Islom axloqida tarbiya ko‘rgan va uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sa’yu-harakat qiladi. Chunki, u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-axloq asosida tarbiya olgan.
Insonlarga yaxshilik qilish – uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Alloh taolo xitob qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj surasi 77 oyat).
Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.
Insoniyatni johiliyat zalolatidan Islom nuri sari yuzlanishga sabab bo‘lgan ulug‘ zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytganlar:
“Quyosh balqigan har bir kunda ikki kishi o‘rtasini adolat bilan isloh etishing – ehsondir. Bir kishini uloviga minishida yordam berishing va yukini uloviga ko‘tarib yuklab berishing ehsondir. Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytishing – ehsondir. Namoz sari bosgan har bir qadaming barobarida sen uchun ehson bor, odamlarga aziyat beradigan narsani yo‘ldan bartaraf etishing ham ehsondir”.
Musulmon kishi o‘zining ijtimoy hayotida ado qiladigan yaxshi amallari bilan namoz o‘qish uchun masjid sari bosgan qadami o‘rtasidagi bu bog‘lanish qanday ham go‘zal!
Ongli musulmon tasavvurida insonning barcha amallari, modomiki niyatida Alloh taolo roziligini topish bo‘lsa, shubhasiz ibodat bo‘ladi.
Shuning uchun ham musulmon kishisiga yaxshilik eshiklari doimo ochiq, u Allohning keng rahmati, beqiyos savoblari va rahmati soyasida bu eshiklardan xohlagan vaqtida kiraveradi.
Abu Muso roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
“Har bir musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog‘i lozim. Sahobayi kirom savol qilib so‘rashdi: Ey Allohning rasuli! Agar sadaqa qilishga biror narsa topa olmasa nima qiladi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: Qo‘li bilan mehnat qiladi, o‘ziga ham foyda keltiradi va sadaqa ham qiladi. Ular so‘rashdi: Ey Allohning rasuli! Agar bunga qodir bo‘lmasa, nechora qiladi? Ul zoti sharif dedilar: Qiynalgan, muhtoj kishiga yordam qiladi. As'hoblar savol qilishdi: Ey Rasululloh! Agar buni ham qila olmasa nima qiladi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam javob beradilar: “Yaxshilikka dalolat qiladi” Sahobayi kirom so‘rashdi: Buni ham qila olmasa-chi,? Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “O‘zini yomonlikdan tiyadi, shu narsa undan sadaqa bo‘ladi”.
Hadisi sharifda: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Har bir musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog‘i lozim, dedilar, so‘ngra turli xayrli, ma’ruf va yaxshiliklarni sanab o‘tdilar. Musulmon kishisi bu amallarni qilishi orqali ulug‘ savoblarga erishishi mumkin. Demak, musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog‘i, ya’ni o‘zi yashayotgan jamiyat farovonligi va saodati yo‘lida xayrli amallarni ado etmog‘i lozim. Agar bundan ojiz bo‘lsa yoki biror-bir sabab yuzasidan qila olmasa, u vaqtda tili va qo‘l-oyoqlarini yomonlikdan tiysa, shubhasiz ajru-savobga sazovor bo‘ladi.
Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinlik Yaratganning biz bandalariga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, fidoiy insonlarning elim-yurtim deb qilayotgan ezgu mehnatining samarasidir desak, aslo yanglishmaymiz. Zotan, har bir kunini, yoyinki har soniyasini o‘zgalar korini oson qilishga, o‘ksik qalblarning ko‘nglini ko‘tarishga baxshida etadigan insonlar – chinakam fidoiylardir. Insonlar xizmatida ham bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravo qilishda doimo sa’yu-harakatda bo‘lish qanday saodat. Bu haqda Payg‘amabarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib deganlar:
“Banda modomiki birodari hojatini ravo qilar ekan, Alloh taolo uning hojatini oson qilishda davom etadi”.
Ezgulikni faqat moddiy ko‘mak berish yoxud biror jismoniy yordam ko‘rsatish deb tushunish biryoqlama tasavvur bo‘lar edi. Zero, yaxshilikning cheki-chegarasi yo‘q. Mehrga, muruvvatga mushtoq ko‘ngillarni ziyorat etish ham – bir yaxshilik. Jaloliddin Rumiyning qalb tavofini ka’ba tavofidan mashaqqatli ekanini ta’kidlagani ham bejiz emas:
Tavofi Baytul Xalil kori oson ast,
Tavofi baytul Jalil kori mardon ast.
“Savob ishni har kim, har kuni qilishi lozim”, - degan shiorni o‘zimizga dastur bilib, doim yaxshiliklar payida bo‘lmog‘imiz bizni haqiqiy insoniylik sifatiga sazovor etib, Parvardigor huzurida cheksiz ajru savoblarga, ikki dunyo saodatiga muyassar etadi. Binobarin, bu hayotda insondan faqat yaxshilikkina qoladi. Yaxshilikning mukofoti esa – jannatdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarining birida marhamat qilib:
“Kimiki, bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kimdaki hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur”, - deb aytganlar.
Yaxshiliklar, savobli amallar bardavom bo‘lgan diyorda insonlar bir-biriga mehrli, muruvvatli bo‘lishi muqarrardir. Barchalarimizni doimo ezgu ishlar, yaxshi amallarga muyassar aylab, yurtimiz, mahallamiz, xonadonimizlarga fayz-baraka ato etishini Yaratgandan so‘raymiz!
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati