بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining tashabbusi bilan joriy yilning avgust oyi masjidlarimizda buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hayotlarini va u zotning “Al-adab al-mufrad” (Odoblar xazinasi) asarlarini o‘rganish oyligi deb e’lon qilindi. Bu bejizga emas. Muhaddislar sultoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining «tabibi», nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish «Sahihi Buxoriy» nomli hadislar to‘plamini tuzgan bu ulug‘ alloma, imomud-dunyo, olimlar peshvosining nomi butun dunyoda mashhur va ma’lum. Mamlakat rahbari haqqoniy ta’rif berganidek, «Imom Buxoriy hazratlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxr-iftixoridir. Bu tabarruk zotning hayoti tom ma’nodagi ilmiy va insoniy jasorat, bukilmas iroda, so‘nmas e’tiqod timsolidir».
Muhtaram Yurtboshimiz Imom Buxoriy hazratlarining “Al-adab al- mufrad” (Odoblar xazinasi) asari haqida alohida ta’kidlab shunday tavsiya berdilar: “Birinchi navbatda farzandlarimizni yuksak bilim va ma’naviy fazilatlarga ega qilib tarbiyalashimiz lozimligi, ularga biz uchun muqaddas bo‘lgan Islomning mohiyatini, uning tinchlik, yaxshilik, mehr-shafqat, hamjihatlik dini ekanini to‘g‘ri tushuntirib berishimiz kerak. Imom Buxoriy bobomizning asarlari “Al-adab al mufrad” kitobida yoshlarga ibrat va namuna bo‘ladigan o‘gitlar borligi, bunday nodir asarlar, odob-axloq asoslariga bolta uradigan, “ommaviy madaniyat” kabi illatlarga qarshi kurashishda qo‘l keladi. Mana shunday noyob merosimizni el-yurtimizga, farzandlarimizga yetkazishda men ulamolarimiz, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollarimiz, mahalla faollari, ziyolilar, keng jamoatchiligimiz yanada faollik ko‘rsatishini istardim».
Imom Buxoriy hazratlarining "Al-Adab al-mufrad" (Odoblar xazinasi) asari ilm ahli o‘rtasida juda mashhur va mo‘tabarli kitob bo‘lib hisoblanadi. Imom Buxoriy bu kitobda 1322 ta odob-axloqqa doir hadisi sharifni 644 bobda rivoyat qilganlar. Aksariyat olimlarining qayd etishlariga "Al-Adab al-mufrad" kitobi odob va axloq haqidagi Rasululloh alayhissalomning odoblarini o‘zida jamlagan va islomiy, insoniyat tartib qoidalarini targ‘ib etadi.
Imom Buxoriyning bu muborak asarlari o‘z mavzusiga muvofiq ota-onani hurmat qilish va ularga yaxshilikda bo‘lish, ularga aslo oqq bo‘lmaslik, ota-ona duosini olish, ularga silai rahm qilish, qarindosh urug‘lar bilan chiroyli munosabatda bo‘lish, farzandlar tarbiyasi, ularga rahm-shafqatli bo‘lish haqida, qo‘ni-qo‘shnilar haqi, odamlarga ochiq chehrada muomala qilish, miskin va bechoralarga yordam berish, ziyorat qilish odoblari haqida, odamlarga ozor bermaslik, bemor kishilarni ko‘rishga borish haqidagi hadisi shariflar zikr etilib, ularga chiroyli usullarda sharh bitilgan. Xulosa qilib aytganda ushbu kitobni o‘qish, o‘rganish orqali odob-axloq haqidagi tushuncha va tasavvurimiz kamolatga yetadi. Bu kitob oilalarda farzand tarbiyasi va ularni barkamol inson bo‘lib yetishishlarida muhim dasturul amal bo‘lib qoladi.
Hadis ilmida “mo‘minlar amiri” unvonini olgan ulug‘ muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Ahnaf ibn Bardazbih al-Jo‘fiy al-Buxoriy Movarounnahrning eng ko‘hna va go‘zal shaharlaridan Buxoroi sharifda, hijriy 194 yil ramazon oyining o‘n uchinchisida, juma kuni tavallud topdilar.
Imom Buxoriy butun hayotlarini, intilish va harakatlarini hadis ilmiga baxshida etgan edilar. Juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarda esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, yo o‘zlari shogirdlarga hadis aytayotgan, yo yolg‘iz o‘tirib, qo‘lda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib o‘tirgan holda ko‘rar edi. U kishining har bir kuni ilm oluvchi, ta’lim beruvchi va kitob ta’lif qiluvchi maqomida o‘tardi. Bularning guvohi bo‘lgan shogirdlari Ibn Abu Hotim bunday deydi: “Buxoriy bilan safarda birga bo‘lib, bir uyda tunashga to‘g‘ri keldi. O‘shanda shuning guvohi bo‘ldimki, u kishi bir kechaning o‘zida o‘n besh martadan yigirma martagacha uyg‘onib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirog‘ini yoqar, to‘plagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qo‘yar edi. So‘ng chiroqni o‘chirib, boshini yostiqqa qo‘yar edi”.
Imom Buxoriyning hadis yodlash qobiliyatlari, zehnlarining o‘tkirligi tillarda doston bo‘lib ketgan edi. U kishi o‘zlarining shoh asarlari bo‘lmish “Jome’us-sahih” ta’lif qilish oldidan jami olti yuz ming, shundan yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g‘ayri sahih hadisni yod olganlarini zikr etgan edilar. U kishi “Sahih”ga biror hadis qo‘shish oldidan g‘usl qilib, so‘ng hadisni yozar edilar. Hadis ilmi ravnaqi yo‘lidagi buyuk xizmatlari uchun “Imomud-dunyo” (Dunyo imomi) maqomiga musharraf bo‘lgan edilar.
Islom dunyosida Qur’oni karimdan keyingi eng katta e’tiborni imom Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih" kitoblari qozongan. Hadislarning diqqat bilan tanlangani, mukammal tartibga ega ekani e’tiborni qozonganiga sabab bo‘lgandir. Hofiz Shamsiddin Zahabiy "Tarixul Islom" kitobida quyidagilarni yozadi: "Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih"i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulug‘ va afzal kitobidir. Hozirgi kunda bu kitob odamlar uchun eng oliy sanaddir. Uni eshitish oliy maqom ekanidan o‘ttiz yildan buyon xursand bo‘lib yuradilar. Bugun qanday bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering. Agar bir odam bu kitobni eshitish uchun ming farchax yo‘l yursa, safari zoye bo‘lmaydi".
Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, Imom Buxoriy hazratlari jisman nozik, ozg‘in, o‘rta bo‘yli, nafsini bir maromda ushlagan, taomni juda kam iste’mol qiladigan fazilatli, tamkinli insonlardan edilar. U kishining zuhdi-qanoati va taqvosi hammaga ibrat edi.
Imom Buxoriy nafs riyozati, to‘g‘rilik va halollik bilan ziynatlangan va tanilgan edilar. Halollik yo‘lida har qanday mashaqqatni zimmaga olardilar. Hayotlarining eng og‘ir damlarida ham birovdan bir narsa so‘ramas, odamlar minnatidan yuzlarini sarg‘aytirmas edilar. Ochlikning qiynoqlariga chidab, ko‘kat yeyish yoki suv ichish bilan chora topardilar. Vaholanki, Abu Abdulloh hayotda boy odam edilar, otalaridan juda katta mol-davlat meros qolgan edi. Ammo u kishi oxiratdagi hisob-kitobda mas’ul bo‘lmaslik uchun dunyo ne’matlaridan voz kechgan edilar. Buxoriyning o‘zlari aytishlaricha, har oyda besh yuz dirham foyda olganlar va hammasini ilm yo‘lida sarflab yuborganlar. “Chunki bu sarfiyot Alloh yo‘lidan bo‘lgani uchun yaxshi va boqiy qoluvchi sarfiyotdir”, deganlar.
Imom Buxoriy go‘zal xulqli, hamma yoqtiradigan odam bo‘lganlar. Muhammad ibn Abu Hotimning aytishicha, Imom Buxoriy bunday deganlar: “G‘iybatning haromligini bilganimdan buyon biror kishini g‘iybat qilmadim. Allohga ro‘baro‘ bo‘lganimda biror kishini g‘iybat qilmaganim haqida meni hisob-kitob qilmasligidan umid qilaman”. Bir gal Abu Ma’shar ismli bir ojiz kishining beixtiyor qilgan qilig‘iga qarab tabassum qilib qo‘yganlari uchun borib undan kechirim so‘raganlar. Boshqa bir payt kamon otishni mashq qilayotganlarida otgan o‘qlari o‘sha joydagi ko‘prikning qozig‘iga tegib, uni sindirib qo‘ydi. Shunda u kishi shogirdlaridan birini pul bilan jo‘natib, ko‘prik egasidan uzr so‘rash va ko‘prikni tuzatish xarajatiga pulni olish taklifi bilan jo‘natdilar. Ko‘prik egasi Imomga bo‘lgan hurmatidan evaz olmay, uni o‘zi tuzatib qo‘yishga va’da berdi. Shunda Imom azbaroyi xursand bo‘lganlaridan shu kuni shogirdlarga besh yuz hadis o‘qib berdilar va uch yuz dirham sadaqa qildilar.
Imom Buxoriyning Alloh taologa bo‘lgan imon-ishonchlari botinu zohirlaridan yaqqol ko‘rinib turar edi. Ibodatda butun qalblari, har bir a’zolari bilan xushu’-xuzu’da, ixlos bilan Allohning O‘ziga yuzlanar edilar. Doimo Qur’oni karimni tilovat qilardilar. Alloh taologa duolari ijobat edi.
Imom Buxoriy hazratlari o‘zlaridan ulkan ilmiy meros qoldirdilar. Yosh bo‘laturib, dunyoga mashhur asarlarni yozdilar. Xatib Bag‘dodiy Imom Buxoriyning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “O‘n sakkiz yoshga yetganimda sahoba va tobeinlarning masala va qavllarini tasnif qila boshladim... O‘sha paytda “Kitobut-tarix”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganman”. Imom Buxoriyning jami asarlari yigirmadan oshadi. Ular orasida “Kitobut-tarix”dan tashqari odobga oid bir ming uch yuzdan ortiq hadisni jamlagan “Adabul-mufrad” (Odoblar xazinasi) alohida o‘rin tutadi. Bulardan tashqari, “Kitobus-sunan fil fiqh”, “Xalqu af’olul-ibod”, “Zuafous-sag‘ir”, “Al-Asmo’ va kuno”, “Birrul volidayn”, “Jome’ul-kabir”, “Musnadul-kabir”, “Tafsirul-kabir”, “Kitobul-ilal” kabi yirik asarlar bor. Bular ichida ko‘p jildli (masalan, qo‘lyozma holidagi “Sultoniya” nashri to‘qqiz jilddan iborat) “Jome’us-sahih” kitobi bu asarlarning gultoji, hadis kitoblarining eng a’losi va mukammali, Imomning shoh asarlaridir.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning vafotlari hijriy 256 (milodiy 870) yil ramazon hayiti kechasida bo‘ldi, hayit kuni peshin namozidan so‘ng dafn etildi. Fano dunyosida o‘n uch kuni kam oltmish ikki yil umr kechirdilar. Alloh taolo u zotni rahmati va rizvoni bilan o‘rab olsin hamda nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarning yonidan joy bersin!
Muhtaram jamoat! Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizga chinakam e’tibor va izzat-e’zoz boshlanib, yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab ulug‘ olimlar qatorida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining hayotlari va boy ilmiy meroslarini qizg‘in o‘rganishga kirishildi. 1998 yili Imom Buxoriy rahmatullohi alayh tavalludining 1225 yillik to‘yi mamlakatimizda keng nishonlandi. U kishining “Al-Jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, katta nusxada nashr qilindi. Mamlakatning eng katta Islom o‘quv yurti bo‘lmish Islom ma’hadi, bir necha jome’ masjidlari Imom Buxoriy nomlari bilan ataladi. 2008 yili Prezidentimiz farmoni bilan Samarqandning Xartang qishlog‘ida Imom Buxoriy merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro Markazi tashkil etildi. Xalqimizning u zotga bo‘lgan eng ulkan ehtiromi va minnatdorligi Imom Buxoriy dafn etilgan go‘shada muhtasham majmuaning barpo etilishi bo‘ldi. Majmua tarkibida Imom Buxoriyning maqbaralari, katta jome’ masjidi, muzey va boshqa inshootlar barpo etildi. Majmuaning loyihasidan tortib uning qurib bitkazilishigacha bo‘lgan barcha ishlar Yurtboshimizning e’tiborlarida va diqqat markazlarida bo‘ldi. Mana shuning o‘ziyoq mamlakat rahbarining Imom Buxoriyga bo‘lgan chuqur ehtiromi va e’zoz-izzatini ko‘rsatib turibdi. Hozirgi paytda dunyoning hamma joyidan Imom Buxoriy ziyoratiga kelgan muxlislarning keti uzilmaydi. Bir vaqtlar birovga ko‘rsatishga ham xijolat bo‘lingan xaroba joylar bugun butun Islom olamining mashhur ziyoratgohiga aylandi. Bularning hammasi buyuk vatandoshlariga minnatdor avlodlarning ulug‘ ehtiromi va muhabbati samarasidir.
Muhtaram jamoat! Kelgusi juma mav’izamizda buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning "Al-Adab al-mufrad" (Odoblar xazinasi) nomli hadis kitoblarida rivoyat qilgan Payg‘ambarimiz alayhissalomning odob-axloq haqidagi hadisi shariflarini o‘rganamiz. Inshaalloh.
Alloh taolo buyuk vatandoshimizni O‘zining rahmat va mag‘firati bilan chulg‘ab olsin va ilm yo‘lidagi ulug‘ xizmatlarini oxiratda o‘zlariga zaxira aylasin, omin!
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!