“Yil imomi – 2016” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi g‘olibilari aniqlandi.
“Yil imomi – 2016” ko‘rik tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2016 yil 15 apreldagi 01A/19 sonli buyrug‘i hamda Nizomidan kelib chiqqan holda viloyat vakilligi qoshida tashkil qilingan “Maxsus Hay’at” tomonidan 2016 yilning 22 avgust kuni Zangiota tumanidagi “Zangiota” jome masjid binosida shahar va tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan imom-xatiblar o‘rtasida o‘tkazildi. Mazkur bosqichda jami 15 nafar imom-xatib ishtirok etdi.
Hakamlar imom-xatiblarni bilet savollariga javoblari, shuningdek, o‘z ustida ishlashi, izlanishi, OAVda dolzarb mavzularda chiqishlari, masjidda amalga oshirgan obodonlashtirish ishlari, imomning faoliyati davomida erishgan yutuqlari, ma’ruzalarining ta’sirchanligi va boshqa fazilatlarini inobatga olib, baholadilar.
Tanlov yakuniga ko‘ra 50 ballik tizimda Ohangaron tuman “Abduqaxxor Maxsum” jome masjidi imom-xatibi, Akmalov Abdulxakim Majitovich 45.4 balni qo‘lga kiritib 1-o‘rinni egalladi. Qibray tumani “Sa’dulla ota” jome masjidi imom-xatibi, Mirxamidov Obid Mirg‘ofir o‘g‘li 45 balni qo‘lga kiritib 2-o‘rinni egalladi. Zangiota tumani “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi, Shokirov Ilyos Abdisaidovich 44 balni qo‘lga kiritib 3-o‘rinni egalladi. Tanlov g‘oliblari – Ohangaron tumani “Abduqaxxor Maxsum” jome masjidi imom-xatibi, Akmalov Abdulxakim Majitovich tanlovning respublika bosqichiga ishtirok etish uchun yo‘llanma oldi.




O‘MI Toshkent viloyat vakilligi
#xabar #muftiy #peshin
Bugun, 1 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi "Masjidul Latif" jome masjidida peshin namozini ado etib, jamoatga manfaatli mav’iza qilib berdilar.
Muftiy hazratlari suhbat avvalida yurtimizdagi xayrli diniy islohotlar sabab 150 dan ortiq yangi masjidlar ochilgani, 500 ga yaqin tahoratxona zamonaviy ta’mirlanayotgani va barcha hududlarda Qur’on kurslari yo‘lga qo‘yilayotgani katta ne’mat ekanini ta’kidladilar. Hozirgi murakkab va tahlikali zamonda shukronalik hissi bilan yashab, ahil-inoqlik va musulmonlar ittifoqligini mustahkamlash o‘ta muhim ekaniga urg‘u qaratdilar.
Shayx hazratlari ma’ruzalarida masjid va mo‘min kishi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ajoyib o‘xshatish bilan izohlab, mo‘min kishi masjidda o‘zini xuddi suvdagi baliqdek erkin va xotirjam his qilishini, chunki masjid qalblarga sokinlik ulashuvchi haqiqiy rohat maskani ekanini qayd etdilar.
Mazmunli suhbatda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratilib, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi va u yerda barpo etilayotgan muzey misolida buyuk allomalarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom tilga olindi. Yoshlarimiz Imom Buxoriy kabi ulug‘ ajdodlarimizning ilmga bo‘lgan fidoyiligi va vatanparvarlik fazilatlaridan doimo o‘rnak olishlari zarurligi aytib o‘tildi.
Fayzli suhbat yakunida Haq taolodan yurtimizga tinchlik-omonlik, xalqimizga farovonlik va farzandlarimiz kamoli uchun xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati