Ne’matga shukr qilish musulmon odam sifatlanishi lozim bo‘lgan eng ulug‘ va go‘zal axloqiy sifatlardan biridir. Shukr - ezgulik ulashgan kishiga chiroyli maqtov va yaxshilik evaziga qilinadigan mukofotdir. Shukr lug‘atda- maqtov, minnatdorchilik bildirish, rahmat va tashakkur etish degan ma’nolarni ifodalasa, ne’mat esa, huzur-halovat, farovonlik, mo‘lchilik, farovon turmush, mol-mulk, boylik va ne’mat kabi ma’nolarda qo‘llaniladi.
Istilohda, musulmon kishi biror bir yaxshilikka ega bo‘lsa yoki unga biror bir ne’mat yetsa, bularning barchasi Alloh taolodan deb e’tirof etish, uni boshqalarga so‘zlash va ne’matga shukr qilib uni o‘z o‘rniga ishlatishga aytiladi.
Haqiqatan, aslida ne’mat egasi Alloh taoloning o‘zidir. Ammo, ba’zi ne’matlar yetishida vositachi bo‘ladi. Xuddi, inson haq yo‘lni topishida yoki biror bir ilm yo kasb egasi bo‘lishida payg‘ambarlar, ulamolar va ustozlar vositachi bo‘lganlari kabi. Zotan, ota-ona insonni bu yorug‘ dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsalar, ustoz va murabbiylar dunyo va oxirat yaxshiliklariga ega bo‘lishlariga sababchi zotlardir. Shu bois dono xalqimiz”Ustoz otangdek ulug‘”-deya tavsiflashadi. Demak, biz biror ne’matga erishdikmi darrov ne’mat egasiga tashakkurimizni izhor qilishmiz lozim bo‘lar ekan.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir yaxshilikka erishsa, bas, uni zikr qilsin. Kim zikr qilib eslasa, batahqiq uni shukrini ado etibdi. Kim yashirsa, demak kufrona ne’mat qilgan bo‘ladi”-dedilar. (Tabaroniy rivoyati).
Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.
Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir.
Inson nimaga erishgan bo‘lsa, avvalombor Allohning o‘lchovi qolaversa sababiyat olamidagi sabablarga bog‘liqdir. Biz doimo xushyor va sergak bo‘lib ne’matlarni o‘z o‘rnida qadrlashimiz shu bilan birgalikda atrofimizdagi insonlarga ham tez-tez eslatib turishimiz lozim. Shunda bizga yetgan ne’matni qadrlagan bo‘lishligimiz bilan birga ziyodasiga ham ega bo‘lish baxti turadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ
Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi,7-oyat).
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan, u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Allohning haddi – chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qur’a orqali joy olgan kishilarga o‘xshaydi. Ularning ba’zisi kemaning yuqorisidan, ba’zisi pastidan joy oldilar. Pastdagilar suvga hojatlari tushsa, yuqoridagilarning oldidan o‘tar edilar. Ular: “Yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun o‘z ulushimizdan bir joyni teshib olsak, qandoq bo‘larkin”. Agar ularning qullaridan tutsalar, ular ham, boshqalar ham – hammalari najot topurlar”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Vatanimiz osmoni musaffo, tinchlik-osoyishta bu hayotimizni shukrini qilish shu aziz yurtda yashayotgan har bir fuqaroning ham qarzi ham farzi bo‘lishi darkor. Ha, o‘zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir shaxs bu haqiqatni teran anglaydi. Bu ishda har kim qo‘lidan kelgan hissasini qo‘shmog‘i matlubdir. Bilib turib beparvo bo‘lishiga hech haqqimiz yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ”Insonlarning Alloh taologa eng shukrlisi odamlarga shukr qilganlaridir”-deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Shukr qilishning rukni uchtadir.
Shukr qilish fazilati nimada? Kishi ne’matni o‘z egasi bo‘lgan Yaratuvchisidan ekanini tan olishligi dunyodagi eng katta baxt va saodatdir. Zero, bu dunyoda ne’matning shukri evaziga ziyoda bo‘lsa, oxiratda Robbisini roziligi va jannatiga sazovor bo‘lib, azobidan omonda qolishidadir.
Shukr va maqtov orasida qanday farq bor? Ikki jihatdan farq qiladi;
Deb duo qilsalar, biror balo yo ko‘ngilsizlik yetsa, “Alhamdulillahi ala kulli hal” der edilar.
Hulosa o‘rnida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Hikam ibn Umayr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarini keltiramiz: Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofatlasin. Biror narsa topa olmasa, uni haqqiga duo qilsin”-deganlar (Tabaroniy rivoyati).
Yaratgan O‘zi berayotgan ne’matlarini ziyoda qilsin. Yurtimizni tinch, mustaqilligimizni abadiy aylasin!
Jaloliddin Hamroqulov, TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati