بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Bugun jannatmakon yurtimiz mustaqilligining 25 yilligi bayramini dilda quvonch va katta shodiyonalar bilan kutib olish taraddudida turibmiz. Bu kunlarni ko‘rish orzusida bir necha avlod vakillari umid va xasratda dunyodan o‘tib ketishdi. Darxaqiqat, mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maskanlari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, bog‘u xiyobonlar, shahar va qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, aholi farovonligining, ongi va tafakkurining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, islom dini ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Xalqimiz o‘z hayotini buyuk ajdodlarimizga munosib tarzda o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Muqaddas dinimiz botil mafkuralar va dahriylik tazyiqidan halos bo‘ldi. Diniy va milliy qadriyatlarimiz qaytadan ravnaq topa boshladi. Alloh taoloning ulug‘ ne’matlaridan bo‘lmish Istiqlol sharofati tufayli el-yurtimiz uzra hurriyat va fayzu barakot taraldi.
Ko‘p yillar davomida dahriylik siyosatini o‘tkazib, fuqarolarni dindan uzoqlashtirishga qilingan xatti-harakatlarga barham berilib, yurtimizda islom dini ta’limoti, buyuk ajdodlarimiz, diniy arbob va ulamolarimiz merosining qayta tiklanishiga erishildi.
Haqiqat qiyosda ochiladi, degan mashhur aqida bor. Istibdod yillarida xalqimizning Ramazon va Qurbon hayitlarini qanday nishonlaganligini bir eslaylik. Masjidda hayit namozini o‘qish, mozorlarga borib, yaqinlarini qabrini ziyorat qilish qanchalar mushkulot bilan amalga oshirilgan va boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Istiqlol tufayli mamlakatda islom dini ravnaqi uchun keng imkoniyatlar ochildi. E’tiqod erkinligi qonuniy ravishda kafolatlab qo‘yildi. Barcha milliy-diniy qadriyatlar tiklandi, masjid va madrasalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar musulmonlar ixtiyoriga qaytarib berildi. Ularning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy adabiyotlarni nashr etishlari va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ro‘za xayiti (Iydul-fitr) va Qurbon hayiti (Iydul-adha)larning birinchi kunlari dam olish kunlari deb belgilanib, bayram sifatida e’lon qilindi.
Hozirgi paytda O‘zbekistonda ikki mingdan ziyod masjid faoliyat ko‘rsatmoqda. Har yili besh ming nafar hamyurtimiz Islomning asosiy arkonlaridan Haj ibodatini, minglab vatandoshlarimiz umra ziyoratini ado etishga muyassar bo‘lmoqdalar.
Yurtboshimiz tashabbuslari bilan Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro markazning faoliyat boshlashi ham mamlakat ma’naviy hayotida kata voqea bo‘ldi. Bu yerda hadis ilmi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda, turli xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda, masjidlar imom-xatiblarining malakasi oshirilmoqda.
Jahon islom hazorasiga, fan va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Farg‘oniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ahror Valiy kabi atoqli islom olimlari va tasavvuf ulamolarining tavallud to‘ylari keng nishonlandi, qadamjolari obod qilindi, asarlari nashr etildi. O‘tgan ushbu davr mobaynida diniy-ma’rifiy mazmundagi bir qancha adabiyotlar nashr etildi. Qur’oni karim va uning ma’nolari, hadislar to‘plamlari bir necha marta chop qilindi.
Bulardan tashqari oylik “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetalari ko‘p sonli tirajda musulmonlar hukmiga xavola etib kelinmoqda, Televideniye orqali “Hidoyat sari” va “Ziyo” dasturlari muntazam ravishda berib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining xalqaro aloqalari kundan-kunga rivojlanib, bugungi kunda 30dan ziyod mamlakat bilan hamkorlik rishtalarini o‘rnatgan, uning vakillari, diniy xodimlar jahonning turli mamlakatlarida bo‘lib o‘tayotgan turli, xalqaro anjuman va yig‘ilishlarda ishtirok etmoqdalar.
2007 yilda Islom konferensiyasi tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha AYSЕSKO tashkiloti Toshkentni Islom madaniyatining poytaxti, deb e’lon qilgani O‘zbekistonning islom olamidagi nufuzi va obro‘si oshib borayotganining yana bir yorqin ko‘rinishi bo‘ldi.
Azizlar, mustaqillik yillarimizda mamlakatimizda amalga oshirilgan barcha sohadagi islohot va o‘zgarishlarga diqqat bilan nazar solsak, ularning markazida inson manfaatlari, yurt tinchligi, xalq farovonligi, Vatan taraqqiyoti, farzandlarimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasligi kabi bir-biridan buyuk maqsadlar turganiga guvoh bo‘lamiz.
Binobarin, bunday yondoshuv mazmun-mohiyatiga ko‘ra islom dini ta’limotlarida ham o‘z aksini topgandir. Zero, Alloh taolo insonni yer yuzida boshqa jonzotlardan ustun qilib yaratgan.
Agar biz mana shu ato etilgan Allohning ne’matlariga shukr qilib, zimmamizdagi burch va vazifalarimizni ado etib borsak, Haq subhanahu va taolo oyati karimada:
... لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ... (سورة إبراهيم/7
ya’ni: “...agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...” – deb ta’kidlaganidek, o‘z ne’matlarini yanada ziyoda etishi muqarrardir.
Muhtaram azizlar! Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Albatta, bu Alloh taologa hush keladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida:
قال النبي صلى الله عليه وسلم: "من أصبح منكم آمناً في سربه، معافى في جسده عنده قوت يومه، فكأنّما حيزت له الدنيا" (رواه البخاري والترمذي
ya’ni: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”, - deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Davlatimizning islom diniga nisbatan g‘amxo‘rona munosabatiga javoban, biz ham, o‘z navbatida islom dinining musaffoligini saqlash, uning asl mohiyatini xalqqa tushuntirish, yosh avlodni turli g‘arazli kuchlar ta’siridan himoya qilishga qaratilgan faol targ‘ibot olib bormog‘imiz, turli zararli harakatlar dinimizga yot ekanini, muqaddas aqidamizda begunoh insonlarni o‘ldirish yoki ularning o‘limiga sabab bo‘lish harom ekanini barchaga yetqazmog‘imiz lozim.
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
" مَنْ لَّمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللهَ " (رواه الترمذى
ya’ni: “Kimiki insonlarga ulardan ko‘rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmagan ekan, demak Allohga shukr qilmabdi”, - deganlar.
Muhtaram jamoat! Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar:
" نِعْمَتاَنِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ ، اَلصِّحَّةُ وَ الْفَرَاغُ"
ya’ni: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”.
Xalqimizning yang yaxshi ko‘rgan va eng ko‘p takrorlaydigan duosi “Iloho, xonadonlarimizni tinch va osoyishta, yurtimizni obod qil” degan duodir. Dono xalqimizning “Qo‘shning tinch – sen tinch”, “Bir kun urush bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi”, “Tinchliging – xurliging”, “Urush tomoshabinga oson” kabi maqollarda ham tinchlik qanchalik bebaho ne’mat ekani aytiladi. Oqsoqollar nasihatida, onalar aytgan allalarida bejizga tinchlik, xotirjamlik ko‘p tilga olinmaydi.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvat-larining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ (سورة البقرة/208
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur’oni karim ta’lim beradiki, har qanday shakldagi zulm va zo‘ravonlik Islom aqidasiga tubdan qarama-qarshidir va bironta musulmon ana shunday jinoyatni sodir etishi mumkin emas. Bundan tashqari musulmonlar Parvardigorlari oldida boshqa odamlarni jinoyat sodir qilishdan qaytarishga mas’uldirlar. Har bir imonli kishining burchi – “yer yuzida buzg‘unchilikka” yo‘l qo‘ymaslik, dunyoda farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirish uchun kurashishdan iborat.
Yana bir xadisu sharifda aytilganidek, “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matki, bundan ko‘p odamlar mahrumdirlar”. Darhaqiqat, qo‘poruvchi kuchlarning fitnalariga uchish, qiziqqonlik va johillik oqibatida aziz yurtimizning tinch-osuda va go‘zal hayoti, musaffo osmonini bir laxzada yo‘qotish, oilalarga o‘limday musibat keltiruvchi ofatga duch kelish mumkinligini aslo unutmasligimiz darkor. Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:
إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ
ya’ni: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur. ...” (Nahl, 90). Ko‘rinib turibdiki, Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda jannat ahlining abadiy hayoti tinchlik, osudalik va salomatlikda kechishi haqida shunday marhamat qilgan:
ادْخُلُوهَا بِسَلَامٍ آَمِنِينَ
ya’ni: “U (yer)ga sog‘-salomat, tinch-omon kiringiz!” (Hijr,46).
Demak, bu oyat bizga tinchlik va omonlik nafaqat bu dunyoda qadrli, balki jannatda ham juda ulug‘ ne’mat ekanini hamda Yer yuzi insoniyatning farovon, o‘zaro totuv va hamjihat yashashi uchun yaratilganini bildiradi. Shuning uchun ham bugungi murakkab sharoitda tinchlikni asrash uchun ogohlik, sezgirlik, vazminlik har qachongidan ko‘ra muhimdir.
Qadrli namozxonlar! Istiqlolning ilk kunlaridanoq jannatmakon yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta’minlash yo‘lida katta ishlar olib borilmoqda. Barchamiz ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetib, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun o‘z hissamizni qo‘shib, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun qayg‘urib umrguzaronlik qilaylik.
Jamiyat taraqqiyoti va farovonligi millatlararo, dinlararo o‘zaro bag‘rikenglik va totuvlik hamisha muhim ahamiyat kasb etadi. Yaratganga ming shukrkim, mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, ular tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Hayotning barcha sohalarida taraqqiyotga erishish, kamolotga yetishish birdaniga bo‘lib qolmaydi. Buning uchun farzandlarimizni sabr-bardoshli bo‘lishga, ilm yo‘llarini osonlashtirishga, ilm olishga qiziqtirish, rag‘batlantirish tomonlariga ham katta ahamiyat berishimiz darkor.
Azizlar, yaxshilik qilishdan charchamaylik. Haqiqiy insoniylik sifati Parvardigor huzurida cheksiz ajru savoblarga, ikki dunyo saodatiga muyassar etadi. Binobarin, bu hayotda insondan faqat savobli amal va yaxshilikkina qoladi. Yaxshilikning mukofoti esa faqat jannatdir.
Muhtaram jamoat! Albatta, yurtimizda bo‘layotgan bu yuksalish va taraqqiyotimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va hotirjamlikning evaziga bo‘layotganini, tinchlik esa o‘z-o‘zidan, osonlikcha bo‘lmasligini unutmaslik kerak.
Mana shunday saodatli kunda jannatmakon diyorimizda yashovchi barcha yurtdoshlarimizni mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz. Alloh taolodan bu ulug‘ bayramni barchamiz uchun xursandchilik, shodu xurramlik va hamjihatlikda o‘tkazishlikni so‘raymiz.
Alloh taolo jannatmonand yurtimiz tinchligini barqaror aylab, xalqlarimizning fidokorona qilayotgan mehnatlariga munosib ajr-mukofotlar ato etsin! Omin.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.