Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Qurbonlikning fazilati

08.09.2016   10680   6 min.
Qurbonlikning fazilati

Hayitingiz muborak bo‘lsin

Hayit bayramlari qadimdan yurtimizda o‘zgacha, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Har yili Prezidentimizning hayit bayramlarini nishonlash to‘g‘risidagi qarorlarida joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirishga qator mutasaddi tashkilotlar jalb qilinadi. Bularning barchasi davlatimiz tomonidan yurtimiz musulmonlariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor namunasidir.

Qurbonlik qilish zakot, fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo‘lib, u Qur’oni karim, hadisi sharif va ijmo’ bilan sobitdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Biz (o‘tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva mollarini (so‘yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo‘yin suningiz va (ey, Muhammad!) Itoat qiluvchilarga xushxabar bering!” (Hoj, 34).

Baro ibn Ozib (roziyalohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bugungi birinchi qiladigan ishimiz avval iyd namozini o‘qish, so‘ngra uyga qaytib qurbonlik qilishimizdir. Kimdakim shunday qilsa, u sunnatga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim namozdan oldin qurbonlik qilsa, u oilasi uchun tayyorlagan oddiy go‘sht, ya’ni qurbonlik emasdir”.

Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida bandasining manfaati uchundir. Qurbonlik qilingan hayvonning go‘shtidan so‘ygan odamning o‘zi va faqir-miskinlar manfaatdor bo‘ladi. Alloh taolo esa insonning qalbidagi niyatiga ko‘ra muomala qiladi. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj, 37).

Haqiqatan, qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi. Hayit namozini o‘qib, qurbonlik so‘ygan mo‘minlar mening ummatimdandir”, – deganlar.

Qurbonlik so‘yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so‘ng so‘yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kuni asr vaqtigachadir.

Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so‘yish vaqtida hozir bo‘lishi mustahabdir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga: “Borib qurbonliginga shohid bo‘l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o‘tgan gunohlaring mag‘firat qilinur”, - dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?”, - dedilar Fotima (roziyallohu anho). Shunda Sarvari koinot: “Yo‘q, musulmonlarga umumiy”, - deb javob berdilar.

Qurbonlikka qo‘y, echki, tuya, sigir kabi hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham so‘yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo‘y va echki esa 1 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Qo‘y agar olti oyga to‘lgan bo‘lsa ham jussasi bir yoshnikidek katta bo‘lsa uni qurbonlik qilish joizdir.

Mol va tuyani yetti kishi nomidan so‘yilishiga shariatimizda ko‘rsatmalar bor. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladilar: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan, bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik” (Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

Agar mol yoki tuya 7 kishi nomidan so‘yiladigan bo‘lsa, uning go‘shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o‘lchagan holda teng taqsimlanadi va yetti kishi ham qurbonlik qilishni niyat qilgan bo‘lishi lozim.

Qurbonlik so‘yishi vojib bo‘lgan kishi qurbonlikni vaqtida so‘ymasa, keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So‘yilgan qurbonlikning uchga bo‘lib, bir qismiini sadaqa qilish, yana bir qismini yedirish, qolgan bir qismini o‘zi va oilasi uchun olib qo‘yish mustahabdir.

Ko‘p bolali kishilar hammasini oilasi bilan baham ko‘rishi ham mumkin. Musulmon bo‘lmagan qo‘shnilarga ham qurbonlik go‘shtidan berish musulmonlik ziynatidan hisoblanadi. Qurbonlik terisini sotish, qassobga mehnatining evaziga berish mumkin emas, u faqir kishiga sadaqa qilinadi yoki ro‘zg‘orda ishlatish uchun olib qo‘yiladi. Qassobga xizmat haqi beriladi, qurbonlik go‘shtidan haq sifatida berilmaydi.

Qurbonlikka har tomonlama sog‘ va semiz bo‘lgan jonliqlarni so‘yish shariatimiz ko‘rsatmalaridandir. Buning ham o‘ziga xos hikmatlari bor albatta. Birinchidan, bu qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga e’tibor berish, Yaratganga nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir. Ikkinchidan, bu musulmonlarning o‘rtalaridagi mehr-oqibatlarini mustahkamlaydi. Ularga kasal hayvonlarning go‘shtini emas, balki sog‘ va semiz hayvonlarning go‘shtini sovg‘a qilish yaxshi ishlardandir.

Odatda, hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularni ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochadilar. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladiki, Qurbon hayiti bayram bo‘lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta’sir qilmasligi lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Muborak haj safariga yurtimizdan borgan barcha hojilarimizning haj ibodatlarini mukammal ado etib, farzandlari bahriga sog‘-salomat kelishlarini nasib etsin!

 Fazliddin ALLOYOROV,

Toshkent shahridagi “Ali ibn Abu Tolib” jome masjidi imom-xatibi

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   34728   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari