Qurbon hayiti musulmon taqvimi bo‘yicha so‘ngi – Zulhijja oyining 10 sanasida, ramazon hayiti bayramidan 70 kun o‘tib nishonlanadigan bayramdir.
1 kun nishonlanadigan Ramazon hayitidan farqli o‘laroq Qurbon hayiti 3 kun davomida nishonlanadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) so‘zlari bilan aytganda:
يومُ عرفةَ ويومُ النحرِ وأيامُ التشريقِ عيدنا أهلَ الإسلامِ، وهيّ أيامُ أكلٍ وشربٍ
“Arafa, qurbonlik va tashriq* kunlari biz – musulmanlarning bayramimizdir. Bular shodiyona va ziyofat kunlaridir” (Imom termiziy rivoyat qilgan).
Arafa kuni – musulmon taqvimi bo‘yicha Zulhijja oyining 9-kuni, hayit arafasi – hayitdan bir kun oldingi kun;
Qurbonlik kuni –Zulhijja oyining 10-kuni, hayit kuni;
Qurbonlik kunlari –Zulhijja oyining 10-,11-,12-kunlari, 12 Zulhijja asr namozi vaqtida tugaydi;
Tashriq kunlari – musulmon taqvimi bo‘yicha Zul-hijja oyining 11,12,13-kunlari, qadimda hojilar qurbonlik gushtlarini quyoshda quritib olgan kunlar, shodiyona va ziyofat kunlari. 13 Zul-hijjaning asr namozi vaqtida tugaydi.
Shu nuqtayi nazardan, shodiyona kunlarimiz besh kungacha cho‘ziladi. Ushbu kunlarda ro‘za tutish man’ qilingan.
Davomiy xursandchilik, qurbonliklar sababli tashkil qilinadigan ehson – ziyofat dasturxonlari, yangi liboslarning kiyilishi, qurbonligu noz-ne’matlar, shirinliklar ulashilishi, saxovatning jo‘sh urishi, ayniqsa maxsus zikr – takbirning aytilishi bois xalq orasida Qurbon hayitini “Katta hayit” nomi bilan atash urf bo‘lgan.
Yuqorida zikr qilganimizdek, Qurbon hayiti xursandchiliklari aslida arafa kunidan boshlanadi. Bu kunda hayit dasturxoni uchun tayyorgarlik ko‘riladi. Lochira, bo‘g‘irsoq, qovurma chuchvara, yupqa, qatlama, o‘rama, chak-chak, pahlava, xolvaytar kabi hayit ne’matlari tayyorlanib, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ bir-birlarini yo‘qlaydilar. Har bir xursandchilik – to‘yu tantanalar oldidan amalga oshiriladidigan odat kabi arafa kunida o‘tganlar xotirlanib, ular haqqiga har bir xonadonda tilovati Qur’onlar qilinadi.
Haqiqiy bayram hayit kuni quyosh chiqqanidan 15 daqiqa o‘tib o‘qiladigan hayit namozi bilan boshlanadi. Mamlakatimizning barcha masjidlari mo‘min-musulmonlar bilan to‘lib toshadi. Namozdan so‘ng yoshu qari, kattayu kichik, tanigan-tanimagan, bir-birlarini bayram bilan muborakbod etadilar. Kichkinalar bayram saylida o‘yinchog‘u shirinliklar bilan siylansa, issiq non – patirlar, nozu ne’matlar xarid qilinib, keksalar, nogironlar, yordamga muhtoj kishilar yo‘qlanadi, ularning duosidan bahramand bo‘linadi.
Shundan so‘ng Parvardigorning:
فصلّ لربك وانحر
“Robbing uchun namoz o‘qi va qurbonlik qil!” (Kavsar, 2), degan buyrug‘iga binoan qurbonliklar boshlanadi. Ismoil (a.s.) o‘rniga jannatdan qo‘chqor yuborilib, qurbonlik qilingandan buyon jonliq so‘yib qurbonlik qilish Ibrohim (a.s.)dan uning millati – ummati muhammadiygasunnat bo‘lib qolgan.
Qurbonlik qilish mol-dunyosi zakot berish nisobi (miqdori)ga yetgan kishiga vojib bo‘ladi. Qurbonlik uchun tanlangan qo‘y, mol, tuya yoki boshqa hayvonlar nuqsonsiz, semiz bo‘lishi lozim. Jonliqning jinsi erkak bo‘lsa yanada yaxshi.
قال رسول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لفاطمة قومي إلى اضحيتك فاشهديها فان لك باول قطرة تقطر من دمها يغفر لك ما سلف من ذنوبك
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Fotima (onamiz) roziyallohu anhoga qarata “Qurbonligingiz oldida turib, guvoh bo‘ling. Chunki qurbonlik qonining birinchi qatrasi tomishi bilan o‘tgan gunohlaringiz mag‘firat qilinadi” dedilar.
Qurbonlikning go‘shti uch qismga bo‘linadi. Bir qismini qurbonlik egasi o‘zi uchun oladi, bir qismini muhtojlarga sadaqa sifatida ulashadi, qolgan bir qismini esa qarindosh-urug‘, yaqinlarlarga tarqatadi.
Qurbon hayiti kunlarida maxsus takbir bilan Yaratganimiz ulug‘lanadi:
الله أكبر الله أكبر الله أكبر، لا إله إلا الله. والله أكبر. الله أكبر. ولله الحمد
“Alloh buyukdir, Alloh buyukdir. Allohdan bo‘lak iloh yo‘qdur, Alloh buyukdir. Alloh buyukdir, Allohga hamd bo‘lsin!”
Zikrning ushbu shakli arafa kunining tongidan boshlab, tashriq kunlarining oxiriga qadar – besh kun davomida, kundalik besh mahal namozda, jami 23 ta namozning har birining farzi tugashi bilan, bir martadan yoki uch martadan aytiladi.
Mamlakatimizda Qurbon hayiti bilan bog‘liq go‘zal urf odat va marosimlarlar amalga oshiriladi. Qurbon hayiti umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Qurbon hayiti kuni birinchi marta 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga binoan dam olish kuni deb e’lon qilingan va shu farmoning o‘zida keyingi yillarda ham Qurbon hayitining 1-kuni dam olish kuni sifatida belgilab qo‘yilgan.
Muhammadamin Nasriyev,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakilligi xodimi
Savol: Fazilatli oy va kunlarda nafl ro‘zalar tutib turaman. Ba’zida shunday holat bo‘ladiki, bomdodga turganimda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘ladi, lekin men shu kuni bemalol ro‘za tutishga kuchim yetadi. Shu vaqtda ro‘zaga niyat qilib olsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, nafl ro‘zalar uchun saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hatto kun yarmiga yetmaguncha niyat qilib olish mumkin, faqat saharlik vaqti chiqqandan keyin ro‘zani buzuvchi amallardan birortasini ham qilmagan bo‘lishi shart.
Demak, siz ham uyg‘onganda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hech narsa yeb-ichmasdan nafl ro‘zani niyat qilib olsangiz bo‘ladi.
Aslida ro‘za tutishni niyat qilish vaqtlari ikkiga bo‘linadi.
Birinchisi, qazo ro‘za, kafforat va ma’lum bir kunni tayin qilmagan nazr ro‘zalarni tutishda saharlik vaqti chiqmasdan turib niyat qilish shart bo‘ladi. Saharlik vaqti chiqqandan keyin qilgan niyati hisobga o‘tmaydi.
Ikkinchisi, Ramazon ro‘zasi, nafl va muayyan kunda tutish nazr qilingan ro‘zalarni shar’iy nahorning yarmiga yetmagunicha niyat qilib olish mumkin. Shart shuki, niyat qilguncha ro‘zani buzadigan hech qanday ish qilmagan bo‘lishi kerak. Masalan, saharlik vaqti chiqqandan keyin biror nima yeb yoki biror qultum suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, ro‘zaga niyat qila olmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi