Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Sentabr, 2026   |   9 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:49
Quyosh
06:08
Peshin
12:17
Asr
16:35
Shom
18:28
Xufton
19:43
Bismillah
20 Sentabr, 2026, 9 Rabi`us soni, 1448

Hayit kunining 14 odobi

08.09.2016   7533   8 min.
Hayit kunining 14 odobi

Hayit bayramlarida  yoshu qari, boyu kambag‘al barchalari shodu xurram bo‘lib, bir-birlariga xursandchilik izhor qilishadi. Bu ulug‘ bayram Ramazon va Qurbon hayiti kunlari nishonlanadi. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib, u sababli banda ko‘plab ajru savoblarga ega bo‘ladi. Jumladan:

Ezgu niyat. Hayit namoziga chiqilar ekan, zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qiladi. Payg‘ambarimiz Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqadi. Silai rahm, ya’ni qavmu qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qiladi. 

G‘usl qilish va xushbo‘ylanish.  Yuvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqish ham bu kunning odoblaridan sanaladi.

Yaxshi kiyimlar kiyish. Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab bo‘ladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu xurramligini namoyon qilish hamdir.

Qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa yemaslik. Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozi ado etilgunicha taomlanmaslik, balki so‘ygan qurbonligining go‘shtidan yeyishi sunnatdir.

وَلاَ يَطْعَمُ يَوْمَ الأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّىَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ      

         Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar (Termiziy rivoyati).

Hayit namoziga erta borish.

عَنِ الْبَرَّاءِ قَالَ سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطِبُ فَقَالَ إِنَّ أَوَّلَ مَا نَبْدَأُ مِنْ يَوْمِنَا هَذَا أَنْ نُصَلِّيَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ أَصَابَ سُنَّتَنَا     رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Barro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning xutba qilayotib bunday deganlarini eshitganman: “Ushbu kunda birinchi qilinadigan ish bayram namozini o‘qishdir, so‘ngra qurbonlik qilishdir. Kimki shunday qilgan bo‘lsa, albatta bizning sunnatimizga ergashibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Masjidga piyoda yurib borish. Agar yo‘l uzoqlik qilmasa, qoru-yomg‘ir yog‘mayotgan bo‘lsa yoki  kasal bo‘lmasa hayit kuni namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi.

Masjidga borgunicha ovozini chiqarib tahlil va takbir aytib borish. Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” larni aytib borish ham sunnat hisoblanadi. Ushbu sunnatni ado etish Islom shiorini izhor qilish va hayit bayrami kelganidan shodlanish ifodasi, hamda ushbu kunning oldingi va keyingi kunlardan farqli kun ekanini barcha insonlarga bildirish hisoblanadi.

Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o‘qimaslik. Hayit namoziga yetib borganidan so‘ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o‘qimasdan tahlil va takbirlar aytib zikr qilib o‘tirish sunnatdir.

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لَا يُصَلِّي قَبْلَ الْعِيدِ شَيْئًا فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ  رَوَاهُ ابنُ مَاجة

Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) I’yddan oldin hech narsa o‘qimas edilar, qachon manzillariga qaytsalar ikki rakaat namoz o‘qirdilar” (Ibn Moja rivoyati).

Bir-birlari bilan ko‘rishib, hayit bilan muborakbod etish. Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Ya’ni “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.

Masjiddan uyiga qaytishda boshqa yo‘ldan qaytish. Hayit kuni namozdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnatdir.

عَنْ جَابِرٍ قَالَ كَانَ النَّبِىُّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ إِذَا كَانَ يَوْمُ عِيدٍ خَالَفَ الطَّرِيقَ    رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qachon I’yd kuni bo‘lsa, yo‘lni farqli qilardilar” (Imom Buxoriy rivoyati). Hayit kuni o‘ziga yaqin bo‘lgan masjidga piyoda yurib borilsa, namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari adadicha savoblari ham ko‘payadi. Shuningdek, yo‘ldagi tirbandliklarning oldi olinadi.

Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish. Qavmu qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifa, hayit kunlarida bu vazifa yanada ta’kidlangan.

Qo‘ni-qo‘shnilarni bayram bilan tabriklash. Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashib, ularni ziyorat qilinsa, xursandchiliklar yanada ziyoda bo‘ladi.

Turli isrofgarchiliklardan tiyilish. Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlardan tiyilish lozim. Chunki bu kunda qilingan xayrli ishlarning savobi ulug‘ bo‘lganidek, noshar’iy ishlarning ham gunohi kattadir. Go‘yo “hayitda ruxsat” degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘lish yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirish yaramaydi. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma’siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.  

Yosh bolalarni xursand qilish. Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonlik belgilaridan biridir. Zero har bir voqea yosh bolaning ongida toshga o‘yilgan naqsh kabi saqlanadi. Bir tanishimiz bunday hikoya qiladi: “Yetmishinchi yillarning boshi... Komfirqa odamlari hayit namozini masjidda o‘qitishmaydi. Namozga to‘plangan jamoa nima qilarini bilmay qoladi. Shunda dadam: “Yuringlar, hayit namozini o‘qiydigan joy bor”, deydilar. Odamlar dadamga ergashishdi.

...Endigina ko‘cha eshik oldini supurib bo‘lgan onam dadamning erta qaytganidan ajablandi. Dadam shoshilib, qibla tomonga sholcha to‘shadi. Bir zumda hovli odamga to‘ldi. Birov qo‘ynidan joynamoz oldi, birov belbog‘ini yechib yerga soldi. Namoz o‘qildi. Kishilar duo qilib tarqalishdi. Dadam odamlarni kuzatgach, bizga hayitlik berdilar. Biz xursand, ammo onam... Ota-onam tortishuvi ancha davom etdi. Ularning gapidan uqdim, hayit namozi o‘qilmasin deb sho‘ro tashkilotidan vakillar kelgan, xonaqohga hech kimni kiritmay, hammani tarqalishga buyurishgan.

Bu voqeadan so‘ng onam ancha vaqtgacha dadamdan xavotirga tushib, sal kech qolsalar, ilhaq bo‘lib, bizni xabar olishga jo‘natardilar. Bu xavotirlarining sababini keyinroq tushundim...”

Alhamdulillah, hozir juma va hayit kunlari emin-erkin ibodat qilib, yaqinlariga hayitliklar ulashayotgan otaxonlarni ko‘rib, ko‘nglimiz quvnaydi. Ba’zilar hayit kuni bolalarga beriladigan sovg‘a va hayitliklarni “sadaqa” deb qabul qilishadi. Hayitlik olganingni ko‘rmayin, deya farzandlariga dashnom berishadi. Aslida esa hayitlik “sadaqa” emas!.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va hazrat Umar (roziyallohu anhu) hayit kuni birga ketishayotgan edi. Madina ko‘chalarida o‘ynab yurgan bolalar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan hayitlik so‘rashdi. U zot (sollallohu alayhi va sallam):

– Ey Umar, meni bu bolalardan sotib olmaysizmi? – dedilar.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) yugurib ketdilar va bolalarga go‘sht, bir oz xurmo va mevalar keltirib berdilar. Mamnun bo‘lgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak yuzlariga tabassum yoyildi (“Tarixul Anbiyo”).

Hayitingiz muborak bo‘lsin!

“Movarounnahr” nashriyoti xodimi

Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi

16.09.2026   43075   4 min.
Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi

Xalqaro media maydonida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi hamkorliklar va ilmiy-madaniy loyihalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida boshlangan hamkorliklarning keyingi bosqichi sifatida Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarning natijalari va ularga tayyorgarlik jarayoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.


Yig‘ilishda Ilmiy kengash a’zolari, olim va tadqiqotchilar hamda tegishli yo‘nalishlar uchun mas’ul xodimlar ishtirok etdi.


Unda dastlab xalqaro mediaforumning natijalari tahlil qilindi. Qayd etilganidek, mazkur forum Markazning xalqaro axborot va ilmiy maydondagi faoliyatini kengroq namoyish etish, xorijiy jurnalistlar, media ekspertlar, olim va tadqiqotchilar bilan yangi professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.


Forum davomida Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyati, O‘zbekiston hududida shakllangan islomiy ilm-fan va madaniyat merosi, shuningdek, ushbu merosni zamonaviy media vositalari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy OAV vakillarining Markaz faoliyatiga bildirgan qiziqishi hamda o‘zaro muloqotlar kelgusidagi hamkorliklar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi.


Shu munosabat bilan forum doirasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni izchil davom ettirish, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markazning ilmiy loyihalari va tadqiqotlarini xalqaro auditoriyaga kengroq yetkazish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.


Ilmiy kengash yig‘ilishida Markazning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biri — Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma loyihasiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Mazkur tadbirlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tadqiqot faoliyati, mamlakat hududida shakllangan ilm-fan, ma’rifat, madaniyat va tarixiy merosning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini xalqaro ilmiy jamoatchilikka kengroq tanitish maqsad qilingan.


Ayni paytda loyiha doirasida xalqaro olim va tadqiqotchilarni tadbirlarga jalb etish, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, taqdimot va konferensiya dasturini shakllantirish, shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ilmiy va mazmun jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov Parijdagi tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi:

“Fransiyadan 50 ga yaqin olim va tadqiqotchiga taklifnomalar yuborilgan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillarini jalb etish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirning yana bir muhim qismi — YUNЕSKO Bosh qarorgohida tashkil etiladigan ko‘rgazma loyihasi. Besh ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan ilm-fan, madaniyat va tarixiy merosning muhim jihatlarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish rejalashtirilgan. Ko‘rgazma uchun 35 ta muhim artefakt va 200 ga yaqin qadimiy kitob, shuningdek, tarixiy obidalar maketlarini taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.


Ilmiy kengash a’zolari tomonidan mazkur loyihalarning mazmun-mohiyati, ilmiy asoslanganligi va ularni xalqaro auditoriyaga taqdim etish usullari yuzasidan ham fikr almashildi.


Xususan, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini shakllantirishda tarixiy manbalarning ilmiy qiymati, artefaktlarning tarixiy ahamiyati va ularning O‘zbekiston hududidagi islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan bog‘liq jihatlarini aniq va ishonchli ma’lumotlar asosida yoritish muhimligi qayd etildi.


Shuningdek, xalqaro auditoriyaga taqdim etiladigan materiallarda O‘zbekiston zaminida yuzaga kelgan ilmiy maktablar, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda bugungi kunda ushbu ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng qamrab olinishi zarurligi ta’kidlandi.


Yig‘ilish yakunida xalqaro mediaforumda erishilgan natijalarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, xorijiy OAV va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati va O‘zbekistonning boy islomiy ilmiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. 

 

iccu.uz

Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari