Butun umr spirtli ichimliklar do‘konining mudiri bo‘lib ishlagan bir kishining yakkayu yagona o‘g‘li bor edi. Yoshlikdan tarbiyasi o‘ziga yarasha bo‘lgani boismi yoxud otasi topgan luqmaning halol emasligi sababmi, bilmadik, erkatoy o‘g‘ilcha maktabni tugatgach, institutga o‘qishga kira olmay, ancha paytgacha bekor tentirab yurdi. Qiladigan ishi – peshingacha uxlash, kechga tomon esa o‘ziga o‘xshagan bir-ikki ulfati bilan tungi klub, diskotekalarda sang‘ish bo‘ldi. Notavon o‘g‘ilni o‘ylayverib, onaizor adoi tamom bo‘ldi, og‘ir kasallikka chalinib vafot etdi. Onaning “yili” o‘tkazilgan kunning ertasiga ota-bola o‘rtasida qattiq janjal chiqdi. Ikkalasi ham zahri qotil – aroq kayfining og‘ushida edi, ota: “Endi sendek o‘g‘lim yo‘q”, deya uni “oq” qilgan bo‘lsa, nonko‘r farzand: “Agar o‘lsangiz, janozangizga kelsam, harom o‘lay”, deb ont ichdi.
Ota-bolaning hayoti shu zaylda davom etdi. Ularga tanish-bilishlar, qo‘ni-qo‘shnilarning pand-nasihati sira kor qilmadi.
Kunlarning birida farzand nogahon, baxtsiz hodisa sabab halok bo‘ldi. Bu paytda ota ham uyida o‘lim bilan olishib, foniy dunyo bilan xayrlashayotgan edi.
Ertasiga odamlar shahar qabristonida ikkita yangi tepalikni ko‘rishdi. Qabrlar oldida bir munkillagan chol o‘tirib: “Aziz zurriyotlarim! Odam alayhissalomdan boshlangan yana bir sulola umri, men sababli barvaqt nihoyasiga yetyapti. Na sen – farzandim, na sen – nabiram aybdor emassizlar. Bularning barchasiga sizlarga to‘g‘ri tarbiya bera olmagan faqatgina men aybdorman, men”, deya ko‘z yosh to‘kar edi....
Akbarshoh RASULOV
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati