Inson ota-onasiga muomala qilishda bir qancha odoblarga rioya qilishi lozim. 1. Ota-onaga xizmat qilishni va ularni hurmat qilishni inson o‘ziga farz deb bilish kerak. 2. Molu dunyosini ulardan darig‘ tutmasligi kerak. 3. Ota-onaga qilgan xizmatini minnat qilmaslik kerak. 4. Ota-onaning yuziga tik boqmaslik kerak, ular bilan gaplashganda ham farzand boshini xam qilib gapirishi lozim. 5. Farzand ota-onasining chaqirig‘iga tez javob berishi lozim. Farzand namoz o‘qiyotgan vaqtda ota-onasi chaqirsa, javob berishi mumkinmi? Agar farzand nafl namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, namozni buzib, ota-onasining chaqirig‘iga javob beradi va namozni qaytadan o‘qib oladi. Ammo farz yoki vojib namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, buzmaydi.
6. Farzand ota-onasi bilan muoamala qilayotgan chog‘da yuzini burishtirmasin. 7. Gunoh bo‘ladigan ishlardan tashqari ularning barcha buyruqlariga itoat qilsin. 8. Farzand ular bilan so‘zlashganda, shuningdek, ular huzurida boshqalarga ham baland ovozda gapirmasligi lozim. 9. Ota-onasining ijozatisiz safarga bormasin. 10. Doim ularni xursand qilish payida bo‘lsin. 11. Ularga qilgan ehson va yaxshiligini ikkinchi ibodat deb bilsin. Zero jannat onalar oyog‘i ostidadir.
Qarindosh urug‘lar bilan muoamala qilganda quyidagi yettita odob shartlariga rioya etish lozim bo‘ladi. 1. Qarindosh urug‘lar bilan do‘stlik, aloqa va tez-tez xabar olishni odat qilish kerak. Bu narsa inson umrini ziyoda qiladi. 2. Molu dunyosi bilan qarindosh urug‘larga yordam berib tursin. 3. Xursandchilik va g‘am-tashvishlarida ularga sherik bo‘lsin. 4. Yordam zarurati tug‘ilganda qo‘lidan kelganicha yordamini ayamasin. 5. Qarindosh urug‘lar qancha jafo qilsalar ham, javobini vafo bilan qaytarsin. 6. Ularning dushmanlari bilan murosa qilmasin. 7. Ularning moliga qasd va tama qilmasin, aks holda o‘zi benomus va qadrsiz bo‘lib qoladi.
Qo‘shnilar bilan muoamala qilish odoblari o‘n to‘rttadir. 1. Qo‘shnilarga doim iltifotli va mehribon bo‘lish. 2. Qo‘shnilardan nasihat va yaxshilikni darig‘ tumasligi kerak. 3. Agar qo‘shnisidan yomonlik ko‘rsa ham sabr qilib, uni beobro‘ qilmasin. 4. Qo‘ldan kelganicha qo‘shnisiga yordam va himoya qilsin. 5. Inson og‘irligini qo‘shnisiga tashlamasligi kerak, balki uning yukini ko‘tarishga harakat qilsin. 6. Agar qo‘shnisining biror hojatini chiqarsa, unga minnat qilmasin. 7. Agar qo‘shnidan biror foyda yetsa, shukr qilsin. 8. Agar kishiga qo‘shnisidan biror nuqson yetsa, shikoyat qilmasin. 9. Qo‘shni agar kambag‘al bo‘lsa, imkonqadar yordam bersin. 10. Agar qo‘shni biror narsa so‘rasa, ochiq yuzlik bilan bersin. 11. Suv, tuz va o‘tin kabi narsalarni undan darig‘ tutmasin. 12. Qo‘shnining yosh bolalarini erkalatsin. 13. Ta’ziya kunlarida ta’ziya bildirsin va xursandchilik kunlarida qo‘shnisini muborakbod qilsin. 14. Agar qo‘shnining tomorqasiga uning uyi tomonidan suv o‘tadigan bo‘lsa, suv yo‘lini doim ochib qo‘ysin.
Qo‘shnilar uch turga bo‘linadi – qarindosh qo‘shni, begona qo‘shni va g‘ayridin qo‘shni. Bilingki, qarindosh bo‘lgan qo‘shnining sizda uchta haqi bor – qarindoshlik haqi, mo‘minlik haqi va qo‘shnilik haqi. Qarindosh bo‘lmagan qo‘shnining ikkita haqi bor – mo‘minlik va qo‘shnichilik haqlari. G‘ayridin qo‘shnining bitta haqi bor – qo‘shnichilik haqi. Shuning uchun qo‘shni g‘ayridin bo‘lsa ham, u bilan yaxshi muoamalada bo‘lish zarur. G‘ayridin qo‘shnilarga mana shunday go‘zal muoamala qilinsa, ularning musulmon bo‘lishi ham ajab emas. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam g‘ayridinlar bilan go‘zal muoamala qilar edilarki, agar yomon maqsad bilan kelgan bo‘lsa ham, iymon keltirib qaytar edi.
Qarindosh bo‘lmagan insonlar bilan quyidagi oltita muoamala odoblariga rioya etishlari lozim. 1. Hech kimga haqorat nazari bilan boqmasligi kerak. 2. Ularning suhbati va so‘zlariga orasiga kirmaslik kerak. 3. Boshqalarning nojo‘ya ishlari va so‘zlaridan o‘zingni g‘ofil tut, ya’ni sabr qilib, o‘zingni bilmaslikka sol. Agar biror kishidan senga, diningga va yo millatga nisbatan noo‘rin hatti-harakatni ko‘rsang, nasihat qil. Bu xususda hadisi sharifda “Kimki bir nomaqbul ishni ko‘rsa, bas uni qo‘li bilan to‘xtatsin va agar qo‘li bilan to‘xtata olmasa, tili bilan qaytarsin, agar qo‘li bilan ham qaytara olmasa, bas dili bilan o‘sha ishni yomon ko‘rsin. Lekin qo‘li va tili bilan qaytara olmay, dili bilan yomon ko‘rishi iymonning zaifligidan dalolatdir”, deyilgan. 5. Barcha xalqqa nisbatan doimo mehr-shafqatli bo‘lish kerak. 6. Ulardan biror kishini to o‘zingga beg‘arazligini bilmasang, suhbatingga yaqin tutma.
Soatmurod Primov
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati