Alloh taolo hajga qodir bo‘lgan har bir musulmonga umrida bir marta uni ado etishni ushbu oyati karima bilan farz qilgan: “Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron, 97). U islomning besh arkonidan biri hisoblanadi. Haj – moliy va jismoniy ibodatdir. U yerda irqi, jinsi, rangi, tili va dunyoviy maqomidan qat’iy nazar barcha insonlar bir xil kiyimda, bir xil holatda ibodat qiladilar. Chunki Alloh taolo huzurida hamma barobardir.
Haj hijratning to‘qqizinchi sanasida barcha musulmonlarga farz bo‘ldi. Shu yili Rasululloh (s.a.v.) Madina ahlidan 300 kishini Abu Bakr Siddiq (r.a.) rahbarliklarida hajga yubordilar. Keyingi sanada Rasululloh (s.a.v.) o‘zlarining so‘ngi “Hajjatul vado’”, ya’ni vidolashuv hajini ado etdilar va unda islomning asosiy ta’limotini o‘z ichiga olgan mashhur vidolashuv xutba – mav’izalarini, ya’ni yig‘ilgan sahobalari va kelajak ummat hayoti uchun zarur bo‘lgan vasiyatlarini bayon qildilar.
Tarixiy manbalardan yaxshi bilamizki, haj qilish ibodati anbiyolar otasi Ibrohim (a.s.) Alloh taoloning amri bilan Baytullohni bino qilgan, uning asosini ko‘targan vaqtdan beri boshlangan edi. Ka’baning qurilishi tamom bo‘lganidan keyin Alloh taolo payg‘ambari va xalili Ibrohim (a.s.) bunday amr qildi: “Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda) ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj, 27-28).
Keyinchalik haj arkonlari haqida boshqa oyatlar ham nozil bo‘ldi, uni ado etish tartib va hukmlari haqida sahih hadislar vorid bo‘ldi. Haj ibodatiga mushriklar tomonidan kiritilgan barcha xurofiy narsalar bekor qilindi, Ibrohim (a.s.) davrlarida bo‘lganidek, yagona Allohning o‘ziga xolis ibodat qilish, unga qurbonlik keltirish, talbiya va takbir aytishda soflikka erishildi. Shuningdek, haj mavsumida dunyoning turli joylaridan yig‘ilgan musulmonlarga dunyoviy va uxroviy manfaat va foyda bo‘lishi haqidagi oyatlar ham nozil bo‘ldi.
Jumladan, Rasuli akram (s.a.v.) bir hadisi shariflarida marhamat qiladilar: “Kim haj ibodatini mukammal ado etib, taqiqlangan ishlardan o‘zini saqlagan bo‘lsa, onasidan yangi tug‘ilgan kunidek gunohlardan pok bo‘lgan holda qaytadi” (Buxoriy va Ahmad rivoyati).
Mehribon Parvardigorimiz ushbu ibodatni bajarganlarga ulkan ajru mukofotlarni va’da qilish bilan biga, bandalariga yana-da yengil bo‘lishi uchun uni uch turda bajarish imkoniyatini berdi. Har kim hoxishi va imkoniyatiga qarab bu uch turdan birini tanlaydi va haj ibodini shunga ko‘ra ado etadi.
Demak, haj turlari uchta:
Ifrod haji deb miqotdan faqat haj qilish uchun ehromga kirishga aytiladi. Ifrod haj qiluvchi kishi Makkaga kelgach, tavofi qudum qilib, haj amallarini ado etishga kirishadi va qurbonlik kuni shaytonga tosh otganidan keyin ehromdan chiqadi. Ifrod haj qiluvchi zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi. Faqat bir tavof va bir sa’y qilish vojibdir. Bugungi kunda ifrod hajini qilish birmuncha mashaqqatlidir. Chunki bu tur hajni niyat qilgan kishi Makkai mukarramaga kelgan kunidan boshlab to qurbon hayiti kuni shaytonga tosh otib, sochini qisqartirgunigacha ehromda bo‘lishi va ehrom tartib-qoidalariga qat’iy amal qilishi shartdir. Agar shu vaqt oraligida ehromda qaytarilgan ishlarni unutib qilib qo‘ysa, zimmasiga kafforat lozim bo‘ladi. Masalan, mo‘ylabi o‘sib ketsa-yu uni qisqartirish, olish mumkin emasligini unutib, olib qo‘ysa yoki xushbo‘ylanib qo‘ysa, jarima lozim bo‘ladi. Ammo shuncha qiyinchilikka yarasha, bu hajning savobi boshqalarga qaraganda ko‘proqdir.
Tamattu’ haji. “Tamattu’” arabcha so‘z bo‘lib, “foydalanish”, “maza”, “huzur qilish” ma’nolarini anglatadi. Avval umrani ado etib, haj vaqtigacha ehrom harom qilgan narsalardan huzur qilib yurib, vaqti kelganda yana ehromga kirib hajni niyat qilgan odam “Tamattu’ haj qiluvchi” deyiladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha tamattu’ ifrod hajidan ulug‘ bo‘ladi. Tamattu’ haj oylarida Makkaga tashqaridan keluvchilarga joiz. Makkada yashovchilarga va u yerga haj oylaridan oldin kelib, hajni kutib turganlarga joiz emas. Tamattu’ hajini ifroddan asosiy farqlari quyidagilar.
U ehromga kirayotganda umranigina niyat qiladi. So‘ng “Talbiya” aytib boradi. Makkaga kirib umra tavofini qiladi. Birinchi tavofdayoq talbiyani to‘xtatadi. So‘ng Safo va Marva orasida sa’y qilib bo‘lgach, sochini oldirib yo qisqartirib ehromdan chiqadi. So‘ng haj vaqti kelishini kutib turadi. Zulhijja oyining 8-kuni Haromda ehromga kiradi va niyat qiladi.
So‘ng ikki rakaat namoz o‘qiydi. Ka’bani tavof qiladi, Safo va Marva orasida sa’y qilib olsa yaxshi bo‘ladi. So‘ng ifrod haji amallarini qilgandek amallarni qiladi. Hayit kuni tong otgandan so‘ng jonliqni so‘yadi. Keyin sochini oldirib yo qisqartirib ifoza tavofini qiladi. Agar ehrom bog‘lagan paytda tavof va sa’y qilmagan bo‘lsa ifoza tavofidan so‘ng Safo va Marva orasida sa’y qiladi. Tamattu’ niyat qilgan odam o‘ziga vojib bo‘lgan jonliqni so‘yishga qodir bo‘lmasa, o‘rniga ro‘za tutadi. Bu ro‘zaning umumiy miqdori o‘n kun. Shundan uch kuni Arafadan avval tutilishi shart. Eng yaxshisi Arafa kuni va undan avvalgi ikki kun ro‘za tutishdir. Arofatda charchab qolmay desa, bir kun oldin tutsin. Yetti kuni hajdan keyin o‘z yurtida tutiladi.
Qiron haji. “Qiron” so‘zi “yaqinlik”, “qo‘shilish” ma’nolarini anglatadi. Umra bilan yaqinlashtirib, bir-biriga qo‘shib qilingan hajni “qiron” haji deyiladi. Qironning ifroddan farqi shuki, ehromga kirishda niyat qiladi. Keyin talbiya aytadi. Makkaga kelgach, umra uchun tavofni ado etib, Safo va Marva orasida sa’y qiladi. Ammo sochini oldirmaydi, ehromdan chiqmaydi. Chunki unda hali hajning niyati bor. Keyin haj uchun yana bir tavof qiladi va sa’y ado etadi. Qolgan amallar ifrod hajinikiga o‘xshab ketadi. Hayit kuni tosh otishdan so‘ng qurbonlik qilish vojib. Jonliq so‘yayotganda “Qiron uchun” yo “Dami shukr” deb niyat qiladi. Undan so‘ng sochini oldiradi yo qisqartiradi. Ushbu tartib zarurdir. Ifoza tavofi qilingandan so‘ng, avval haj uchun sa’y qilmagan bo‘lsa sa’y qiladi. Qurbonlik so‘yishga imkoni yo‘qlar tamattu’ga o‘xshab ro‘za tutadilar.
Manbalar asosida tayyorlandi.
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati