunda Ato yig‘lashni boshladi va “Holinga voy bo‘lsin. Meni tinch qo‘y, menga yaqinlashma”, dedi va yig‘isi yanada kuchaydi. U ayol Atodagi yig‘i va qayg‘uni ko‘rgandan keyin o‘zi ham yig‘lab yubordi. Shu holat ustiga Sulaymon ibn Yasor ishlarini bitirib qaytib kelib qoldi. Sulaymon Atoni yig‘lab o‘tirganini, ayol esa xonaning boshqa bir chetida yig‘lab o‘tirganini ko‘rganida nimaga ko‘z yoshi to‘kayotganlarini bilmasada u ham yig‘lab yubordi. Ato va Sulaymonning do‘stlari birma-bir ishlarini bitirib kela boshlashdi. Ularning har biri kelib xonadagilarning yig‘layotganini ko‘rib yig‘lab yuborar, nega yig‘lashayotganini so‘ramas edilar. Toki xona yig‘iga to‘ldi va yig‘i ovozi ko‘tarilib ketdi. Bu holatni ko‘rgan ayol o‘rnidan turdi va xonadan chiqib ketdi. Shundan so‘ng, Sulaymon akasi Atoni hurmati sabab nima voqea bo‘lganini so‘rab o‘tirmadi. Bir qancha muddatdan so‘ng bir kuni Ato  tunda uyqudan yig‘lab uyg‘onib ketdi.
  • Sulaymon: “Akajon, nimaga yig‘layapsiz?”, dedi.
  • Ato: “Ko‘rgan tushim meni yig‘latdi. Toki tirik ekanman hech kimga aytmasliging sharti bilan senga tushimni aytib beraman”, dedi.
  • Sulaymon: “Va’da beraman”, dedi.
  • Ato: “Tushimda Yusuf alayhissalomni ko‘rdim. U zotga  nazar solish uchun yaqinlashdim. U zotning go‘zalliklarini guvohi bo‘lganimdan so‘ng yig‘lab yubordim. U kishi odamlarni orasida turganimda menga qarab:
  • “Hoy, nimaga yig‘layapsan?”, dedilar.
  • Ato: “Ey, Allohning payg‘ambari! Otam va onam sizga fido bo‘lsin. Siz va Azizning ayoli, u ayoldan ko‘rgan qanchadan-qancha balolaringiz, zindonda ko‘rgan qiyinchiliklaringiz,  qariya otangiz Yoqub alayhissalomdan ajralishingizni hammasini eslab, bu qiyinchilik va musibatlarga qanday dosh berganingizga ajablanib yig‘lab yubordim”, dedi.
  • Yusuf alayhissalom: “Sahrolik go‘zal ayol bilan bo‘lgan Abvodagi voqeadanchi, undan ajablanmaysanmi?”, dedilar. Shunda yig‘lab yubordim va uyqudan uyg‘onib ketdim. Shunda Sulaymon: “Ey, akajon! Abvodagi o‘sha sahrolik go‘zal ayolning voqeasi nima edi?”, deb so‘radi. Ato unga hammasini aytib berdi. Sulaymon toki Ato vafot etguniga qadar hech kimga bu voqeani aytib bermadi. U olamdan o‘tgandan keyin esa uning oilasidagi bir ayolga so‘zlab berdi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni mustahkam va saodatli bo‘lishini nasib etsin!

 

Jaloliddin Hamroqulov,

TII “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   29737   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari