Erta tongdan Madina shahridan Makkai mukarramaga yo‘lga chiqqan Qashqadaryolik hojilarimiz eson-omon yetib keldilar. Ularni ishchi guruh vakillari kutib olib, mehmonxonaga joylashtirdilar. Ziyoratchilarimiz tashkiliy ravishda guruh rahbarlari boshchiligida Umra amalini Harami sharifda ado etdilar va muhtaram Yurtboshimizning oxiratlari obod bo‘lishini hamda yurtimizning tinchligi va osoyishtaligi hamda xalqimiz yanada farovon bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duolar qildilar.
Hozirda hojilarimiz sog‘ va salomatdirlar.
Saudiya Arabistoni, Makka shahri
Istiqlolimizning 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatidagi imom-xatib va noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha viloyat turniri bo‘lib o‘tdi.
Sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bahslarda din peshvolari o‘zlarining jismoniy tetikligi va mahoratlarini namoyish etdilar. Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin: Abdullo domla Avezov (Qorako‘l tumani, «Bozorxo‘ja» masjidi);
2-o‘rin: Abduvohid domla Akramoyev (Buxoro shahri, «Volidayi Abdulazizxon» masjidi);
3-o‘rin: Saddam domla Boboqulov (Peshku tumani, «Xo‘ja Peshku» masjidi).
G‘olib va sovrindorlarga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Otabek domla Avezov tomonidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Islom dinida tan salomatligi va jismoniy kuch-quvvatga alohida e’tibor beriladi. Bu kabi sport tadbirlari soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom muhit va yuqori kayfiyatni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati