Toshkent shahri 2016 yil 7 oktyabr, muborak juma kuni. Allohning inoyati bilan qurib bitkazilgan va mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan qayta qad rotlagan yangi masjidning ochilish marosimi arafasi. Hammayoq bu ulug‘ shodiyonaga hozirlangan, yo‘llarga, hovliga suvlar sepilgan. Masjid tashrif buyuruvchi namozxonlarni kutib olishga shay...
Mazkur muborak maskanga keng jamoatchilikning taklif va istaklarini inobatga olib, xalqimiz uchun suyukli va fidoiy inson, taniqli davlat arbobi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotiralarini qadrlash maqsadida “Islom ota” nomi berildi.
Masjidning qurib bitkazilishini, ochilishini intizorlik bilan kutgan xalqimiz masjid sari tashrif eta boshladi. Nuroniy otaxonlarimiz masjid hovlisida mehmonlarni kutib olishga peshvoz chiqdilar.
Mingdan ortiq mehmon tashrif buyurgan masjidning ochilish marosimi Qur’on tilovati bilan boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov yurtimiz musulmonlarini yangi ochilgan masjid bilan muborakbod etarkan, quyidagi so‘zlarni bildirdi:
– Bugun notinchliklar avj olgan bir vaqtda yurtimizda tinch-osoyishta hayot barqaror turgani sababli biz mana bunday binolarni qurishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Bu Allohning ulug‘ ne’mati, marhamatidandir. Masjid qurilishida yordam qilgan, hissa qo‘shgan, quruvchilar va xalqimizga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Alloh subhanahu va taolo barcha musulmonlarga ushbu masjidni muborak aylasin!”.
Allohning marhamati ila Toshkent shahri yana bir shunday go‘zal, salobatli, hamma sharoitlari mavjud bo‘lgan masjidga ega bo‘ldi. Masjidning yangidan qurilishi xalqimiz uchun quvonchli voqeadir. Hatto masjid qurilishidan xabar topgan boshqa dinga e’tiqod qiluvchi mahalliy aholi vakillari ham kelib, ushbu dahada bu kabi ko‘rkam masjidning barpo etilishidan mamnunliklarini izhor etishdi.
Alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, masjid huzurida ilk bor kutubxona tashkil etildi. Ushbu kutubxona chop etilayotgan yangi nashrlar bilan birga, qo‘lyozma hamda nodir manbalar bilan ham boyitildi. Shuningdek, masjidda turli ma’naviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan 80 kishilik majlislar zali ham qurildi. Chindan ham, masjidlar namozgoh bo‘lishi bilan birga halqimiz ma’naviyat markazi, ta’lim-tarbiya maskani hamdir.
Alloh taolo masjidimizni xalqimizga dinu diyonat nurlarini taratadigan, ezgulikka, ilmu ma’rifatga chorlaydigan masjidlardan bo‘lishini nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV