Ko‘pchiligimiz sevib iste’mol qiladigan tarvuzning biz bilgan va bilmagan ko‘plab foydalari bor. Quyida tarvuz haqida siz uchun qiziqarli va foydali bo‘lgan ajoyib ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.
Tarvuz o‘zida L-sitrullin – aminokislotasi ko‘p bo‘lib, bu bo‘g‘imlar orasidagi og‘riqni to‘xtatadi. Agar mashg‘ulotdan keyin achish va og‘riq sezilishini xohlamasangiz, u holda mashg‘ulotdan avval yangi tarvuzning 1/3 qismidan tayyorlangan sharbatni ichish tavsiya qilinadi.
Albatta, bu gap sizga yoqimsiz tuyulgandir, ammo biz tarvuz po‘chog‘ini tashlab yubormasligingizni tavsiya qilamiz. Birinchidan, ular judayam mazali. Po‘choqlarni bir nechta kichik bo‘laklarga bo‘ling va limon, bodring va muz bo‘laklari bilan blenderga soling. Ta’bga ko‘ra shakar va ko‘katlar solishingiz mumkin. Natijada S, V1, V2, karotin, foliy va pantoten kislotalariga boy bo‘lgan ajoyib sharbat tayyor bo‘ladi. Tarvuz urug‘i teri holatini yaxshilaydi va yallig‘lanishga qarshi samarali vosita vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari u temir, rux, oqsillarga boy.
Tarvuzni 91 foiz qismi suvdan iborat. Bundan tashqari u kam kaloriyali poliz mahsuloti hisoblanadi. 100 gr tarvuzda atigi 38 kaloriya mavjud.
2 karch tarvuz iste’mol qilish sizning ko‘zingiz va fikrlash qobiliyatingiz uchun juda foydalidir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tarvuzning mazali mevasida A va V6 vitaminlarining mavjudligi birinchidan ko‘zning turli infeksiyalardan himoya qilib, tiniq ko‘rishini ta’minlasa, ikkinchidan xotirani mustahkamlab, fikrlash tezligini oshiradi.
Inson organizmi ultrabinafsha nurlariga qarshi kurash olib borishiga bir nechta mahsulotlarni o‘rni beqiyosligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Tarvuz ham aynan shu mahsulotlar qatoriga kiradi. Unda likopin moddasining mavjudligi turli nurlanishga qarshi kurashishda yordam beradi.
Yangi tarvuzda 5-13 foizgacha yengil birikadigan qand mavjud. Tarvuz kesilganda fruktoza va glyukozalari umumlashadi. Saxaroza (qand) bunga qaraganda kechroq hosil bo‘ladi. Shuning uchun qandli diabetga chalinganlarga barra kesilgan tarvuzdan kam miqdorda iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Tarvuz ovqat hazm qilish faoliyatini yaxshilaydi, yurak-qon tomir tizimi hamda buyrak va jigarni tozalaydi. Tanadan xolesterinni chiqarib tashlashga yordam beradi. Toshlar bilan bog‘liq muammolari bor bemorlarga tarvuzni ko‘proq yeyish tavsiya qilinadi. Agar sizda tarvuz iste’mol qilmaslik uchun jo‘yali sabab bo‘lmasa, u holda kundalik yegulikda 2-3 kg tarvuz yeyishni maslahat beramiz.
Tarvuz eng bezarar poliz mahsuloti sanaladi. Chunki uning qattiq po‘stlog‘i turli zararli moddalarni tashqi muhitdan kirishiga yo‘l bermaydi. Ayniqsa so‘nggi yillarda tarvuzni yetishtirish bir muncha ortdi. Unda turli zararli moddalar bor yo‘qligini hamma ham bilavermaydi. Tarvuz "sog‘lom"ligini aniqlash uchun, tarvuzni mevasidan ozroq kesib toza suvga solamiz, suv biror soatlardan keyin rangida xiralik paydo bo‘lsa, unda hammasi joyida, agar solingan suv yorqin pushti, qizil va sap-sariq tusga kirsa, u holda tarvuzdan voz kechganingiz ma’qul.
Tarvuzni qanday tanlash mumkin?
Internet ma’lumotlari asosida
Ne’mat Musayev
tayyorladi
Pokistonning ommabop “Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Urdu tilida namoyish qilingan mazkur teleloyiha I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ishtirok etgan “Discover Pakistan” ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan.
Unda forumning asosiy natijalari, uning xalqaro ahamiyati va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlari xususida so‘z yuritildi.
Efir davomida forum turli mamlakatlardan kelgan taniqli olimlar, dinshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir maydonga jamlagan nufuzli xalqaro muloqot platformasi sifatida e’tirof etildi. Muallif ta’kidlanganidek, anjuman diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ma’rifiy islom g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, ekstremizm va radikalizmga qarshi ma’naviy-ma’rifiy yondashuvlarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.
Ko‘rsatuvda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda islom madaniyati va sivilizatsiyasiga oid boy merosni xalqaro maydonda targ‘ib etish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Samarqand, Toshkent va Termiz kabi ilm-fan markazlarining jahon islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Ko‘rsatuvda forum ishtirokchilari bo‘lgan bir qator xorijiy olimlarning intervyulari ham o‘rin olgan. Xorijiy ekspertlar mazkur forum mamlakatlar va turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
Teledastur boshlovchisi aytganidek, forum doirasida qabul qilingan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda va ular ilm-fan, ta’lim va madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi. “O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati hamda xalqaro muloqot maydonlarini tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi”, – deya ta’kidlagan muallif.
“Discover Pakistan” telekanali orqali efirga uzatilgan mazkur ko‘rsatuv Pokiston jamoatchiligini O‘zbekistonning boy ma’naviy-ma’rifiy merosi va I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati