Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

12.09.2016   9038   2 min.
Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

Bugun erta tongdanoq “Hazrati imom”  jome masjidi muborak Qurbon hayiti namozini ado etish uchun kelganlar bilan gavjum bo‘ldi. Toshkentning ko‘hna eski shahar qismida joylashgan “Hazrati imom” (Hastimom) masjidida Qurbon hayiti namozi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligida ado etildi.

Bu muborak kunlarda mehr-muruvvat, o‘zaro yordam, saxovat kabi ezgu amallarni ko‘proq amalga oshirish hamda qurbonlik qilish, uning tartib va odoblari haqida muftiy hazratlari so‘zlab berdilar.

Hayit namozi ado etilgach, muftiy hazratlari: “Alloh Qurbon hayiti namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bu ulug‘ bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etib, hidoyatga boshlasin, darajalarini yuqoriga ko‘tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini bardavom qilsin”, deb duo qildilar. 

Nuroniy otaxonlar ham bir-birlarini bayram bilan qutlar ekanlar, bu dorilomon kunlarga yetkazganiga shukur qilishdi, yurtimiz tinch va bundan-da farovon bo‘lishini tilashdi. Ozod va obod Vatanimiz ravnaqini, farzandlar kamolini Yaratgandan so‘rab duolar qildilar.

Shuningdek, Qurbon hayiti namozi yurtimizning barcha masjidlarida ko‘tarinki ruhda ado etildi.

Ushbu bayram mamlakatimizda har doim ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Shaharu qishloqlarda ko‘cha va guzarlar tartibga keltiriladi, qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtiriladi. Yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi. Yaqin kishilarga hayitlik ulashish ham chiroyli an’analarimizdan biri. Bunday xayrli ishlar odamlar o‘rtasida mehr-muruvvat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayapti.


Musulmonlarning shod-xurramlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayrami  – Qurbon hayiti ayyomi muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   8251   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar