Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

SIZDAN OZOD VA OBOD VATAN QOLDI

08.09.2016   6752   4 min.
SIZDAN OZOD VA OBOD VATAN QOLDI

Mana, bir necha kundirki, og‘ir musibatdan o‘zbek xalqi o‘ziga kela olayotgani yo‘q. Bunday judolikni nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati his etyapti. Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston deya atalguvchi qaddi bukilgan, sha’ni tahqirlangan muqaddas zaminni qayta oyoqqa turgazgan, turgazganda ham sarbaland maqomda, o‘zligi, e’tiqodi, jasoratini tarannum etgan millat xaloskori Rafiqi a’loga yo‘l oldi. E’tirof etilganidek, Islom Karimov qaysi lavozimda, qaysi vazifada faolyait olib bormasin doimo vatan taqdiri, yurt qayg‘usi bilan yashadi. Yurtdoshlarimiz 25 yillik hayoti davomida barcha erishgan yutuqlari, saodatli onlarini bevosita u kishining nomi bilan bog‘laydi. Bir oqil rahbar bo‘lsa shu insonchalik bo‘lar... O‘tgan asrning 80 yillariga kelib, har tomonlama qoloq mamlakatga aylangan, bir yoqlamali tizimga asoslangan iqtisodiy nochor ahvolga kelib qolgan davlatni tarixan qisqa davr ichida tenglar ichra teng yurtga aylantirib, barqaror o‘sish sur’atlariga erishtirish uchun qancha zahmatlar, qanchadan-qancha matonat, chidam, sabr, bardosh kerak bo‘larkin...Zero, bunday darajalarga birdan erishib qolganimiz yo‘q. Azizlar, bugun ko‘zlarda yosh bilan nazar tashlaylik yurtimiz qudratiga: qaysi soha, qaysib bir tarmoq, yo‘nalish rivoj topmay qolib ketdi? Hech qaysi! Alloh taolo yurt egasining tinimsiz harakatlari, shijoatlari evaziga uning yo‘lini ochishi bilan diyorga O‘z rahmatlari, barakotlarini yog‘dirdi. Ne’matlar ketidan ne’matlar kela boshladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Inson vafot etgach amallari to‘xtaydi. Faqat unga uch narsadan savob yetib turadi: sadaqai joriya (savobi davomli yaxshi ish), foydali ilm, uning haqiga duo qiluvchi solih farzand”, deya marhamat qilgan muborak hadislarini yaxshi bilamiz. Yurtboshimizning bevosita tashabbuslari bilan xalqimiz uchun bunyod etilgan minglab inshootlarni ta’riflash shart emas.

Toshkent shahrining betakror me’moriy mo‘jizasi bo‘lib barpo etilgan “Minor” masjidi ochilishidagi u kishinigng so‘zlari hamon qulog‘imiz ostida jaranglaydi: “Avvalo bunday ibodat uylari xalqimiz uchun. Mard va jasur, turli og‘ir zamonlarda matonat va chidamlik ko‘rsatgan xalqimiz uchun! O‘zbekistonimizning jahon darajasida e’tirof etilayotgan turli yo‘nalishlardagi yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, iqtisodiyotimizning o‘sib borishi, xalqimizning tobora hayot darajasi, hayot sifatining o‘sib borishi, eng muhimi kishilar bugungi tinch osuda hayotidan rozi bo‘lib yashayotganligining sababi-Allohning marhamatidir. Tangrimiz bizni O‘zi asramoqda, O‘zi yo‘limizni ochib bermoqda!

Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq, buyuk allomalarimiz, muhaddisu, faqih ulamolarimiz ilmiy meroslarini tadqiq etish, yosh avlodni ajdodlarimizning boy ma’naviy bilimlari asosida tarbiyalashga yurtboshimiz rahnamoligida alohida e’tibor qaratildi. “Ma’naviyati yuksak xalqni yengib bo‘lmaydi", deya aytgan so‘zlari dolzarbligi bugun yanada ravshan bo‘lmoqda. Qolaversa, U kishining adabiyot, ma’naviyat, iqtisod, siyosat,jamiyat, tilshunoslik va boshqa fanlarga metodoliya bo‘lib xizmat qiluvchi asarlari manfaatli ilmni ifodalab beradi.

Ortlarida qolgan farzandlar... Butun o‘zbek xalqi farzandlari... “O‘zbekistonda unib o‘sayotgan har bir farzand mening farzandim”, deya yoshlarga alohida g‘amho‘rlik ko‘rsatar edilar. Bugun ana shu farzandlar ko‘zlarda yosh, qalblarda ayriliq firog‘i bilan u kishininig ortlaridan duolar qilmoqda, xatmi Qur’onlar o‘qib bag‘ishlamoqda. Alloh taolo ana shu oyati karimalar, qilingan barcha ezgu amallar barakotlaridan farovon hayotimiz, nurli istiqlolimiz asoschisi Prezidentimiz qabrlarini nurlarga to‘ldirsin!  

Albatta, Alloh taqdiriga itoat etamiz, foniy dunyo haqiqatiga taslim bo‘lamiz. Buyuklar vafot topsa ham, hamon biz bilan hamnafas yashayotgandek tuyulaveradi. Ularning yo‘qligiga ishongisi kelmaydi kishining. Sababi ular hayotlarida bajargan ulkan ishlari bilan, qalblarga o‘rnashgan muhabbatlari bilan bir zumda yo‘q bo‘la olmaydilar. Balki, zamonlar osha avlodlarni o‘zlarining amaliy,ma’naviy jasoratlari bilan faxrlantirib keladilar! Alloh taolo Qur’oni Majidda marhamat qilganidek:

هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَان

Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ezgulikdir. (Ar Rahmon,60)          

Yurtboshimizning farovon hayotimiz uchun amalga oshirgan barcha xayrli ishlari mukofotini oxiratda Yaratganimiz o‘ziga ma’lum bo‘lgan adaddagi ajrlar ila mukofotlasin! Bu og‘ir damlarda xalqimizga Alloh chiroylik sabr bersin.

  

Anvar qori Tursunov

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Yangiliklar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   5509   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari