O'zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsuli Nodirjon Turg'unov 27 mart kuni Jidda shahridagi Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqining (YuNA) bosh direktori vazifasini bajaruvchisi Muhammad Abdurabbi Al-Yami bilan uchrashdi.
Tashrif chog'ida O'zbekiston Bosh konsuliga Islom hamkorlik tashkilotining unga a'zo davlatlar uchun asosiy media-platforma sifatidagi roli, shuningdek, ommaviy axborot vositalari sohasini rivojlantirish bo'yicha YuNAning shaffoflik, ishonchlilik va bag'rikenglikka undaydigan kelgusi yillarga mo'ljallangan harakatlar rejasi haqida ma'lumot berildi.
Bosh konsul Ittifoqning a'zo davlatlar o'rtasida xalqaro ommaviy axborot vositalari xodimlari o'rtasidagi kasbiy aloqalarni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholadi. Shu bilan birga ommaviy axborot vositalari sohasida qo'shma loyihalarni ilgari surish bo'yicha o'z takliflarini bildirdi.
O'MI Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati