Bugun erta tongdanoq “Hazrati imom” jome masjidi muborak Qurbon hayiti namozini ado etish uchun kelganlar bilan gavjum bo‘ldi. Toshkentning ko‘hna eski shahar qismida joylashgan “Hazrati imom” (Hastimom) masjidida Qurbon hayiti namozi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligida ado etildi.
Bu muborak kunlarda mehr-muruvvat, o‘zaro yordam, saxovat kabi ezgu amallarni ko‘proq amalga oshirish hamda qurbonlik qilish, uning tartib va odoblari haqida muftiy hazratlari so‘zlab berdilar.
Hayit namozi ado etilgach, muftiy hazratlari: “Alloh Qurbon hayiti namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bu ulug‘ bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etib, hidoyatga boshlasin, darajalarini yuqoriga ko‘tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini bardavom qilsin”, deb duo qildilar.
Nuroniy otaxonlar ham bir-birlarini bayram bilan qutlar ekanlar, bu dorilomon kunlarga yetkazganiga shukur qilishdi, yurtimiz tinch va bundan-da farovon bo‘lishini tilashdi. Ozod va obod Vatanimiz ravnaqini, farzandlar kamolini Yaratgandan so‘rab duolar qildilar.
Shuningdek, Qurbon hayiti namozi yurtimizning barcha masjidlarida ko‘tarinki ruhda ado etildi.
Ushbu bayram mamlakatimizda har doim ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Shaharu qishloqlarda ko‘cha va guzarlar tartibga keltiriladi, qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtiriladi. Yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi. Yaqin kishilarga hayitlik ulashish ham chiroyli an’analarimizdan biri. Bunday xayrli ishlar odamlar o‘rtasida mehr-muruvvat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayapti.
Musulmonlarning shod-xurramlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayrami – Qurbon hayiti ayyomi muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!
O‘MI Matbuot xizmati
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz